Kutubxona

Ayolingni asra xalqim yoki ayollar mardikor bozori haqida

Ayolini qadrlagan xalqning ertasi buyuk bo‘ladi. Farzandlar ta’lim tarbiyasida, ularni odobli, ikromli, elga munzur bo‘lib yetishishlarida oilada ayolning o‘rni beqiyos. Davlatimiz mustaqillikka erishgach jamiyatda xotin-qizlarning o‘rnini oshirish, ularni xuquq va manfaatlarini ximoya qilish masalasi davlat siyosati darajasigacha ko‘tarildi va bu masala yurtimiz siyosatining ahamiyatga molik masalalaridan biriga aylandi. Shu maqsadda 1991 yil 23 fevral kuni Respublikamizda birinchi marotaba O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi tashkil etildi.

Diniy kitoblarni varaqlaganda xam ayollarga hurmat ko‘rsatish, ularni asrab-avaylash, ularga nisbatan g‘amxo‘rlik qilish singari bir qator ma’ruza va mavzularga duch kelasiz. Bu xaqida din ulamolarining o‘zlari fikr yuritgani ma’qul. Bugun ushbu maqola orqali jamiyatimizdagi eng og‘riqli mavzulardan biriga murojaat qilmoqchimiz. Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoq degan narsa shu darajada rivojlandiki, odamlar dunyoda va yurtimizda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni o‘z uylaridan chiqmasdan turib, o‘tirgan joylarida internet tarmoqlarida tarqatilayotgan ma’lumotlar orqali bilib olishlari mumkin bo‘lmoqda. Internetda ana shunday tarqatilayotgan mavzularning aksariyati ayollar, xotin-qizlar, ularning muammo va kamchiliklari, qo‘pol bo‘lsa-da, aytish mumkinki, xo‘rlanganliklari bilan bog‘liq bo‘lib turibdi. Ayniqsa, so‘nggi oylarda Samarqandda ayollar o‘limi va xo‘rlanganliklari bilan bog‘liq ikkita xolat nafaqat internetdagi faol fuqarolarni balki barchamizni larzaga soldi, desak hech adashmagan bo‘lamiz. Keng jamoatchilik nazorati bilan har ikki holatda ham adolat qaror topishiga erishildi. Shu o‘rinda bu jamoatchilik nazorati degan narsada xam ko‘p va xo‘p gap borligini aloxida e’tirof etib o‘tmoqchimiz. Endi esa shu jamoatchilik e’tiboriga tortiladigan yana bir holat xaqida aytib o‘tsak.

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida O‘qchi degan qishloq bor. Bu yerning aholisi, asosan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Ular asosiy daromad manbaini xam shu dehqonchilik, bog‘dorchilik orqali olishadi. Boshi-boshiga ulanib ketgan mevazor bog‘larni shu yerda uchratishingiz mumkin. Hududning Tumanbotir MFYsidagi soy bo‘yiga borib qolsangiz, har kuni bu yerda mingga yaqin ayollarning mehnat bozoriga duch kelasiz. Xalq tili bilan aytganda mardikor bozori deya ataluvchi ushbu maskanda asosan yosh-yosh ayollar, hali voyaga yetmagan yigit-qizlar, kelinlar o‘z tirikchiliklari uchun ishga chiqishadilar. Balki majburlikdan, balki muhtojlikdan, balki yana bizga ma’lum bo‘lmagan boshqa bir sabablar orqali o‘z mehnatlarini pullayotgan bu insonlarni ko‘rib, to‘g‘risi, achinasan. Yaqinda internetda o‘qib qoldim. Respublika Xotin qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva Toshkent shahridagi Qo‘yliq mavzeidagi xuddi shunday ayollar bilan uchrashib, ular bilan huquqiy targ‘ibot ishlarini olib borganliklari xaqidagi ma’lumotlarni o‘qib qolgan edim. Respublika Xotin-qizlarining “kattasi” qilgan ishni, nahotki, quyi bo‘g‘inda o‘tirgan xodimlar bajara olmaydi. Axir, ularning ham nizomiy maqsadlari ayollarning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini himoyaga olish, ayollar bandligini ta’minlash, ularning huquqiy madaniyatini oshirishdan iborat emasmi? O‘zbekiston tumanidagi hokim o‘rinbosari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasining raisi M. Kamolovaning faoliyati kun tartibida nima uchun bunday ayollar bilan shug‘ullanish uchun vaqt ajratilmaydi? Natijasi past bo‘lgan maza-bemaza tadbirlardan bo‘sh vaqt ajratib ushbu ishlar bilan shug‘ullanish vaqti yetib kelmadimikan? Shu o‘rinda bosh vazir o‘rinbosari, Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga ham ikki og‘iz so‘z. Hurmatli Tanzilla Norboyeva. Yaqinda sizning Farg‘onaga kelganingizni eshitdim. Vodiyga tashrifingiz davomida aynan biz hikoya qilayotgan tumanda ham bo‘lgansiz. Tabiiyki, sizning tashrif buyurgan barcha joylaringiz oldindan tayyorlangan, barchasi ssenariy bo‘yicha bo‘lgan. Biroq siz e’tibor qaratishingiz muxim bo‘lgan shunday muammolar borki, bu muammolar bugun siz va bizning aralashuvimiz bilan hal etilmasa, ertaga kech bo‘ladi. Bugun u yerda mehnatini pullayotgan ayollar farzandini tarbiyalashga kech qolishadi. Ota-onadan tarbiya topmagan yoshlarning esa ertasiga ishonch yo‘qoladi. Keling! Farg‘onaga keling. O‘zbekiston tumanidagi Tumanbotir MFYsidagi soy bo‘yiga keling. Kelganingizda ham tumandagi xodimlaringizni ogohlantirmasdan keling. Belgilanmagan, oldindan tayyorlanmagan joylarga keling. Tumanda ayollar bilan bog‘liq yechimini kutib turgan bir qancha masalalar bor, shularni hal qiling. Bu yerda sizning singillaringiz, qizlaringiz o‘z mehnatlarini xo‘r qilyapti. Uch-to‘rt so‘m pul topaman, deb oiladagi burchini, ayollik vazifasini, farzandlari ta’lim-tarbiyasini unutib qo‘yishyapti. Ular maslahatga, yordamga muhtoj. Sizdek insonlar maslahatiga muhtoj. Aminmanki, agar siz kelsangiz, ularning barchasi sizni ochiq chehra bilan kutib oladi. Sizning maslahatlaringizni jon qulog‘i bilan eshitadi. Aytganlaringizga amal qilishadi. Bu ishni aslo va aslo tumanda o‘tirgan xodimingizga (O‘zbekiston tumani Xotin qizlar qo‘mitasi raisi M. Kamolovaga) tashlamang. Chunki sizning yuborgan xatingiz ularning ish stolida bir necha haftalab qolib ketishi mumkin. Chunki ularning bunday muammolarga toqati yo‘q.

Fayzullo Sultonov