Salomatlik

Bahorgi avitaminozga qarshi kurashamiz

Bahor eng romantik fursatdir, zero yilning ushbu faslida tabiat uyg‘onib, his-tuyg‘ular kuchayadi, va afsuski, bahorgi avitaminoz ham yuzaga keladi. Vitamin yetishmasligi doimiy charchoq va horg‘inlikda namoyon bo‘ladi.

Avitaminoz odam organizmida bitta yoki bir nechta vitaminlar yetishmasligi holatidir. Ko‘pincha avitaminoz to‘g‘ri ovqatlanmaslikdan kelib chiqadi hamda qish bo‘yi charchagan organizm zarur vitaminlar bilan ta’minlanmagan va quyosh nuridan yetarlicha bahramand bo‘la olmagan paytda — bahor boshida ayniqsa faol namoyon bo‘ladi.

2

Avitaminoz simptomlari organizmda aynan qaysi vitamin yetishmasligiga qarab namoyon bo‘ladi.

  • Masalan, qo‘l terisi quruqshab, ko‘cha boshlasa, bu A vitamini yetishmasligini bildiradi. Bundan tashqari, ko‘rish qobiliyati yomonlashishi, ko‘z qizarishi va yoshlanishi, ishtaha yo‘qolishi, umumiy horg‘inlikning kuchayishi, soch va tirnoqlarning mo‘rt bo‘lib qolishi kuzatiladi.
  • Agar odamda B guruhidagi vitaminlar kam bo‘lsa, ko‘ngil aynishi va qabziyat yuzaga keladi.
  • S vitamini yetishmasligi esa organizmning virusli infeksiyalarga qarshi kurashuvchanligi zaiflashishi, milklar qonashi, oyoqlar og‘rishini keltirib chiqaradi.
  • Nikotin kislotasi yoki PP vitamini yetishmasa, moddalar almashinuvi va endokrin tizimining boshqa funksiyalari buziladi.

Bahorgi avitaminoz oldini olishning asosiy va yagona yo‘li — vitaminlarni ko‘paytirilgan miqdorda iste’mol qilish. Buning esa ikki xil usuli bor, ulardan biri maxsus preparatlarni qabul qilish, ikkinchisi zarur vitaminlarga boy mahsulotlarni tanovvul qilish.

3

Shifokorlar bahorda quyidagi oziq-ovqat mahsulotlariga alohida e’tibor qaratib, ularni ko‘proq iste’mol qilishni tavsiya etadi:

  • A vitamini jigar va hayvon yog‘ida, shuningdek sariq va qizil meva-sabzavotlarda ko‘p miqdorda bo‘ladi.
  • Qatiq mahsulotlari, boshoqli o‘simliklar va no‘xat B1 vitaminiga boy.
  • Sut va sut mahsulotlari, go‘sht, kalla-pocha, grechka va so‘li yormasidan tayyorlangan bo‘tqalar, shuningdek dukkakli o‘simliklar B2 vitamini defitsitini to‘ldirishga yordam beradi.
  • Baliq, tovuq va mol go‘shti, loviya, yong‘oq, shuningdek kartoshka, shirin qalampir B6 vitamini yetishmasligida yordam beradi.
  • B12 vitamini defitsitiga qarshi yog‘li baliq, go‘sht va kalla-pocha yordamida kurashish mumkin.
  • Ko‘p miqdorda S vitamini qorag‘at, na’matak, chakanda, sitrusli mevalar, ko‘kpiyoz, ko‘k no‘xat, kartoshka va olmada mavjud.
  • D vitamini defitsitini to‘ldirishda tuxum, treska jigari, yog‘li baliq va saryog‘ ko‘mak beradi.
  • >Endokrin tizimini qo‘llab-quvvatlash va organizmni nikotin kislotasi bilan ta’minlashda sut mahsulotlari, baliq, go‘sht asqotadi.

Bahorgi avitaminoz oldini olishda vitamin preparatlaridan foydalanish usuli organizmi qandaydir sabablarga ko‘ra ovqatdagi vitaminlarni o‘zlashtira olmaydigan kishilarga mos tushadi. Biroq bunday preparatlarni shifokor maslahatisiz qabul qilish yaramaydi.