Madaniyat

Bir haftada tashqi ko‘rinishimizni tartibga keltiramiz

“Pomada” nashri ayollarga bir hafta ichida tashqi qiyofani biroz bo‘lsa-da, yaxshilash yo‘llarini tushuntirib berdi.

Ko‘proq harakatlanish

Mukammal qomatga ega bo‘lish muntazam ravishda tirishqoqlik bilan ter to‘kishni talab qiladi. Ammo bir hafta ichida ham qomatni tartibga solish mumkin. Buning uchun har kunni badantarbiya bilan boshlang va kun davomida ham faol bo‘ling: ko‘proq piyoda yuring, liftdan ham voz keching.

Toza havoda sayr qilish

Yaxshi ko‘rinish va yuz terisini tiniqlashtirish uchun toza havoda sayr qilish kerak. Uyqu oldidan yarim soat ko‘chada yurib, kislorodga to‘yining, xonani ham shamollating, havoni namlantiring. Buning uchun karavot yaqiniga iliq suv solingan idishni qo‘yib, so‘ng uyquga keting.

Ko‘p suv ichish

Yetarlicha miqdorda suv ichish sizni mayda ajinlardan xalos qiladi, terini tekislaydi va umumiy ahvolingizni yaxshilaydi. Kuniga 7—8 stakan suv organizmlardan toksinlarni chiqaradi va hujayralar oziqlanishini yaxshilaydi.

Teri po‘stini archish

Bir hafta ichida teri po‘stini archish bo‘yicha bir nechta protseduralarni amalga oshirishingiz kerak, ular terini yangilaydi, uning rangini va oziq moddalar bilan to‘yinishini yaxshilaydi. Yaxshisi yumshoq skrab sotib oling va undan kunora foydalaning.

Niqob surish

Bir hafta davomida kamida uch marta: chuqur tozalovchi, namlantiruvchi va oziqlantiruvchi niqoblarni surishingiz kerak. Tozalovchi sifatida qora yoki oq gil (glina)dan foydalanish mumkin. Namlantiruvchi niqobni bodring eti, aloe sharbati va boshqa har qanday mevalardan tayyorlash mumkin. Oziqlantiruvchi niqob sifatida esa qaymoq, qatiq yoki tabiiy moylar (shaftoli, bodom yoki o‘rik moyi)ni qo‘llash mumkin.

Kosmetik muz bilan massaj qilish

Tongni kosmetik muz bilan massaj qilishdan boshlang, bunday muzni o‘zingiz osonlik bilan tayyorlashingiz mumkin. Buning uchun turli o‘t damlamalari, tabiiy sharbatlarni muzdonga solib, muzlatgichda qoldirish kifoya. Bunday massaj teriga musaffolik baxsh etadi, uyqu asoratlarini quvadi va yuzdagi teshikchalarni kichraytiradi.

Sochlarni parvarishlash

Sochga bir necha marta niqob surib, bosh terisini massaj qilish orqali, sochlarni “hayotga qaytarish” mumkin. Tuxum oqi, chakamug‘ moyi (repeynoye maslo) va asal qo‘shib, niqob tayyorlang va uni sochga suring. Har kuni kechqurun esa massajli taroq bilan tarang. Ushbu protsedurani bir necha marta takrorlasangiz, natijasi bilinadi.