Oila

Besh Yuz Dollar Alami

- Oyi, yonayapti tez keling.

Qizchamning ovozidan shoshilib oshxonaga kirsam yog‘im yonayapti uning alangasi tepaga qarab ko‘tarilayaptiki, dadasini chaqirmasam o‘zim o‘chirolmayman. Yong‘in dadasi yuguring, narigi xonada televizor ko‘rayotgan erim oshxonaga kirib kelganida esa “Shkafni tepasi…, shkafning tepasidagi narsalarni tushiring”, deb baqirdim. Meni oshxonaning yonishidan ham ko‘ra, u yerdagi pullarning yonishi ko‘proq xavotirga solardi.

Axir qayerga qo‘yishni o‘ylay o‘ylay kechagina shu yerni bexavotir deb shu yerga pul qo‘ysamu bugun aynan shu joy yonsaya. Shunaqayam nohaqlik bo‘ladimi. Alam ichida olovga suv sepayapman, erim esa gaz tepasiga o‘rnatilgan oshxona javonidan narsalarni olib yerga uloqtirayotganda esa javonga qo‘yilgan gazeta taxlami ichidan naqd besh yuz dollar pastga tushib ketdi. Undan ko‘ra yonib ketgani yaxshidi shu pulni. Erimning ko‘zlari ola kula bo‘lib ketdi.

- Bu pullar kimniki, dedi hayrat bilan. - Mmeniki, yo‘g‘e, sizniki, dedim kalovlanib. - Qanaqasiga meniki axir men oshxonaga pul qo‘ymasdimku. - Menga bergan pullaringizdan tejab yig‘ib yig‘ib shu joyga qo‘ygandimda. ..

Boshimga kirgan og‘riq mana bir oy o‘tdiki, hamon qo‘yib yubormaydi. Axir pul achchig‘i bo‘ladiyu osongina yaxshi bo‘larkanmi odam.

Ko‘p ayollar ozmi ko‘pmi eridan pul yashiradi. Bu ayollarga tekkan kasal. Hali undan tejaydi, hali bundan tejaydi ishqilib amallab jamg‘aradi. Maylida eski ikki yuz so‘mlik bo‘ladimi, besh yuz so‘mlig-u, tangalar bo‘ladimi, u bu jamg‘armasini ko‘z qorachig‘idek asraydi. Bu ayolning oilasi uchun jonkuyarligi deyish mumkin. Men ham har kuni biror ming so‘m iqtisod qilmasam tinch uxlolmayman. Bozorchilar bilan arzimagan ko‘kat uchun ham savdolashsam savdolalashmanki erimning biror so‘mi ortiqcha ishlatilmasligi uchun fido bo‘laman. Mana shunday fidoyilik qila-qila naqd besh yuz dollar jamg‘argandim. Bu pulni shuncha bo‘lgunicha mening qilmagan hiylam qolmaydi. Hali ikkita bolamni bitta tizzamga o‘tkazib avtobusdagi chiptachiga bir kishi uchun pul uzataman, hali tushlik pulimni tejab ikkita burishgan perashka yeyman. Ro‘zg‘orga arzonroq narsa xarid qilaman deb bozorni uch marta aylanib chiqaman. Ishqilib tejasam bo‘lgani. Hatto uy to‘lovlariga kelganda ham nazoratchi xato hisoblamadimi deb uch to‘rt martadan qayta-qayta hisoblayveraman.

Endi shuncha yiqqan pulim bir soniyada indamasdan erimning cho‘ntagiga o‘tib ketsaya. Undan ko‘ra o‘zimga eng yaxshi kiyim kechak olmaymanmi, dugonalarim yur deganida restoranga borib o‘zimni mehmon qilmaymanmi? Essizginaya, ming so‘mlab yiqqan pulim bir kunda menga vafo qilmay osongina erimniki bo‘ldi qoldi. Eng yomoni endi erim har kuni bergan pulini tiyin tiyinigacha tekshiradi. Nimani necha pulga olding, necha pul o‘zingga o‘marib qolding? Yana qaysi javonda necha dollaring bor? Dugonajonlar yaxshisi pul berkitmang yoki ehtiyot bo‘lmasangiz u yana o‘zining haqiqiy egasiga qaytib ketarkan.