Amerikalik olimlar shifokorlarning tashqi ko‘rinishi bemorlarning ularga bo‘lgan munosabatiga qay darajada ta’sir qilishiga doir tadqiqot o‘tkazishdi. Ma’lum bo‘lishicha, tadqiqotda qatnashganlarning 53 foizi uchun ularni davolovchi shifokor qanday ko‘rinishda ekani muhim, aksariyat uni rasmiy kiyimda va oq xalatda ko‘rishni ma’qul topgan. BMJ jurnali tadqiqotga doir maqolasi bilan bo‘lishdi.
Olimlarning xulosasiga ko‘ra, shifokor qabuli va ko‘rigi vaqtidagi psixologik qulaylik davolanishning borishi va bemorning qanchalik tez shifo topishiga ta’sir ko‘rsatar ekan. Shunisi ajablanarliki, shifokor xizmatlaridan mamnun odamlarda, masalan, davolanish muolajalari tugagandan keyin 30 kun davomida shifoxonaga qaytish holatlari kamroq uchrar ekan.
Michigan universiteti tibbiyot maktabidan Kristofer Petrilli va uning hamkasblari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda 10 shifoxonadagi 4062 nafar bemor ishtirok etdi.
Bemorlarga turli kiyimdagi tibbiy personal suratlarini baholash taklif etildi:
- kundalik kiyim;
- kundalik kiyim va tibbiyot oq xalati;
- havorang tibbiyot formasi;
- tibbiyot formasi va oq xalat;
- rasmiy kiyim (ko‘ylak va shim);
- rasmiy kiyim va oq xalat;
- rasmiy kostyum, ko‘ylak, shim.
Suratlarda ham erkak, ham ayol shifokorlar aks etgan. Har bir ishtirokchidan shifokorni besh ko‘rsatkich bo‘yicha baholash so‘ralgan: vakolat, ishonch, g‘amxo‘rlik, qulaylik va hamyonboplik. Shundan so‘ng ishtirokchilardan o‘z jinsi, yoshi, irqi, ma’lumoti, so‘nggi yillarda davolagan shifokorlari va shifoxonaga murojaat qilish turiga (statsionar yoki ambulator) doir ma’lumotlarni taqdim etish so‘ralgan. Ko‘ngillilar shuningdek tadqiqotchilarga davolovchi shifokorni tanlashda nimalarga e’tibor berishlari haqida so‘zlab berishgan.
So‘rovnomada qatnashgan bemorlarning 53 foizi davolovchi shifokorning tashqi ko‘rinishi ular uchun muhim ahamiyatga ega ekanini aytgan bo‘lsa, uchdan bir qismi shifokorning tashqi ko‘rinishi ularning tibbiy muolajalardan qoniqish hosil qilishiga ta’sir qilishini ma’lum qilgan. Rasmiy kiyim va oq xalatdagi shifokorlar hammadan yuqori baholangan: ularga 0-10 shkalasi bo‘yicha 8 ball berilgan. Diqqatga sazovor yana bir jihat: jarrohlarni havorang tibbiyot formasida ko‘rishni ma’qul topishgan. Kundalik kiyimdagi shifokorlar eng past ball bilan baholangan.
Manba: Kun.uz