Oshxona

Bayram dasturxoningizga — tortlar retsepti

Yangicha «Medovik»

Odatiy shirinlikning noodatiy ta’mi…

Zarur masalliqlar (12 kishilik): xamiriga: 450 gr. un, 100 gr. sariyog‘, 1 dona tuxum, 5 osh qoshiq asal, 2 osh qoshiq sut, 1 choy qoshiq iste’mol sodasi; kremiga: 200 ml. sut, 200 gr. sariyog‘, 100 gr. shakar, 1 dona tuxum sarig‘i, 3 osh qoshiq un; bezak uchun: 100 grammdan shakar va maydalangan yong‘oq, olcha yoki qulupnay murabbosi.

Tayyorlanishi: 1. Sariyog‘, shakar, asal, tuxum, sut va iste’mol sodasini aralashtirib, suv bug‘iga tutib turing. Olovdan olib, un soling-da, xamir qoring. Xamirni 5 bo‘lakka bo‘lib, yupqa qilib yoying va yog‘langan qoliplarga soling. Har birini 180 darajada qizdirilgan gaz pechiga 5 daqiqaga qo‘yib oling.

2. Krem tayyorlash uchun sutni un bilan aralashtirib, qaynatib oling. Keyin sovutib, sariyog‘, tuxum sarig‘i va shakar solib ko‘pirtiring.

3. Maydalangan yong‘oqni shakar bilan aralashtiring. Qog‘oz solingan qolipga terib chiqib, qizdirilgan gaz pechiga 5 daqiqaga qo‘yib oling. Keyin ezing.

4. Korjlar o‘rtasiga krem surtib, yopishtiring. Yuziga ham krem surtib, maydalangan yong‘oq seping. Keyin mevalar bilan bezang.

Tayyorlanish vaqti: 1 soat.

«Qorli cho‘qqidagi qulupnay»

Yangi yilni shirinliklar bilan kutib oling!

Zarur masalliqlar: xamiriga: 200 gr. sariyog‘, 1 stakan un, yarim stakan kakao, 4 dona tuxum, 2 osh qoshiq shakar, 2 choy qoshiq vanilin, tuz; glazur uchun: 200 gr. shokolad, 1 stakan yog‘li qaymoq; byezak uchun: qulupnay murabbosi, ko‘pirtirilgan qaymoq.

Tayyorlanishi: 1. Un, kakao va tuzni aralashtiring.

2. Tuxum sarig‘ini shakarning yarmi bilan ko‘pirtiring. Vanilin va unli aralashmani qo‘shing. Sariyog‘ni ham eritib soling.

3. Tuxum oqini tuz solib ko‘pirtiring. Qolgan shakarni qo‘shib, xamirga soling-da, yaxshilab aralashtiring. Yog‘langan qolipga xamirni solib, 25-35 daqiqaga 160 darajada qizdirilgan gaz pechiga qo‘ying.

4. Qaymoqni 1-2 daqiqaga olovga qo‘ying. Keyin shokoladni maydalab solib, yana 3 daqiqa olovda qoldiring. Yaxshilab aralashtiring.

5. Tort yuziga shokoladli glazurni surtib, ko‘pirtirilgan qaymoq va qulupnay murabbosi mevalari bilan bezating.

Tayyorlanish vaqti: 1 soatu 20 daqiqa.

«Qish ertagi»

Oila a’zolaringiz uchun eng yaxshi sovg‘a!

Zarur masalliqlar (6-8 kishilik): xamiriga: 2,5 stakan un, 1 stakan shakar, 50 gr. sariyog‘, 2 dona tuxum, 2 osh qoshiq asal, 1 choy qoshiq sirkada so‘ndirilgan iste’mol sodasi; kremiga: 2 stakan sut, 250 gr. sariyog‘, 1 stakandan shakar va maydalangan yong‘oq, 2 osh qoshiq un; bezak uchun: kokos qirindisi, marmelad, olcha yoki gilos murabbosi.

Tayyorlanishi: 1. Shakar, yumshatilgan sariyog‘, asal va iste’mol sodasini chuqurroq idishga solib, aralashtiring. 3 osh qoshiq un qo‘shing.

2. Aralashma solingan idishning qopqog‘ini yopib, suv qaynatilayotgan idish ichiga soling. Past olovda, 20 daqiqa suv bug‘iga qo‘ying. Keyin ozgina sovuting-da, qolgan un va tuxumni solib, xamir qoring. Xamirni 3 bo‘lakka bo‘lib, yoying. Yog‘langan qolipga terib, 200 darajada qizdirilgan gaz pechiga 10 daqiqaga qo‘yib oling.

3. Sutning yarmiga un soling. Qolgan sutni qaynatib, unli sutni Ham qo‘shib, yana 5 daqiqa qaynating. Xona haroratida eritilgan sariyog‘ni ko‘pirtirib, shakar qo‘shing. Keyin sutli aralashmani soling. 4. Korjlar orasiga krem surting. Ikkita korjga maydalangan yong‘oq ham seping. Keyin bir-biriga yopishtirib, uchinchi korjni qo‘ying. Tort yuzi va atrofiga ham krem surtib, kokos qirindisi seping. Marmeladni maydalab, archa shaklini yasang va olcha murabbosi mevalari bilan tort yuzini bezating.

