Bilasizmi?

Davlat test markazi abituriyentlar uchun muhim yangilikni e’lon qildi

Abituriyentlar uchun Davlat test markazi tomonidan muhim qulayliklar yaratildi. Bu haqda DTM axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom» asosida kiritilgan o‘zgarishlarni hisobga olib, 2018 yil may oyidan boshlab Repetitsion test materiallari yangi shaklda chop etiladi. Yangi shaklga muvofiq savollar kitobida har bir fandan 30 tadan savol va javoblar varaqasida savollar raqamlariga mos raqamdagi doirachalar bo‘ladi.

Bu bilan abituriyentlar 1-15 avgust kunlari test sinovlarida ishlatiladigan savollar kitobi va javoblar varaqasining yangi shakli bilan tanishish, ular bilan ishlash ko‘nikmasini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Shuningdek, may oyidan boshlab yangi tuzilgan savollardan namunalar berilib, joriy yilda test sinovlarida ishlatiladigan savollardan namunalar chop etib boriladi. Namunaviy savollar fanlar kesimida e’lon qilinadi. Ular bilan Davlat test markazining «Axborotnoma» ilmiy-uslubiy jurnali maxsus sonlarida tanishish mumkin. Hozir jurnalning bir nechta maxsus sonlarini nashrga tayyorlash ishlari yakunlanmoqda. Jurnallarni Davlat test markazi va uning viloyatlardagi bo‘linmalaridan olish mumkin.