Rossiyalik mashhur psixolog, psixoterapevt Mixail Litvak kitobi asosida ayolning 3 asosiy muammosini tahlil qilamiz.
Hozirgi zamon oilasini 3 ga ajratishimiz mumkin.
- Ahil er-xotin;
- Bir-biriga chidab yashaydigan er-xotin;
- Bir-biriga xayolan yoki jismonan xiyonat qiladigan er-xotin.
Demak, ahil oila deganda unda er-xotin bir-birini tushunishga harakat qiladigan oilaga aytsak, bir-biriga chidab yashaydigan oilaga bola-chaqa, uzoq yillar, qaynona-qaynota, kuchsizlik va o‘zbekchilik deb yashab kelayotgan er-xotinni kiritishimiz mumkin.
Baxtli va baxtsiz oila degan tushuncha hayotda uchramaydi. Chunki har bir oila hayot davomida baxtli va baxtsiz damlarni boshidan kechiradi.
Bir-biriga xayolida yoki jismonan hiyonat qiladigan er-xotinlar hozirgi kunda ko‘payib bormoqda. Bunday oilalarda erkak jismonan xiyonat qiladi yoki bo‘lmasa kamida ko‘chada boshqa ayollarga xavas bilan qarab yuradi. Undan tashqari shunday oilalar borki, unda xotin boshqa ayollarning eriga, topish-tutishiga, muomilasiga, ko‘rinishiga va boshqa uning uchun ijobiy xususiyatlariga xavas bilan qaraydi. O‘z eri bilan boshqaning erini solishtirib yuradi. Buni ham xayoliy hiyonat desak adashmaymiz.
Ahil bo‘lmagan oilalarning asosiy sababchisi etib Mixail Litvak ayolning 3 muammosini belgilaydi:
1. Ayol o‘z erini tarbiyalashni istaydi.
2. Uni uradigan, so‘kadigan er bilan ham muloyimgina bo‘lib yashashda davom etaveradi.
3. Aybi ko‘p erkakni hurmat qilib yashayveradi.
Ushbu muammolarni birma-bir ko‘rib chiqsak.
1. Erkak uchun ayol avvalambor malham bo‘lishi kerak. Suyanchiq, tayanchiq bo‘la oladigan ayolni erkak hurmat qiladi. Lekin yosh bolani tarbiya qilgandek eriga aql o‘rgatadigan, tuppa-tuzuk erini bir yo‘lga solishni yoki uni o‘zgartirishni maqsad qilgan ayol erkakning nafratini uyg‘otishi hech gap emas. Erkak hadeb ayolidan tarbiya ko‘raversa, u ayoliga o‘z onasidek qaraydigan bo‘lib qoladi. Uni jinsiy istamay qoladi. Undan o‘zini zaifdek his eta boshlaydi. Natijada esa, o‘z qadrini o‘z ko‘zida oshirish uchun so‘kish, qo‘pol gapirish, siltash, sovuqqon bo‘lishni boshlaydi.
2. Ayol qadrini bilmasa, hech qaysi erkak uni qadrlay olmaydi. Litvakning aytishicha, turmush qurishdan oldin ayol ham, erkak ham avvalo o‘z qadrini bila olgan bo‘lishi lozim. O‘zbek oilalarida tug‘ilgan qizning qadri juda past bo‘ladi. "Qiz tug‘ilibdi", deb, noliydigan, qizni kamsitib katta qiladigan ota-onalar juda ko‘p. Bunday oilada katta bo‘lgan qiz o‘zini qadrini bilmaydi. Er uni so‘ksa ham, ursa ham, men shunga loyiqman deb o‘ylaydi. Chidashni afzal ko‘radi. To‘g‘ri, ajrashish bilan muammo hal bo‘lmaydi. Chunki bunday ayollar ajrashgani bilan keyin erga tega olmaydi, tekkan taqdirda ham yana kamsitiladi. Chunki u hali o‘zini qadrlashni bilmaydi. Ajrashish ham kerak emas, chidash ham mumkin emas. Ayol o‘zini seva bilishi lozim. Erining so‘kishiyu, qo‘l ko‘tarishlariga chek qo‘yish yo‘lini izlashi kerak. Bunga oddiy holdek, hammani eri shunday deb, qarashi noto‘g‘ri.
3. Ichadigan, yuradigan erkak bilan indamay yashab yuradigan ayollar ham kam emas. Shu erkak bilan yashashga biron sabab bordur yashashda davom etadi. Yashayversin, lekin ichish, hiyonat qilishlariga chidash kerak emas.
U holda "Ichmang", "Yurmang" deb eriga kim ayta olar ekan? Ayta olgan taqdirda ham kim unga quloq solar ekan? Qaddi rostlangan ayol! Hurmatga sazovor ayol. Boshi egilgan, o‘zini supurgidek his etadigan, ota-onasidan yoshligida ko‘plab kamsitishlar olgan ayol emas. Erkak yonida o‘ziga ishongan, ko‘zlari chaqnab turgan, ruhan kuchli ayolni ko‘rsa, uni hurmat qila oladi.
O‘zbek ayollari esa ruhan kuchsiz bo‘lib, erkakdek jismoniy kuchi ko‘p bo‘ladi. O‘zi bemalol 20 kg kartoshkani bozordan olib kelaveradi. Bunday ayol erini ko‘zida ayolligini bora-bora yo‘qotadi. Bunday ayolning gapi erkak uchun bir tiyin bo‘lib qoladi. Erkak ichishdan, hiyonat qilishdan bosh tortishi uchun u yonidagi ayolning gapini eshita olishi kerak. Yonida haqiqatdan AYoLni ko‘ra olsa, eshitadi. Albatta eshitadi.
Dunyoning manaman degan podshohu ulamolari ayolining birgina gapi bilan butun bir davlatning siyosatini o‘zgartirib yuborgani barchaga ayon bo‘lgan tarixiy faktdir.
Nahotki, oddiy bir erkakni ayol o‘z kuchi, mehri, shirin so‘zi va ayyorligi bilan yo‘lga sola olmasa? Shuni unutmaslik kerak, bu 1 kunlik ish emas.
Ayolning ushbu 3 maummosi tufayli oilalarda ko‘plab kelishmovchiliklar yuz beradi. Oiladagi ahillik 90 foiz ayolga bog‘liq desak adashmagan bo‘lamiz. Ayol birinchi navbatda o‘ziga nazar tashlashi lozim. Lekin o‘zining aybini izlash uchun emas, o‘zidagi ayollik kuchini, ayollik qadrini, ayollik go‘zalligini topish uchun.
Yuqorida ta’kidlangan 3 muammodan holi bo‘lgan ayol oila aravasini ravon yo‘ldan olib bora oladi.