O‘zbekistonliklar Navro‘z bayrami kunlarida uzluksiz 5 kun, umuman mart oyida 12 kun dam oladi. Qalampir.uz shu haqda yozmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda besh kun – 18 martdan 22 martgacha uzluksiz dam olish kunlari deb e’lon qilingan.
Hujjatga muvofiq, 19-20 mart hamda 22 mart kunlari ish kunlari bo‘lsa-da, bayram munosabati bilan dam olish kuni etib belgilangan. Bunda 19 mart – 17 martdan ko‘chirilgan dam olish kuni, 20 mart – qo‘shimcha dam olish kuni, 22 mart – 24 martdan ko‘chirilgan dam olish kuni sifatida ko‘rsatilgan.
Umuman olganda, mart oyida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni hamda boshqa dam olish kunlarini qo‘shib hisoblaganda 12 kun dam olinadi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning yuqoridagi Farmoni bilan O‘zbekistonda Yangi yil bayrami, Navro‘z hamda Mustaqillik bayramlarida besh kundan dam olish belgilandi.
Uzluksiz dam olish kunlarida aholining tarixiy-madaniy markazlarga sayohat qilishi, pansionat va dam olish uylarida hordiq chiqarishi uchun mehmonxona va transport xizmatlariga chegirmalar tizimi joriy etiladi.