Betob bo‘lmaslikning iloji bormi yoki dardga chalinsangiz, qanday qilib tezda sog‘ayish mumkin? Dori-darmonsiz davolanish usullari bormi? Qanday to‘g‘ri chiniqish va shamollashdan so‘ng tezda tiklanish mumkin? Shu va boshqa savollarga quyida javob topasiz!
- Chiniqing. Asosiysi, o‘z vaqtida, to‘g‘ri chiniqishga harakat qiling.
- Immunitetingizni mustahkamlovchi tabiiy preparatlarni qabul qiling. Jenshen, limon o‘ti, eleuterokokk kabi tabiiy giyohlardan foydalaning. Biroq malhamlarni iste’mol qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.
- Gripp mavsumida odam gavjum joylarga borganda maxsus niqoblardan foydalaning. Niqobni o‘zingiz ham uy sharoitida tayyorlashingiz mumkin: doka bo‘lagiga (100x50 sm) paxtani ingichka qilib (30x20 sm) qo‘ying. So‘ng dokani buklang, paxta ichida qolsin va chetini shunday qirqingki, natijada ikki juft bog‘ich hosil bo‘lsin.
- Agar oilangizda kimdir grippga chalingan bo‘lsa, ovqatlangandan so‘ng idishlarini qaynating yoki bemor uchun alohida idish ajrating.
- Sovuq havoda burun bilan nafas olishga harakat qiling. Burunning shilliq pardasi havodagi viruslarni filtrlay oladi. Og‘iz bo‘shlig‘ida esa unday emas.
- Oktyabrdan aprel oyigacha har kuni S vitamini yoki askorbin kislotasi iste’mol qiling. Epidemiya davrida vitaminlarni 1000 mg ko‘paytirish kerak. Darvoqe S vitaminini shifokor nazoratisiz iste’mol qilmang: keragidan ortiq qabul qilinsa, buyrakda tosh paydo bo‘lishi mumkin.
- Grippga qarshi emlattiring. Biroq avval shifokor bilan maslahatlashing.
- Uyingizda ozodalikka rioya qiling.
- Iloji boricha qo‘lingizni tez-tez sovun bilan yuvib turing. Ko‘chadan kelganingizdan so‘ng tezda yuvinib oling.
- Ikki kunda bir marta xonani shamollating va dezinfeksiya qiling. Buning uchun sarimsoq piyozning bir bo‘lagini va achchiq qalampirni parrak-parrak qilib to‘g‘rang va likopchaga solib, xona chetlariga qo‘yib chiqing. Bir necha soat tursin.
Manba: Darakchi.uz