Axlat tashlagani chiqqandim yerda bir quti bolalar sutini ko‘rib qoldim. Balki yaroqlilik muddati o‘tib ketgandir deb o‘yladimu, beixtiyor uni qo‘limga olib ishlab chiqarilgan sanasiga ko‘z tashladim. Uning rostdan ham yaroqlilik muddati o‘tgan ekan. Ana shu quti eski xotiralarni xayolimda gavdalantirib yubordi. O‘shanda bolam olti oylikkina, baxtga qarshi ko‘krak sutim bo‘lmaganligi sababli faqat sun’iy ozuqa bilan uning qornini to‘ydirardim. Sun’iy ozuqaning bir qutisining o‘zi falon pul, bola kattalashgani sari uning bir donasi ikki kunga ham yetmay qoladi. O‘rta hisobda bir quti bolalar ozuqasining narxi ikki kilogramm go‘shtning narxiga to‘g‘ri keladi. Yosh oilamiz, faqat oylikka kun ko‘ramiz. Alohida yashaganimiz uchun hamma xarajatlar o‘zimizning bo‘ynimizda. Ro‘zg‘or uchun xarajat qilarkanmiz, eng birinchi bola uchun ozuqa olardik. Maosh olingan kuni bir nechta quti ozuqa olarkanmiz, o‘zimizning yeb ichishimizga arzimagan pul qolardi. Chaqaloq yelim idishdagi sutni ba’zida oxirigacha ichmasa uni qayta bersam ichi buzilib qolmasin deb qolganini to‘kib yuborardim. Bir kuni qarasam bolaning ozuqasi qutida yana ikki martalik qolibdi xolos. Axir yana bitta bo‘lishi kerak deb javonni necha marta axtardim yo‘q. Men bor deb o‘ylaganim bo‘sh idish ekan. O‘sha vaqtdan bundan ortiq baxtsizlik bo‘lishi mumkin emasdi. O‘zimni qo‘lga ololmay karaxt bo‘lib qoldim. Darrov xo‘jayinimga qo‘ng‘iroq qildim. Ishxonada qarz so‘ramagan odamim qolmadi. Bir ilojini qil. -Nima ilojini qilaman, bola hali ovqat yemasa, kechqurun sut deb yig‘lasa nima beraman, bola och qoladiku. Onasanku, biror ilojini top. Bolasi och qolayotgan onaning ahvolini tasavvur qilish qiyin emas. Ayniqsa, bola chaqaloq, hali gapga tushunmaydigan go‘dak bo‘lsa. Onamnikigacha uch bekat yo‘l bor. Onamdan olaman. Uyga bolani ko‘targancha yayov yetib keldim. Uyga kelib so‘rasam onam yo‘q ekanlar. O‘sha damda bir quti suti uchun bor narsamni berishga tayyor edim. Dadamga aytishga uyalaman, u kishidan tortindim. Lekin endi na uyga keta olaman va na bu yerda qolaman. Oradan ikki soatlar o‘tdi chamasi onam kelavermadilar. Shu vaqt ichida qosh qorayib kech bo‘lgani sari meni vahima bosaveradi. Kechqurun bolamning ovqati qolmasa nima qilaman, u yig‘lasa nima beraman, go‘dak bolam och qoladiku. Ayni savollar miyamni parmalagandek o‘yib tashladi. Yana yarim soat kutdim. Oyimdan darak bo‘lavermadi. Indamay bekatga chiqdim. O‘sha paytdagi holatimni eslasam hanuz g‘amgin kayfiyat butun a’zoi badanimni qamrab oladi..Endi nima bo‘ladi, bolamga ovqatini topolmadim, endi nima beraman? Biror narsamni sotay desam allaqachon onam bergan tilla buyumlarni sotib bolalar ozuqasi olishga ishlatib yuborganman. Men dushmanga taslim bo‘lib dor ostiga ketayotgan ahvolda edim. Yo rab yig‘lolmasdim ham. Axir yig‘lash uchun ham yorilish kerak. Men kimgayam yorilardim. Dunyodan bexebar bolam esa qiqir qiqir kularkan, men unga qarab turib battar xo‘rligim kelardi. Bo‘ldi shirin choy beraman, boshqalar ham shunaqa qiladiku, ertaga topilar deb o‘zimni aldarkanman mashinadan tushayotgan onamni ko‘rdim. Oyi, bormisiz, qayerlarda yuribsiz ularni quchgancha qattiq yig‘lab yubordim. Bolam, tinchlikmi nima bo‘ldi? Oyim qo‘rqib ketdi. Bolam, bolaga bir quti sut kerak- men yosh bolalardek yig‘lardim zero o‘sha damda menga butun dunyodagi jamiki boyliklardan ham ko‘ra bir quti sut qimmatli edi. Ha, qizim qo‘rqitib yubordingku, ma manovi pulni ol- oyim ikki quti sutga yetari pul berarkan, qo‘g‘irchog‘ini topib olgan qizaloqdek baxtiyor edim. Oyim bilan apil tapil xayrlashib uyga uchib yetib keldim, axir endi mening go‘dagimni ovqati bor. Menga boshqa narsa kerak emas. Ana o‘sha kuni men birinchi marta ona bo‘lish o‘z joningni ming bo‘lakka bo‘lish ekanligini tushunib yetgandim. Zuhra RO‘ZIyeVA
Oila