Ko‘pchilikka ma’lumki, bir ma’noda mobil telefonimizga tobemiz, biroq baribir ulardan foydalanishga majburmiz. Shuning uchun ko‘p sonli mobil ilovalarga qimmatbaho vaqtimizni o‘g‘irlashga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Kun.uz bu borada yordam berishi mumkin bo‘lgan ba’zi tavsiyalari bilan bo‘lishdi.
1. Avtomobilda telefondan foydalanishni bas qiling
Smartfonni mashina g‘aladoniga (bardachok) soling yoki uni maxsus rejimga o‘tkazing. Android va iOS qurilmalarida shunday ilovalar mavjud. Muqobil sifatida Android boshqaruvidagi telefonlarga Drivemode ilovasini yuklab olishingiz mumkin. U telefon ekraniga qaramay, bor diqqatni yo‘lga qaratish imkonini beradi. Shuningdek, dastur musiqiy pleyer va xabarga ovoz bilan javob berish imkoni kabi ko‘plab turli funksiyalarga ega.
2. Televizor ko‘rayotganingizda yoki mutolaa qilayotganingizda telefonni yashirib qo‘ying
Faol holatingizda smartfonni yoningizda saqlang. Biroq uyga borishingiz bilan mobil qurilmani uzoqroqqa olib qo‘ying. Uni zaryadlashga qo‘ying va xuddi uy telefonidek munosabatda bo‘lishni o‘rganing. Undagi xabarlarni qancha kam tekshirsangiz, soatlab ijtimoiy tarmoqlarga sho‘ng‘ib ketish imkoni shuncha kam bo‘ladi.
O‘rningizdan turib, xabarni o‘qishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa ham, qurilmani yotgan joyidan qo‘zg‘atmang. Uni cho‘ntagingizga solmang.
3. Xabarlarni o‘chirib qo‘ying
Bu ayniqsa shoshilinch javob talab qilmaydigan xabarlarga taalluqli. Qo‘ng‘iroqlar va SMS-xabarlarni yoqig‘liq qoldirish mumkin. Biroq Facebook, Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq funksiyalarni dadil o‘chirib qo‘ying. Pochtani ham xuddi shunday.
Yangi ilova yuklangandan keyin undagi xabarlarni darhol o‘chiring. Unga qaytadan kirsangiz kiribsiz, shunda u qayerdagi eslatmalari bilan diqqatingizni buzmaydi.
4. Qurilmadan foydalanish vaqtini chegaralang
Smartfonni qo‘lga olishingiz bilan, birinchi navbatda, biror foydali ish bilan shug‘ullanish vaqti kelganini eslatib turuvchi taymerni o‘rnating. Android-smartfonlarda bu - QualityTime ilovasi.
Taymer ishga tushishi bilan imkon qadar telefonni to‘liq o‘chirib qo‘ying. Bu chora keskindek tuyulishi mumkin, biroq hech bo‘lmaganda, bir marta shunday qilib ko‘ring va bundan nima chiqishini ko‘ring.
5. Navbatda turganda smartfondan foydalanmang
Shifokorga navbatga turganda ijtimoiy tarmoqlarni ko‘zdan kechirishdan boshqa yana nima bilan shug‘ullanish mumkin deb o‘ylaymiz. Biroq haqiqatda yanada ijodkorroq va keng fikrliroq bo‘lishni istasangiz, hatto shunday paytlarda ham smartfondan xalos bo‘lishga to‘g‘ri keladi.
Telefonni boshqa cho‘ntakka soling, shunda hadeb uni qo‘lga olavermaysiz. Smartfonga qurilmani o‘chirishni eslatuvchi fon suratini o‘rnating va har hafta uni yangilang. Atrofingizdagi real hayotda nimalar bo‘layotganiga qiziqish bildirishga harakat qiling.
6. Yotoqda telefondan foydalanmang
Yotoqda yotganingizda telefonni qo‘lga olmaslikka qaror qiling. Kunning ma’lum bir qismida keraksiz funksiyalarni bloklash uchun Android'da Offtime, iOS'da esa Freedom ilovasini qo‘llang. Ular sizga Twitter, Facebook va Instagram'ga kirishni taqiqlab qo‘yadi. Avvalgidek muhim xabarlarni yoqib qo‘yishingiz ham mumkin.
Agar OAVda yoki ijtimoiy tarmoqlarda faol ishlasangiz, bunday usul norealdek tuyulishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, baribir ulardan foydalanish mumkin: masalan, tvit yo‘llash kerak bo‘lsa, bir muddatga kompyuterga murojaat qiling.
7. Ijtimoiy tarmoqlardan keluvchi xabarlarni tekshirish sikliga barham bering
Pochta, Twitter, Facebook, Instagram va boshqalarni ko‘zdan kechirishni to‘xtatayotib, ko‘pincha ularni yana qaytadan tekshirib chiqish istagi paydo bo‘ladi. Bir o‘tirishda bir ilovani tekshirish, undan keyin esa telefonni olib qo‘yishni o‘rganing.
Ilovalarga ketma-ket qarash odatidan xalos bo‘lish qiyin, shuning uchun bu jarayonni avtomatlashtirishga harakat qiling. Foydalanib bo‘lgan dasturlaringizni darhol yoping. Asosiy ekrandan chalg‘ituvchi servislarni olib tashlang va ularni papkalarga joylang.
Bir ijtimoiy tarmoqni bir kun yoki bir haftaga o‘chirib qo‘yishga harakat qiling va tekshiring - bu haqiqatda siz uchun juda muhimmi yoki yo‘q. Boshqa servislar bilan ham xuddi shunday yo‘l tuting. Hech bo‘lmaganda, bir chalg‘ituvchi dasturdan qutulishga muvaffaq bo‘lsangiz, shuning o‘zi juda yaxshi natija.
8. Oson bo‘ladi deb o‘ylamang
Mukammal muvozanatni topish qiyin. Yuqorida sanab o‘tilgan tavsiyalarga amal qilib ko‘ring. Ilovalar ko‘p vaqtingizni oladi. Muhimroq ishingiz bo‘lsa, unga vaqt ajratish uchun telefondan chalg‘ishning yangidan-yangi usullarini izlashingizga to‘g‘ri keladi. Tezkor yechim yo‘qligini anglab yetasiz. Bunga tinimsiz tajriba qilibgina erishish mumkin.