Choyning foydasiga hech kim shubha bildirmaydi: bu issiq ichimlikni ming yillar davomida iste’mol qilib kelayotgan osiyoliklar xato qilmaydi.
Choy ajoyib tarzda chanqoqni bosadi va tetiklashtiradi, xolesterin miqdorini pasaytiradi va yurak-tomir tizimi ishini yaxshilaydi, qarishni sekinlashtiradi va hatto aqlliroq ham qiladi.
Lekin olimlar bu ichimlikning foydali xususiyatlari bilan birga zararli tomonlari ham borligini aniqladi.
-
Issiq choy qon ketishini keltirib chiqarishi mumkin
Britaniyalik otolaringolog va plastik jarroh Genri Sharpning fikricha, kuydiradigan darajada qaynoq choy ichish odati burun-xalqum tomirlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Piyoladan chiqayotgan bug‘ ularni kengaytiradi va ko‘pincha burundan qon ketishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, issiq choy qizilo‘ngach saratonining rivojlanish xavfini oshirishi mumkinligi haqida taxminlar mavjud.
Bu ichimlik uchun eng muvofiq bo‘lgan harorat 50–60 °S hisoblanadi.
-
Haddan tashqari achchiq choy tishlar va suyaklarga zarar yetkazadi
Yillar davomida haddan tashqari achchiq choy ichish natijasida tishlar zararlanishi va suyaklar mo‘rt bo‘lib qolishi mumkin. Bu – skelet flyuorozining belgilari hisoblanadi. Bu kasallik suyaklarda ftorning yig‘ilib qolishi oqibatida paydo bo‘ladi. Achchiq choy orqali ham organizmga ftor moddasi kelib tushadi.
Parhezshunoslar bir kunda 4—5 piyoladan ko‘p bo‘lmagan miqdorda choy ichishni tavsiya qiladi.
-
Choyni ovqatdan keyin iste’mol qilish temir yetishmasligiga olib kelishi mumkin
2011 yilda Kaliforniya universitetida o‘tkazilgan tadqiqotlar choy temir moddasining organizmga ovqat bilan birga kelib tushishiga va singishiga to‘sqinlik qilishini isbotladi.
Shuning uchun shifokorlar bu ichimlikni nonushta, tushlik yoki kechki ovqat mahali emas, balki ovqatlanishdan hech bo‘lmasa 20 daqiqadan keyin ichishni maslahat beradi.
-
Choy uyqusizlikni keltirib chiqaradi
Bunga choy tarkibidagi kofein va xushbo‘y moddalar sababchidir. Kechqurun choyning tetiklashtiruvchi xususiyati uyqungizni qochirishi mumkin. Agar kechqurun choy ichishni xohlasangiz, yaxshisi o‘simliklardan qilingan damlamalardan ichganingiz ma’qul.
Manba: Daryo.uz