Oila

"Biri onam, biri ayolim"

Turmushimizning yigirma birinchi yilida rafiqam mendan ertaga nishonlanadigan ayollar kunida bir ayolning ko‘nglini olishimni, uni shahar bo‘ylab aylantirib, kechki ovqatga taklif qilishimni iltimos qildi. Avvaliga gap nimadaligini tushunmadim.

“Sizni juda yaxshi ko‘raman, azizim. Lekin u ayolning sizga muhabbatini menikidan-da ulug‘ligini bilaman. U sizning diydoringizga mendan ham ko‘ra intiqroq.”

Keyin gap nimadaligini tushundim. Rafiqam vaqtimni o‘tkazishni xohlayotgan ayol, shubhasizki deyarli 20 yildan buyon beva yashayotgan, yo‘limga intizor onaizorim edi. Ish, farzandlar va oila kam-ko‘stini butlash bilan bo‘lib, volidamni ko‘rgani onda-sonda borishga odatlanib qolgan edim. Turmush ikir-chikirlari, tashvishlari ko‘pincha bizni biz aziz hisoblagan yo‘llardan adashtiradi, bu yo‘llarni unutishga majbur qiladi.

O‘sha kuni kechda qo‘shni shaharda istiqomat qiladigan onamga qo‘ng‘iroq qilib, uchrashuvga taklif qildim. Volidam xavotir bilan ahvolimni, sog‘ligimni so‘radi. Onamni shu holga – kutilmagan tashrif, kechki qo‘ng‘iroq yoki taklifimdan xavotirga soladigan qilib qo‘ygan notavon o‘g‘il haqida o‘ylar ekanman, ich-ichimni bir bo‘lak muz parchasi shilib o‘tganini his qildim.

“Onajon, sizni juda-juda sog‘inganman. Bu uchrashuvda faqat men va siz bo‘lamiz. Siz bilan to‘yib suhbatlashgim kelyapti,” javob qaytardim.

“Bu men uchun eng katta bayram sovg‘ang bo‘ladi, o‘g‘lim,” dedi onam bir muddat o‘ylab turgach.

Ertalab onamni olish uchun uyga yaqinlashayotganimda nima sababdandir asabiylashayotganimni his qildim. Ehtimol, bu vijdon azobi bo‘lsa kerak. Onam meni eshik oldida kutib turgan ekan. U boshiga men tug‘ilgan kuniga bergan ro‘molni tang‘ib olgan edi.

Ey, Xudo! Onam ataylabdan –  mening e’tiborim uning uchun qanchalar qadrli ekanini ko‘rsatish uchun shunday qilgan. Egniga oxirgi marta otam bilan nikoh yubileylarining 26 yilligini nishonlashganida kiygan, otam tanlagan ko‘ylakni kiyibdi. Uning bag‘riga shoshar ekanman, jiqqa yoshga to‘lgan nigohim qarshisida shishadek qotgan yoshlar orasida meni hayot qiyichiliklaridan xalos qilayotgan farishtamni ko‘rib turardim. Mana menga tanish hid dimog‘imga urildi.

“Meni uchrashuvga taklif qilganingni do‘stlarimga aytgandim, menga havaslari keldi. Uchrashuv tafsilotlarini sabrsizlik bilan kutishlari aniq,” dedi onajonim mashinaga o‘tirgach. Volidamga mehr bilan qarab bu uchrashuvdan chindan ham mamnunligimni izhor qildim.

Nonushta qilish uchun hashamatli bo‘lmasa ham, shahardagi shinam va choqqina tamaddixonaga kirar ekanmiz, onamning zinalardan menga suyanib chiqayotganini, qanchalar zaiflashib qolgani va menga muhtojligini his qildim. Onamning ko‘zlari xiralashib qolgan, ularning endi katta-katta qilib bosilgan harflarni o‘qishga qurbi yetardi. Shuning uchun taomnomani qo‘limga olib, unga ovqat nomlarini va tarkibini birma-bir ayta boshladim. Shunda uning istarasida menga tanish jilmayish gavdalandi.

“Bolaligingda, hali harf tanimagan kezlaringda men senga shunday o‘qib berar edim, bolam,” dedi onam. Shu kuni shahar aylandik. Onamni do‘konlarga olib tushdim, kinoga kirdik. Kechki ovqatdan keyin uyga qaytganimizda onaizorim mendan meni sog‘inganida uchrashuvga taklif qilsa, u bilan kunimni bugungidek maroqli o‘tkazishim uchun vaqt ajratishimni so‘radi. Men rozi bo‘ldim.

Uyga kirishim bilan rafiqam onamning ahvolini, kunimiz qanday o‘tganini so‘radi.

“Juda soz, tasavvurimdagidan ham ajoyib o‘tdi!” deb borini aytdim.

Oradan ko‘p o‘tmasdan mahalliy shifoxonadan qilingan tungi qo‘ng‘iroq orqali volidamning yurak xurujidan vafot etgani to‘g‘risidagi xabarni oldim.

Kunlar o‘tdi. Onam bilan so‘nggi uchrashuvimizga bir yil bo‘lishi arafasida uyimga pochta orqali onamning dugonalaridan birining nomidan biz ovqatlangan restoran yorlig‘i tushirilgan konvert keldi. Konvert ichidan retsept, to‘lov cheki nusxasi hamda xat chiqdi.

“O‘g‘lim, men qo‘lingdagi buyurtma uchun oldindan pul to‘lab qo‘yganman. Mening bu uchrashuvga qadar hayot bo‘lish-bo‘lmasligim gumon. Biroq, har ehtimolga qarshi men ikki kishilik stol buyurtirdim. Sen va kelinim uchun. O‘g‘lim, o‘sha tunda qanchalar sevinganimni bilsang edi. Rahmat senga! Seni sevib qoluvchi onang!”

Xatni tutgancha muzlagan vujudim markazidagi qalbim bir narsani – onamga o‘shanda oxirgi marotaba mehrimni izhor qilish imkonini boy berganimni his qilayotgan edi.