Salomatlik

Astma – bir umrlik tashxis emas!

Bronxial astma – bronxlarning allergik yoki infeksion sabablarga ko‘ra yallig‘lanishi kasalligi hisoblanadi. Surunkali xastalik potogenezida bronx shilliq qavatlarining shishishi, bronxlar shilliq ishlab chiqarishining kuchayishi va bronx devorlarining torayishi kabi holatlarni ko‘rish mumkin. Kasallik o‘z vaqtida muolaja qilinmasa, astma xurujlari kelib chiqadi. Xo‘sh, bronxlar yallig‘lanishidan qanday himoyalanish mumkin? Bugun shu haqida.

Mutaxassis: Fotima Yuldasheva, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor

ATROFIMIZ TO‘LA ALLERGENLAR?!

Bronxial astma yuzaga kelishining asosiy sabablaridan biri allergenlar hisoblanadi. Allergenlar to‘rt asosiy guruhga bo‘linadi, bular: oziq – ovqat, uy - ro‘zg‘or (uy changi kanasi, u asosan par yostiqlar, yumshoq ko‘rpachalar, xullas chang yig‘iladigan barcha anjomlarda “yashaydi”), epidermal allergenlar (uy hayvonlarining yungi va ularning hayot faoliyati jarayonidagi mahsulotlari), o‘simlik allergenlari (o‘tlar, butalar, daraxt gullari changlari) dir.

Sovuq havo, virusli infeksiya, jismoniy zo‘riqish, ruhiy tushkunlik, o‘tkir hidlar – bular allergen hisoblanmaydi. Ammo shunday bo‘lsa-da, ular astma hurujini keltirib chiqarishi mumkin.

Bronxial astma bilan og‘rigan bemorda sezgirlik kuchli bo‘ladi. Hatto oddiy ko‘ringan kir yuvish kukunidan foydalanish ham astma xurujining kelib chiqishi uchun yetarli asos bo‘ladi.

Xastalik kelib chiqish sabablari orasida nasliy moyillik ham bor. Xususan, atopik, ya’ni allergik bronxial astmada irsiy omillar birinchi o‘rinda turadi. Ota-onaning birida astma mavjud bo‘lsa, tug‘ilajak farzandda xastalikning ehtimoliy darajasi 20-30 foizni tashkil etadi. Bordi-yu, ota-onaning ikkisi ham astma bilan kasallangan bo‘lsa, nasl surish ehtimoli 75 foizni ko‘rsatadi.

“NAFAS OLIShGA QIYNALYaPMAN...”

Odatda, bronxial astmaga chalingan bemor nafas siqilishi, hushtaksimon tarzda nafas olish, ko‘krak ustida og‘irlik, yo‘taldan bezovta bo‘ladi. Bronx yo‘llari shishadi va bronxlar shilliq qavati (ichki qismi) shishishi tufayli nafas og‘irlashadi. Kasallik mavsum o‘zgarishlarida ayniqsa avj oladi. Xususan, allergenlar ta’siri faollashgan bahor va kuz oylarida astma xurujlari ko‘payadi.

Bronxial astmada bemor nafas chiqarishga qiynaladi. Xuruj yo‘tal tutishi bilan birgalikda kelib, bronxlar ichki yuzasini qoplab turgan balg‘am chiqarib tashlangach, bemor ahvoli yengillashishi mumkin. Kasallik xurujida o‘pka alveolalarida gazlar almashinuvi keskin susayadi. Bu esa organizmning kuchsizlanishi va taxikardiya (yurak tez urib ketishi) ni keltirib chiqarishi ehtimoli bor.

Shuni unutmangki, jismoniy zo‘riqish, sovuq havo, infeksiyali kasalliklar kasallik zo‘rayishiga olib keluvchi omillar sanaladi.

“BOLAJONIM BRONXIT BO‘LDI...”

Sun’iy ovqatlantirish, irsiy moyillik, onaning noto‘g‘ri taomlanishi yoki boladagi yuqori nafas yo‘llarining surunkali allergik kasallanishi – go‘daklarda bronxial astmani keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, diatez, quloq orqasi terisining bichilishi – chaqaloqda allergiyaga moyillik mavjudligini anglatishi mumkin.

Bir yoshdan oshgan bolalarda esa zamburug‘lar yoxud atrof-muhitdagi allergenlar ta’sirida kasallik alomatlari paydo bo‘ladi. Allergik reaksiyaga sezgir bolalar odatda burun bitishi, tomoq qichishishi (yo‘tal), aksirish va burundan rangsiz ajralma kelishidan bezovta bo‘lishadi. Bu boladagi allergik kasalliklar belgisi bo‘lishi mumkin. Agar ota-ona farzandidagi o‘zgarishlarga diqqat qilsa, astmaning oldini olish mumkin. Bordi-yu, yo‘tal xurujlari faollashib, tunda ham kuzatilsa, allergolog shifokor ko‘rigi shart.

QANDAY TEKShIRUVLAR O‘TKAZILADI?

Shifokor kasallikka tashxis qo‘yishda, bemor bilan suhbatlashib anamnez yig‘adi. Oila a’zolarida allergiya bor-yo‘qligi, mehnat faoliyati turi, surunkali kasalliklar – barchasi to‘liq o‘rganiladi. Mutaxassis burun va o‘pka rentgenini o‘tkazishi mumkin. Shuningdek, tashqi nafas funksiyasini aniqlashga doir tekshiruv ham bajariladi. Tibbiy xulosa xastalikka aniq tashxis qo‘yish hamda kerakli davo choralarini belgilash uchun xizmat qiladi.

OLDINI OLISh MUMKIN!

Birinchi navbatda allergenlar miqdorini kamaytirish yoki imkon qadar ular bilan “uchrashib” qolishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Uy sharoitida har kuni ho‘l latta bilan chang artish, xonani shamollatish, o‘zida chang yig‘uvchi jihozlar (yumshoq mebel, gilam) ni xonadan chiqarib tashlash, kitob saqlanadigan jovonlarni oyna bilan to‘sish lozim. Supurish, chang artish kabi yumushlar astma bilan xastalangan kishilar uchun tavsiya etilmaydi. Mabodo buning iloji bo‘lmasa, niqob bilan nafas yo‘llari to‘silishi darkor. Uy tozalashda zamonaviy, suv bug‘ida ishlaydigan changyutgichlardan foydalangan ma’qul.

Uy hayvonlari yungi, qazg‘og‘iga allergiya kuzatilganida, jonivorlarni xonadonda saqlamaslik tavsiya etiladi. Bronxial astmani keltirib chiqaruvchi allergenlar turi vaqt o‘tishi bilan kengayib boradi. Misol uchun, hayvon yungiga allergiyasi bor bemorda keyinchalik uy changiga allergiya paydo bo‘lishi mumkin. Yoki aksincha.

O‘simlik changlariga allergiya mavjud bo‘lgan hollarda o‘simliklarning gullash davrini bilib qo‘ygan ma’qul.

Oziq-ovqat mahsulotlariga allergiya kuzatilganida esa asosiy shart – parhezga rioya etishdir. Shu bilan birga oshqozon – ichak tizimi kasalliklarini o‘z vaqtida davolash, disbakteriozga yo‘l qo‘ymaslik lozim.

Astma kasali bo‘lgan bemor hamisha allergenlar qurshovida bo‘ladi. Oddiy misol – uy changidan butunlay xalos bo‘lish imkonsiz. Shu bois bemor bronxlarini himoya qila bilishi kerak. Buning uchun yuqori samarali maxsus dorilar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular bronx devorlari yallig‘lanishini pasaytirib turadi.

Manba: Darakchi.uz