Madaniyat

Bahorda qanday oyoq kiyimlar urfga kirdi?

Mutaxassislar 2015-yil bahorida juda keng turdagi oyoq kiyimlar urfga kirganini ta’kidlamoqda. Xo‘sh, qish bo‘yi kiyaverib, bezor bo‘lgan etiklarimizni iliq havoda qanday poyabzallarga almashtiramiz?

Yangi mavsumda qulaylik birinchi o‘ringa chiqdi — ko‘pchilik moda tanqidchilari eng dolzarb poyabzallar qatoriga krossovka va slipon (ipsiz keda)ni kiritdi. O‘tgan yili bazaviy ranglar urfda bo‘lgan bo‘lsa, bu bahorda noodatiy rang-barangliklarni, yaltiroq tangachalar bilan bezatilgan slipondan tortib, osmon manzarasi tasvirlangan krossovkagacha bo‘lgan turfa poyabzallarni kiyish mumkin.

1

Agar siz sport uslubidagi oyoq kiyimlar muxlisi bo‘lmasangiz, “jiddiyroq” ko‘rinishga ega bo‘lgan, biroq qulaylikda qolishmaydigan variantlarni ko‘rishingiz mumkin. Bular avvalambor, lofer, brog va erkaklar uslubidagi boshqa poyabzallardir. Bunda ham ularning qiziqarli ranglarda bo‘lishiga e’tibor bering.

2

Shuningdek, o‘z hayotini poshnasiz tasavvur eta olmaydiganlar ham 2015-yil bahorida quruq qolmaydi. Dizaynerlar bahorning yomg‘irli kunlarida kiyish uchun zamsh botilyon, iliqroq havo uchun esa uch qismi ochiq ipli botilyonlarni tayyorladi. Bunda afzallik sovuq ko‘k, greypfrut rangi, sharob rangi, och sariq va “metallik” rangiga berildi.

3

Aziz ayollar, bu bahorda kiyish uchun Siz qanday oyoq kiyimi tanladingiz?