AQShning Illinoys shtatidagi Shimoli-G‘arbiy universiteti dermatologlari qimmat kosmetika vositalari va plastik jarrohlik usulisiz yuzni yoshartirish yo‘lini topdi, deb xabar bermoqda Darakchi.uz. Tadqiqot ishlari "JAMA Dermatology" jurnalida chop etilgan.
Universitet olimlari yuz uchun 20 haftaga mo‘ljallangan maxsus mimika mashqlar dasturini ishlab chiqishdi. Dasturda 40 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan 16 nafar ayol qatnashib, yigirma hafta davomida kuniga yarim soatdan o‘ttizdan ziyod mimika mashqlarini bajarib borishdi. Dastur nihoyasida ishtirokchilarning tajribadan oldin va keyin tushgan fotosuratlari taqqoslandi. Xulosaga ko‘ra ayollarning yuzi kamida 10-15 yilga yoshargan.
Shunday bo‘lsa-da tadqiqotchilar yanada aniqroq xulosa olish uchun tajribani endi ko‘p sonli ayollarda o‘tkazish lozimligini ta’kidlamoqda.
– Galdagi tajriba ham o‘zini oqlasa, biz yuzni yoshartirishning eng arzon va xavfsiz usulini topgan bo‘lamiz, – deydi, tadqiqot muallifi Murod Alam. – Maxsus mimika mashqlari yuz terisi ostidagi mushaklarning yiriklashuviga olib keladi. Natijada yuz to‘lishib, teri taranglashadi.