Oila parokanda bo‘lishiga sabab bo‘layotgan, totuvligiga rahna solayotgan har qanday muammoni bartaraf etish yoinki yechimini izlash ma’suliyatli vazifadir. Dardini eri, onasi hattoki dugonasiga aytishga iymangan ayollar uchun mazkur sahifa tom ma’noda sirlashuv maydoni. Tahririyatga mushtariylarimizdan kelayotgan maktublar bunga isbot bo‘la oladi.
1-vaziyat:
«Men ham ayolman...»
— Ota-onamizning xohishi bilan turmush qurdik. Erim bilan til topishish biroz mushkul kechgan bo‘lsa-da, mana 5 yildan buyon birgamiz. 4 yashar farzandimiz bor. Erimning fe’li tor, sal narsaga ham jahli chiqib ketadi. Biror ish uning ko‘nglidagidek bo‘lmasa, qo‘l ko‘tarishi ham hech gap emas. Qolaversa, qarindosh-urug‘, tanish-bilishlarning oldida ham yuzing-ko‘zing demay, mazax qiladi. Vaziyatni chuqurlashtirmay deb, tililimni tiyaman. Xizmat pog‘onasidan ko‘tarilib, maoshim erimnikidan ko‘proq bo‘lgach, oilamizdagi muammolar yanada kattalashganini sezdim. Lekin biror marta men sizdan ko‘proq pul topaman, demadim. So‘nggi vaqtlarda ishi yurishmayotganidan noliydigan va bunga asosiy aybdor deb meni ko‘rsatadigan bo‘ldi. «Sendan boshqasiga uylanganimda omadliroq, baxtliroq bo‘larmidim?» degan gaplariga-ku allaqachon o‘rganib ketganman. Eh, bu gaplar va qiliqlarga chidab yashash mumkindir, lekin... Urib, so‘kib, mazax qilgani kamlik qilganidek, kamiga yotoqxonada ham tahqirlaganiga chidolmayapman... Xafa bo‘lganim, butun badanim zirqirab og‘riyotgani, betobligim, xullas, hech narsa hattoki hayz kunlarim ham uni qiziqtirmaydi. Kuch bilan o‘z ehtiyojini qondirishni istaydi. Men ham ayolman, sevib-sevilishni, suyganimdan mehr ko‘rishni istayman. Shundoq ham qil ustida turgan turmushimiz, borgan sari jarlikka qulab ketmoqda...
N., 29 yosh.
2-vaziyat:
«Faqat o‘zini o‘ylaydi, meni esa»
— So‘nggi uch oyda qiyin davrni boshimizdan o‘tkazayapmiz. Bir zum ham halovatim yo‘q, tushkunlikka tushib qolganman. Qo‘lim ishga bormaydi, ko‘nglimga hech narsa sig‘maydi. O‘zimni majburlab, bolalarim och qolib ketadi deb zo‘rg‘a ovqatga unnayman, fikru xayolim o‘sha muammolar bilan band. Ular o‘z yechimini topsagina, xotirjam bo‘lsam kerak. Meni hayron qoldirayotgani erim oilaviy muammomiz bo‘la turib, o‘zini juda bosiq tutayapti. To‘g‘ri, odatda erkaklar ichidagini tashiga chiqarmaydi, sir boy bermaydi. Lekin bizda boshqacha vaziyat, u o‘zini chalg‘itish uchun mendan foydalanadi. Alam qilgani ham shu. Bo‘sh qoldi deguncha, yotoqxonaga tortqilaydi. Ko‘nglimga qil ham sig‘mayotganini bilib tursa ham... Ko‘chada biror yengiltabiat ayolga ilakishib qolmasin deb, o‘zimni majburlab bo‘lsa-da rayiga qarshi bormaslikka harakat qilaman. Lekin sabrim qachongacha yetarkan bilmayman...
Z., 35 yosh.
«Mehr bersangiz, «erim» deydi!»
Aziz AHROROV, ruhshunos: — Kuchli jins vakillari doim ustunlikni talab etsa, ojizalar himoyada bo‘lishni istashadi. Ayollarning hissiyotga berilib, yig‘lab dardini bayon etish odatini ba’zi erkaklar tushunmaydi, ular voqeilikka real qarashadi. Jinsiy aloqa orqali erkak mehrini berish bilan bir qatorda charchoq va tushkunlikka qarshi vosita, ayrim holatlarda esa ustunligini isbotlash usuli deb qaraydi. Ayollarga maslahatim, juftingizga u oilaning va qalbingizning yagona egasi ekanligini ko‘rsating. Hurmatli erkaklar, rafiqangizning kamchiliklarini hadeb yuziga solavermang. Ijobiy jihatlarini e’tirof etishni ham o‘rganing, siz tuzatishni istagan holatlarni ham oshkor qiling. Ayolni izzat-hurmat qilsangiz, u sizni qadrlaydi. Unutmang, ayollar qulog‘i bilan sevadi. Mehr bersangiz, balki rafiqangizni o‘zi siz tomon intiladi.
«Aybni o‘zingizdan qidiring!»
