Doimiy stress sharoitida qanday qilib g‘ayrat-shijoatni qayta tiklash, kuch-quvvatni saqlab turish mumkin?
Kuz faslida ko‘pchilik o‘zida holdan toyish, lanjlik, seruyqulikni sezadi. Mutaxassislar fikricha, avvalambor, ovqatlanish va suyuqlik ichish rejimiga e’tibor qaratish lozim.
Albatta nonushta qiling
O‘zingizni har kuni ertalab taom yeyishga o‘rgating, u maksimal darajada foydali bo‘lsin. Masalan, qatiq, meva va yong‘oq solingan so‘li yormasidan bo‘tqa, yangi uzilgan mevalar sizga butun kun uchun quvvat va tetiklik bag‘ishlaydi.
Kofeinni istisno qiling
Qahva organizmga qisqa muddatli energiya beradi, xolos. Undan ko‘ra, o‘tli choylar, sharbatlar, mineral suv kabi ancha foydaliroq ichimliklarga o‘tish joiz. Shuningdek, kuniga kamida 1,5 litr gazsiz suv ichish tavsiya etiladi.
Kuchli ovqatdan voz keching
Og‘ir taomlar sizga tetiklik bag‘ishlashi amri mahol. Keragidan ortiqcha yeb qo‘yishdan ehtiyot bo‘ling — yaxshisi, kam-kamdan tez-tez tanovvul qilgan ma’qul. Iloji boricha, yog‘li, achchiq va xamirli taomlardan ham voz keching.
Sport bilan shug‘ullanishni boshlang, nihoyat!
Chidamlilik va faollikni oshirish uchun sport bilan shug‘ullanish kerak. Kundalik ertalabki gimnastika, piyoda sayr qilish, stadionda yugurish yoki uyda videoko‘rsatma orqali shug‘ullanish — istaganingizni tanlashingiz mumkin.
To‘yib uxlang
Ertalabdan tetiklik hissini tuyish uchun to‘yib uxlash zarur. Katta odam organizmi to‘liq dam olishi uchun sakkiz soat talab etiladi. Muntazam ravishda uyquga to‘ymaslik mehnat qobiliyatingiz va tashqi ko‘rinishingizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Barcha tashvishlarni unuting va dam oling!
Biz doimiy vaqt tangligi rejimida yashashga o‘rganib qoldik, natijada keti uzilmaydigan stresslar, tajanglik, hamkasblar va yaqinlar bilan janjallar kelib chiqadi. Shu tufayli, bo‘shashish va dam olishga o‘rganish juda zarur, shu yo‘l bilan kuch-quvvatni tiklash mumkin. Mutaxassislar “sekinlashish” va har kuni hech bo‘lmaganda yarim soat hech qayerga shoshmasdan, faqat o‘zingiz uchun vaqt ajratishni maslahat beradi.