Bilasizmi?

Dizayner Gulchehra Yunusova yangi liboslar to‘plamini namoyish etdi (foto)

Gigu brendi ostida faoliyat yuritadigan dizayner Gulchehra Yunusova navbatdagi liboslar to‘plamini taqdim etdi, deb yozadi Daryo.uz.

Ramadan nomli liboslar to‘plami namoyishidan avval, tomoshabinlar e’tiboriga viderolik namoyish etildi. Unda 2010 yilda faoliyatini boshlagan Gulchehra Yunusovaning bugungacha erishgan muvaffaqiyatli onlari hamda ish jarayonlari aks etdi. Taqdimotni Zaynabbegim Yunusova olib bordi.

Asosan, ayollar liboslarini yaratuvchi dizaynerning bu galgi to‘plamidan erkaklar kiyimlari ham o‘rin olgan. Ilk namoyish ham aynan erkaklar uchun yaratilgan yaktaklar taqdimotidan boshlandi. Dizayner milliy yaktaklar bichimiga zamonaviy moda elementlarini qo‘shgan holda yangicha ko‘rinish yaratgan.

Ekranda aks etgan muslima ayol obrazi va unga monand yozilgan «O‘zbek ayoli» nomli go‘zal she’rdan so‘ng, ayollar libosi namoyishiga navbat berildi.

«Liboslarda asosan, shoyi adras, shifon va villur matosi ishlatilgan. Ranglar bir-biriga uyg‘un hamda yorqin. Ortiqcha e’tiborni tortmaydi, liboslarni kundalik turmushda ham, bazmlarda ham kiyish mumkin. Eng muhimi, liboslarni tayyorlashda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan matolardan foydalanilgan», — deyiladi xabarda.

Taqdimotni xonanda Madina Mumtoz o‘zining «Ramazon» nomli yangi taronasi bilan yakunlab berdi. Shundan so‘ng, bayram dasturxoni barchani o‘z atrofiga chorladi.

To‘plamni Ramadan deb nomlanishiga sabab - mazkur muborak oy arafasida taqdim etilayotganidir. Barchaga bayram tuhfasi bo‘lishini istadik. Undan 24 ta ayollar, 9 ta erkaklar va bitta qizaloqlar libosi o‘rin egallagan. Har gal liboslarimda milliy matolardan foydalanaman. Navbatdagisida ham milliyligimizni saqlab qolishga alohida urg‘u berganman».

Gulchehra Yunusova, Gigu brendi asoschisi

Har bir taqdimoti o‘ziga xos, bu galgisi ham menda katta taassurot qoldirdi. Kutmagandim, juda chiroyli liboslar yaratgan. Shunaqa chiroyli qilib yaratib qo‘yganidan, o‘zim ham shunday usulda kiyinishni istab qoldim. Bu esa Gulchehraning yutug‘i, deb hisoblayman».

Umidaxon, xonanda

Gulchehraning tikayotgan liboslarida sharqonalik, arab yo‘nalishi bor. Shu sabab uning ishlash uslubi boshqa dizaynerlardan farq qiladi. Bugungi liboslar ham juda chiroyli. Kundalik kiyganda ham noqulaylik keltirib chiqarmaydigan bejirim liboslar bo‘lgan. Ijodlariga ulkan parvozlar tilayman. Ulardan kutilmagan va yanada qiziqarli liboslar to‘plamini kutib qolamiz.

Shahzoda Muhammedova, dizayner va aktrisa

Taqdimot marosimiga Zarina Nizomutdinova, Dilso‘z, Shahzoda Matchonova, Nilufar Usmonova, Shahzoda Muhammedova, Lola Axmedova, Madina Mumtoz, Xalimaxonim Ibragimova, Umidaxonlar ham tashrif buyurdi.