Salomatlik

Buyrak kistasi – uning davosi operatsiyami?

Organizmni ortiqcha suyuqlik va toksinlardan tozalashda buyrakning o‘rni muhim. Shu bois uning faoliyatida biroz buzilish bo‘lsa ham salomatlikda salbiy o‘zgarishlar yuzaga kelishi mumkin. Misol uchun, buyrak kistasini olaylik. Aslida, ushbu kasallikdan so‘z ochganimizning sababi bor: kuni kecha tahririyatga jizzaxlik mushtariyimiz – Musurmon Holiqov qo‘ng‘iroq qilgan edi. Uning aytishicha, rafiqasining o‘ng buyragida kista aniqlangan. Va bemor hamda uning oila a’zolari xastalik haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishni istamoqda.

Mutaxassis: Toshkent tibbiyot akademiyasining nefrologiya bo‘limi dotsenti, nefrolog Abdusaid Hasanov.

Bir nechta sababi bor

Buyrak kistasi mazkur a’zoda paydo bo‘lgan dumaloq shakldagi, sarg‘ish (yoki shaffof) suvdan tarkib topgan o‘smadir. U, ko‘pincha, bir buyrakda paydo bo‘ladi. Ba’zan esa buyraklar polikistozi tashxisi qo‘yilishi ham mumkin. Ya’ni bu har ikkala buyrakda ko‘plab o‘simtalar mavjud, degani.

* Kista buyrak to‘qimalarining anomal o‘sishi tufayli kelib chiqadi. Bu holat tug‘ma yoki orttirilgan bo‘lishi mumkin.

* Nasliy omilga borib taqaladi, ya’ni kasallik organizmda biriktiruvchi to‘qimalar yetishmovchiligi tufayli kelib chiqadi.

* Xastalikning tug‘ma shakli esa ona homiladorligidagi infeksiya va jarohatlar tufayli kelib chiqishi mumkin. Infeksiya va jarohatlar sabab orttirilgan kista nafaqat bolalar, balki kattalarda ham aniqlanadi.

* Yosh bilan bog‘liq omil. Kasallik, ko‘pincha, 50 yoshdan keyin yuzaga keladi.

Kuchli og‘riq bezovta qilsa...

Buyrak kistasi tuzilishiga ko‘ra, oddiy va murakkab turga bo‘linadi. Oddiysi yoki yirigi (masalan, o‘ng buyrakdagi oddiy kista) bitta, murakkab kistalar esa bitta buyrakda bir nechta bo‘ladi. Ular ko‘pligi bois davolash ham qiyin kechadi. Oddiy kista ko‘piga qaraganda xavfsizroq, asoratlari ham kamdir.

Kistaning simptomlari uning hajmiga qarab namoyon bo‘lishi mumkin. Uncha katta bo‘lmagan o‘sma belgi bermaydi va bemorga hech qanday noqulaylik tug‘dirmaydi. Lekin agar u katta bo‘lsa, belning bir yoki har ikki qismida og‘riq seziladi. Ba’zan og‘riq jinsiy a’zolarga ham ko‘chishi ehtimoli bor. Agar o‘simta buyrak va siydik qopini bog‘lovchi yo‘lni siqib tursa, tomirlarni zararlab, a’zoni ezadi. Shu bois siydik chiqarish muammolari, ya’ni tez-tez hojatga borish, siydik miqdori kamligi, peshobda qon paydo bo‘lishi, arterial qon bosimi ko‘tarilishi kabi holatlar yuzaga keladi. Agar siydik turib qolishi va immun tizim sustligi tufayli kista fonida ikkilamchi infeksiyalar ko‘paysa, isitma, titroq, bezgak, infeksiyalar tufayli siydik xiralashishi, qorin sohasidagi kuchli og‘riq (bu kista yorilganidan dalolat bo‘lishi ham mumkin va shoshilinch jarrohlik amaliyotini talab qiladi) bemorni bezovta qiladi.

Kista hajmiga qarab turli asoratlarga olib keladi. Boisi, uning o‘lchami 1 dan 10 smgacha bo‘lishi mumkin. Katta o‘simta buyrak va siydik qopini bog‘lab turuvchi yo‘lni va buyrak tomirlarini siqib qo‘yadi. Buning oqibatida siydik ortga qaytib, buyrak toksinlari organizmni zaharlaydi (ko‘pincha, ikkala buyrak zararlanganda). Natijada, a’zo quriy boshlashi va buyrak yetishmovchiligi kelib chiqishi ehtimoli kuchayadi. Bundan tashqari, bemor qo‘qqisdan jarohat olgan mahal kista yorilib, kechiktirib bo‘lmaydigan jarrohlik amaliyotini talab qilishi ham mumkin. Yana kistada yiringlash yuzaga kelsa (chunki o‘sma ichidagi suyuqlik turli bakteriyalar uchun ozuqa manbaidir), butun organizm zaharlana boshlaydi. Ushbu holatda ham operativ muolaja zarur.

Nefrolog qabuliga boring!

Xastalikning birinchi belgilari sezilishi bilanoq mutaxassis qabuliga borish kerak. Nefrolog yoki urolog shifokor bemorni tekshirib, kerakli savollarni bergach, buyrak sohasini palpatsiya (barmoq bilan paypaslash) qilib ko‘radi. Shuning o‘ziyoq buyrak o‘lchami kattalashganini bildiradi. Aniq tashxis qo‘yish uchun esa UTT, MRT, to‘qimalar biopsiyasi kabi usullar qo‘llanishi mumkin.

Agar tashxis buyrakda kista borligini tasdiqlasa, davolash rejasi kasallik belgilari va uni keltirib chiqargan omillarni bartaraf etishga qaratiladi. Kasallik tashxisiga qarab, terapevtik yoki xirurgik muolajalar, parhezlar qo‘llanishi mumkin.

Kista katta o‘lchamda bo‘lsa, peshob chiqarishda muammo tug‘dirsa, buyrak yetishmovchiligi xavfi mavjud bo‘lsa, jarrohlik amaliyoti zarur. Buyrakda kistaning joylashuvi hamda bemorning umumiy ahvoliga qarab, kista punksiyasi yoki laparoskopik jarrohlik amaliyoti qo‘llanadi.

Muborak Anvarova tayyorladi

Manba: Darakchi.uz