Bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish maqsadida ta’tilga chiqqan ayollar uchun oxirgi yirik mablag‘ bu bola ta’tili uchun to‘langan mablag‘ bo‘lib, undan keyin faqat ma’lum yoshgacha bola pulini olib turish mumkin. Shuning uchun ayollar o‘z imkoniyatlarini ishga solib, moliyaviy foyda keltirishi mumkin bo‘lgan faoliyat turini topishi ayni muddaodir.
Bunday faoliyat daromaddan tashqari ma’naviy jihatdan ham foyda keltiradi. Bolaning dunyoga kelishi bilan ayollar o‘zining onalik vazifalari bilan mashg‘ul bo‘lib qoladi. Bola parvarishi va uy yumushlaridan ortmaydigan ayol go‘yo o‘z qobig‘iga o‘ralib qolgandek bo‘ladi.
Quyida yosh onalar uchun bola ta’tili davomida qo‘shimcha daromad qilish imkoniyatini beruvchi bir nechta faoliyat turlari keltirilgan:
- Chet tillarni yaxshi bilgan taqdirda repetitorlik xizmatini ko‘rsatish mumkin.
Bu talab juda katta bo‘lgan xizmat ko‘rsatish turi hisoblanadi. Albatta bu faoliyat turi bilan shug‘ullanish uchun mashg‘ulotlar vaqtida bolaga qarab tura oladigan kishining yordamidan foydalanish maqsadga muvofiq.
- Chet tillarni yaxshi bilish uyda tarjimonlik faoliyati bilan shug‘ullanish imkoniyatini beradi.
Bu yaxshigina haq to‘lanadigan faoliyat turiga talabalar bilan birga boshqa turli kasb egalari: notariuslar, publitsistlar ham murojaat qilishi mumkin.
- Qo‘l mehnati ham yaxshi daromad manbaiga aylanishi mumkin.
Ko‘pincha yosh onalar tug‘uruq oldidan to‘qishni o‘rganadi yoki o‘z tajribalarini yanada oshiradi. Shapka va sharflar, paypoqlar, agar mahoratingiz yuqori bo‘lsa yanada kattaroq buyumlarni to‘qish xizmatini taklif etishingiz mumkin. To‘qilgan kiyimlarni do‘kondan osongina xarid qilish mumkin bo‘lsa-da, mualliflik buyumlarining doim qadri baland bo‘ladi.
- Tikuvchilik ko‘nikmalarini mukammallashtirib, ushbu yo‘nalishdagi xizmatlarni taklif qilish mumkin.
Bu yo‘nalishni oddiy narsalardan boshlash mumkin. Masalan, bolalar tagliklari yoki karavotlar uchun jild kabilar.
- Kopirayterlik ko‘nikmalari turli internet resurslari uchun maqolalar tayyorlash imkonini beradi. Asosiysi mavzu muallif uchun qiziqarli bo‘lishi kerak.
- Ba’zi kompaniyalar uyda telefon operatorligini bajara oluvchi xodimni qidiradi. Firibgarlarga duch kelib qolmaslik uchun mashhur kompaniyalarga murojaat qilgan ma’qul.
- Tilni mukammal bilish biror nashr yoki internet sayti uchun muharrirlik qilishga imkon beradi.
- Biser to‘qish, origami yoki yumshoq o‘yinchoqlar yaratish kabi mashg‘ulotlar esa ta’til davridagi faoliyat turidan kichikroq shaxsiy biznesga ham aylanishi mumkin.
- Agar avvalgi ishning talablariga mos kelsa, kasbiy vazifalarni uyda bajarish ham mumkin.
Bu ta’til davomida o‘z malakangizni yo‘qotmaslik va avvalgidek oylik olib turish imkoniyatini beradi. Biroq bunga barcha ish beruvchilar ham ko‘navermaydi. Bu sizning rahbariyat uchun qanchalik qadrli xodim ekanligingiz va albatta faoliyat turiga bog‘liq.
- Veb-dizaynerlik ko‘nikmalari bilan esa saytlarning maketi, reklama moduli yoki poligrafiya mahsulotlari uchun ishlanmalarni mustaqil bajara olmaydigan mijozlarni topish mumkin.
Maqolani tayyorlashda "Parenting.ru" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.