Tayyorlanish vaqti: 1 soat.

«Archa o‘yinchoqlari»

Dasturxoningizni ajoyib pishiriqlar bilan bezating!

Zarur masalliqlar: 1 stakandan un va shakar, 4 dona tuxum, 1 osh qoshiq kakao, 2 choy qoshiq yumshatgich (razrixlitel); ichiga solishga: 0,5 l. yogurt, 200 gr. tvorog, yarim stakan shakar, 2-3 ta banan, 30 gr. jelatin; bezak uchun: qand upasi, marmelad yoki sitrus mevalar.

Tayyorlanishi: 1. Tuxumni shakar bilan ko‘pirtiring. Un, yumshatgich va kakaoni aralashtirib, tuxumli aralashmani soling. Yog‘langan aylana shakldagi qolipga solib, 180 darajada qizdirilgan gaz pechiga 35 daqiqaga qo‘ying. Pishgach, sovutib, korjni yonlamasiga ikki bo‘lakka bo‘ling.

2. Jelatinni suvga solib, 15 daqiqa iviting. Keyin suv bug‘ida eriting. Yogurtni shakar bilan ko‘pirtiring. Aylana shaklda to‘g‘ralgan banan, tvorog va jelatinni solib, ko‘pirtirishda davom eting.

3. Korjlar orasiga krem surtib, yopishtiring. Biroz vaqtga muzlatkichga qo‘yib oling. Keyin yuziga qand upasi sepib, marmelad yoki sitrus mevalarni turli shakllarda to‘g‘rab, tortni bezating.

Tayyorlanish vaqti: 2 soat.

Betakror uchlik

Shokoladli, tvorogli va malinali...

Zarur masalliqlar: 400 gr. tvorog, 300 gr. malina murabbosi, 230 gr. sariyog‘, 150 ml. smetana, 125 ml. yog‘li qaymoq, 2 stakan bodom, yarim stakan shakar, 30 gr. shokolad, 1 osh qoshiq kraxmal, 1 choy qoshiq vanilin, tuz.

Tayyorlanishi: 1. Bodomlarni blender yordamida ezing. So‘ng 2 osh qoshiq qizdirilgan sariyog‘da tilla rangga kirguncha qovurib oling.

2. Shokoladni Ham maydalab, bodomga qo‘shib, qoshiq yordamida yaxshilab ezing. Tuz, 2 choy qoshiq shakar soling. Aralashmadan aylanasi 20 sm.lik korj yasab, biror idishga soling-da, muzlatkichga qo‘ying.

3. Jelatinni 2 osh qoshiq suvga solib, 20 daqiqa iviting. Tvorogni smetana bilan ko‘pirtiring. Vanilin va yarim stakan shakar qo‘shib, ko‘pirtirishda davom eting.

4. Ivitilgan jelatinni suv bug‘ida eritib, tvorogli aralashmaga soling. Qaymoqni alohida idishda yaxshilab ko‘pirtirib qo‘shing. Keyin shokoladli korj ustidan solib, yana yarim soat muzlatkichda qoldiring.

5. Malina murabbosini qoshiq yordamida ezib, elakdan o‘tkazing. Kraxmal qo‘shing.

6. Tortni muzlatkichdan olib, yuziga malina murabbosi surting. Keyin maydalangan bodom bilan bezating.

Tayyorlanish vaqti: 2 soat.

«Yangi yil»

Haqiqiy qishki tuhfa!

Zarur masalliqlar (10-12 bo‘lak uchun): 2 stakan, 250 gr. margarin, 150 gr. sariyog‘, 1 quti quyultirilgan sut (sguщyonka), 50 gr. xolva, 2 donadan tuxum va mandarin, 2 osh qoshiq asal, 1 choy qoshiq iste’mol sodasi, maydalangan yong‘oq, o‘rik turshagi.

Tayyorlanishi: 1. Tuxum bilan shakarni aralashtiring. Margarin, asal va tuz soling. Past olovga qo‘yib, to shakar eriguncha aralashtirib turgan holda qaynating.

2. Keyin un solib, xamir qoring. Xamirni 4 qismga ajratib, yog‘langan aylana qoliplarga soling. 35 daqiqaga 180 darajada qizdirilgan gaz pechiga qo‘ying.

3. Sariyog‘ni quyultirilgan sut bilan aralashtiring. Xolvani qirg‘ichdan o‘tkazib, qo‘shing. Tort yuziga kremdan surtib, maydalangan yong‘oq seping. Tort yuzini mandarin bo‘laklari va o‘rik turshagi bilan bezang.

Tayyorlanish vaqti: 1 soatu 10 daqiqa.

Manba: Darakchi.uz