Ramazon NAZAROV, oliy toifali shifokor, androlog-seksapatolog: — Odatda, ayollar bu muammoni tashqariga chiqarishga va unga qay tarzda yechim topishga qiynalishadi. Oila ajrim yoqasiga yaqinlashib qolsa hamki, andisha ustunlik qilib, mavzu yopiq qozon ichida qoladi. Biroq oila mustahkamligi, er-xotinning o‘zaro munosabatlari hamda uydagi muhitning ijobiy tusda bo‘lishining asosida jinsiy hayot ham turishini unutmaslik kerak. Murojaat egalariga bir qancha tavsiyalar bermoqchiman:
1-maslahat: odatda aksariyat ayollar ro‘zg‘or va farzandlariga butun e’tiborini bag‘ishlab, erini deyarli unutib qo‘yishadi. Bu esa oila boshlig‘iga yoqmaydi. «Endi unga kerak emasman» degan o‘y tufayli erkakning o‘ziga bo‘lgan ishonchi susayib boradi. Shundan so‘ng g‘ururi toptalgandek his qilib, alamini kimdan olishni bilmay qoladi. Natijada kelishmovchiliklar bosh ko‘taradi. Shuning uchun muammolar va bolalar qanchalar muhim bo‘lmasin, turmush o‘rtog‘ingiz va uning xohishlarini e’tiborga oling.
2-maslahat: erkaklar noliyveradigan, huda-behudaga baqiraveradigan ayollarni yoqtirishmaydi. Shu sababdan juftingizdan shirin so‘zingizni ayamang. Unga sizni bezovta qilayotgan holat va vaziyatlarni yotig‘i bilan tushuntiring. Shuningdek, jamiyatda o‘z o‘rniga ega kishi hech qachon oilasi va rafiqasiga zug‘um o‘tkazmaydi. Siz eringizning ruhiyatini ko‘taruvchi gaplar bilan uning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirishga harakat qiling.
3-maslahat: turmush o‘rtog‘ingiz sizga uylanguniga qadar yoki turmushingizning ilk yilida «baqiroq, urishqoq, tajovuzkor yoki mehrsiz» emasdi. Uning bu ahvolga kelishida balki sizning ham hissangiz bordir. Shu haqda o‘ylab ko‘ring. Mulohaza davomida siz qayerda xatoga yo‘l qo‘yganingizni topishga urining, xatoni anglagachgina, vaziyatni to‘g‘rilashning imkoni bo‘ladi.
«Oliyjanob odamgina o‘z ayoliga yaxshi munosabatda bo‘ladi»
Zilola SUYaROVA, Toshkent Islom instituti xodimi, islomshunos: — Erkak uchun uning jufti haloli Alloh taolo tomonidan berilgan omonatdir. Har bir er bu omonatni yaxshi saqlashi, o‘z ayoli bilan yaxshi hayot kechirishi, unga qo‘l ko‘tarmasligi, xo‘rlamasligi kerak. O‘zi yegan taomidan unga ham yedirib, o‘zi libos kiyganida uni ham kiyintirishi lozim. Hazrati Payg‘ambarimiz s.a.v.: «Xotinlar haqqiga tajovuz qilishdan saqlaningiz. Ular har narsada yordamchidirlar. Ularni Alloh amri bilan olgansiz. Janobi haq ularni sizga halol qilgandir», deganlar. Erkak kishi ayolini har doim sevishi va ardoqlashi lozim. Agar oilada eru xotin o‘z vazifalarini bajarishga go‘zal bir tarzda odatlansa, turmushlari xotirjam, tinch va o‘zaro ahillikda kechadi.
Ayollarning hayz kunlarida ular bilan yaqinlik qilish katta gunohlardan sanaladi. Bu Islomda harom va bu ish ikkala tarafning ham sog‘ligiga zarardir. Bunday hol yuz bergan bo‘lsa, qattiq tavba qilib, bu nomaqbul ishni takrorlamaslik uchun o‘z-o‘ziga so‘z berish kerak. Dinimiz ko‘rsatmalarida bu borada shunday hukm bor: mabodo hayzning boshlang‘ich kunlarida sodir bo‘lsa, bir oltin, oxirida sodir bo‘lgan bo‘lsa, yarim oltin miqdorda sadaqa beriladi… Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: «...to poklanmagunlaricha ularga yaqinlashmangiz» (Baqara, 222).
Shar’iy uzr bo‘lmasa, ayol kishi eri xohlagan vaqtda uning ehtiyojini qondirishi kerak bo‘ladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bir hadisda: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon er xotinini to‘shagiga chaqirsa-yu, u kelishdan bosh tortsa, uni farishtalar tong otguncha la’natlab chiqishadi», dedilar» (Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud rivoyat qilishgan).
Shar’iy uzr deyilganda, farz ro‘za tutish, hayz yoki nifos ko‘rishga o‘xshash dinda er-xotinlik munosabatini mone’lik qiladigan holatlar ko‘zda tutiladi. Zotan, er-xotin bo‘lib oila qurib yashashning imtiyozlaridan biri ham shudir. Ayol kishi eri uni to‘shakka chaqirganda bosh tortsa, ana o‘sha asosiy maqsadlaridan birini bajarishdan bosh tortgan bo‘ladi. Bu ish asta-sekin sog‘liq, mehr-muhabbat, ijtimoiy va boshqa taraflardan zararlar yetishiga sabab bo‘lib, bora-bora oilada kelishmovchiliklarni keltirib chiqaradi, hatto uning buzilishiga olib borishi ham mumkin. Shu o‘rinda erkaklar uchun eslatma sifatida Rasululloh (s.a.v) dan yana bir muborak hadisni keltirib o‘tamiz: «Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahlu ayoliga yaxshi munosabatda bo‘lganlaringizdir. Men sizlardan ko‘ra ham o‘z ahlu ayolimga yaxshiroqdirman (munosabatda). Xotinlarni yaxshi odamlargina izzat-ikrom qiladi, ularni faqat yomon odamlargina xoru zor qiladi».
Dilnoza MIRTOLIPOVA tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz