Bilasizmi?

Blinchik tayyorlashning 10 siri

1. Blinchik xamiriga solinayotgan sut iliq holatda bo‘lishi kerak. Shunda un yaxshi aralashadi. Sovuq holatda solingan sutda esa un yig‘ilib qolishi mumkin.

2. Blinchikning xamiri mayin bo‘lishi uchun unni elakdan o‘tkazib, 5 daqiqaga qoldiring. Kislorod bilan to‘yingan un asosiy masalliqqa aralashgach, xamir sifati yaxshilanadi.

3. Shakar va tuz me’yorini oshirib yubormang. Agar tuz ko‘payib ketsa, xamir qizarib, huddi kuyib ketgandek ko‘rinishga keladi. Shakari ortib ketganida esa tovaga yopishib qolishi mumkin.

4. Nonushtaga nachinkasiz blinchik tayyorlashni istasangiz, xamiriga pichoq uchida iste’mol sodasini qo‘shing. Shunda pishirig‘ingiz ko‘tarilib chiqadi.

5. Agar blinchik tayyorlaydigan tovangiz pand berayotgan bo‘lsa, quyidagi «muolaja» ni bajaring. Avval tovani sovuq suvda chaying. So‘ng ichini osh tuzi bilan to‘ldiring. Bir necha daqiqa olovga qo‘yib qizdiring-da, tuzini to‘kib tashlang Tovani salfetka bilan artib, ozroq o‘simlik yog‘i bilan artib oling.

6. Tayyor blinchiklarni laganga terib, ustidan sariyog‘ surtib qo‘ying. Ana shu ketma-ketlikda terilgan blinchiklar juda mayin va xushxo‘r bo‘ladi.

7. Xamir suyuqligiga e’tibor bering. Agar blinchik xamiri quyuqlashib ketsa, blinchik g‘ovaksimon bo‘lib pishmaydi. Salgina suyuqroq xamir tayyorlasangiz, orasida mayda teshikchalari ko‘p bo‘ladi.

8. Agar tovaga quyilgan xamir joyidan qo‘zg‘almasa yoki olayotganingizda uzilib ketsa, masalliqlarga tuxum va un qo‘shish kerak.

9. Kecha tayyorlagan blinchikni nonushtaga isitib tortiq etmoqchi bo‘lsangiz, quyidagi usuldan foydalaning. Blinchik terilgan idish ustini zar qog‘oz (folga) bilan o‘rab, 10 daqiqaga gaz pechiga qo‘ying.

10. Blinchik qiymasi yopishqoq bo‘lmasligi uchun qovurayotganda yarim piyola suv qo‘shing. Shunda go‘shti mayin chiqadi.

Manba: Darakchi.uz