Behush yiqiladigan odamlarning 90 foizi butunlay sog‘lom bo‘ladi. Qolgan 10 foizi uchun esa bu yurak urish maromining buzilishi yoki boshqa xavfli holat haqida ogohlantiruvchi belgi hisoblanadi. Behushlikning asosiy sabablarini bilib oling va hushyor bo‘ling!
Suvsizlanish
Ba’zi odamlar havoning issiqligidan yoki ortiqcha terlashdan bosh aylanish holatiga moyil bo‘ladi. Agar siz suvsizlikdan va issiqdan bemadorlik va bosh aylanishini his qilsangiz, yurak va miyaga tezroq qon yetib borishi uchun yoting. Ahvolingiz tezda yengillashadi.
Ajablanish yoki qo‘rqish
Xonaga kirishingiz bilan do‘stlaringiz sizni biror kutilmagan tantana bilan tabriklash uchun to‘satdan har tomondan yugurib chiqadi. Bunday vaziyatlarda asab tizimi biroz qizib ketishi va qon bosimi keskin tushib ketishi natijasida bosh aylanishi mumkin. Behushlikdan oldin odatda yuz terisi ko‘karishi va ko‘ngil aynish holatlari yuz beradi.
Keskin o‘rindan turish
Keskin o‘rnidan turishda bosh aylanish va ko‘z oldi qorong‘ilashish ilmiy tilda — ortostatik gipotenziya deyiladi. Bunday holat qon bosimining keskin tushib ketishi oqibatida yuzaga keladi. Ko‘p hollarda bu xavfli emas, lekin bu holat tez-tez takrorlanaversa shifokorga ko‘rinish tavsiya etiladi.
Yurak urish maromining buzilishi
Yurak urishi bilan bog‘liq hushdan ketish to‘satdan va ogohlantiruvchi bosh aylanishlarsiz yuz beradi. Yurakning muntazam ravishda urmasligi aritmiya deyiladi. Bu yurakning gohida tez, gohida esa sekinroq qisqarishi natijasida miyaga qon kelib tushishining buzilishini bildiradi.
Ogohlantiruvchi belgilarsiz to‘satdan hushdan ketish xavotir olishga sabab bo‘la oladi.
Manba: Daryo.uz