Joriy yilgi test topshiriqlari umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari o‘quv dasturlariga muvofiq tuzildi. Test topshiriqlari bo‘yicha muhim o‘zgarish — har bir blok savollarining 30 tadan etib belgilanganidir. Bu qarorga kelish uchun Davlat test markazi Buyuk Britaniya, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarning tajribalarini o‘rgandi.
Xalqaro tajribalardan foydalangan holda test jarayonini takomillashtirish, savollar mazmunini soddalashtirish bo‘yicha mutaxassislarimiz davlat ta’lim standartlari asosida ish olib bordi. Xususan, yangi tuzilgan test variantlari poytaxtimizdagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida aprobatsiyadan o‘tkazildi. Sinov jarayonida 10 ta fan bo‘yicha 1 115 ta test topshirig‘idan foydalanildi. Jarayonga 2 659 nafar bitiruvchi jalb qilindi. Bu haqda Davlat test markazi bo‘lim boshlig‘i M. Zokirova "Ma’rifat" gazetasiga ma’lum qildi.
Aprobatsiya natijalarini statistik tahlil qilish jarayonida topshiriqlarning murakkabligi, ballar variatsiyasi (o‘zgaruvchanligi, farqlanishi), savollarning boshqasi bilan bog‘liqligi, test topshiriqlariga qo‘yilgan asosiy talablar aniqlandi. Statistik tahlillar ba’zi testlarda ishonchlilik koeffitsiyenti talab darajasida emasligi, 79 ta topshiriqda ayrim distraktorlar (muqobil javoblar) o‘z funksiyasini bajarmasligi ma’lum bo‘ldi.
DTM vakilining so‘zlariga ko‘ra, tahlillar asosida ekspertlar ishonchlilik koeffitsiyenti bo‘yicha 61 ta test savolida o‘zgarish qilgan. Savollarning ayrimlari butunlay o‘zgartirildi. Talabga javob bermagan 16 ta test savoli bazadan olib tashlandi. Shuningdek, 113 ta murakkab savol soddalashtirildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qayta-qayta tekshiruvdan o‘tkazilgan savollar aslida unchalik ham qiyin emas. Abituriyentlarning bunday savollarga javob topolmasligiga sabab ba’zi mavzularning maktablarda yaxshi o‘qitilmasligi bilan bog‘liq.