“Lady.mail.ru” dunyo taqdirini qo‘llarida tutgan ba’zi nufuzli siyosatchi ayollarning hayot tarzi haqida hikoya qildi.
Tereza Mey
59 yosh, Birlashgan Qirollik bosh vaziri
Ingliz xonim banker Filip Meyga turmushga chiqqan — ular Oksfordda o‘qib yurgan vaqtidayoq tanishgan. Er-xotin Sonning shaharchasida kichik uyi bor. Ular Alp tog‘lariga piyoda chiqishni yoqtiradi, do‘stlar davrasida haqiqiy ovqat shinavandasi (gurman) sifatida mashhur. Tereza tan olishicha, uning turmushiga qachonlardir soya solgan yagona narsa — bu farzand ko‘rish imkoniyatining yo‘qligi.
“Biz farzandli bo‘la olmaymiz. Biz buni qabul qildik va yo‘limizda davom etyapmiz. Umid qilamanki, hech kim buni mening kamchiligim deb hisoblamaydi. Men boshqa odamlarni tushunib, ularga hamdardlik qila olaman”, — deydi Tereza Mey.
Mey yorqin liboslarga va leopard naqshli poyabzallarga o‘ch. “Odam ham aqlli, ham kiyimga o‘ch bo‘lishi mumkin”, — deb hisoblaydi u.
Angela Merkel
61 yosh, Germaniya kansleri
Merkel ikki marta turmush qurgan, birinchi turmushini u xato deb hisoblasa, ikkinchisida, aksincha, baxtiyor. Angelaning turmush o‘rtog‘i, Ioaxim Zauer oshkoralik va hashamatni yoqtirmaydi: aytishlaricha, u xususiy samolyotlarda uchmaydi, balki arzon avialiniyalarni afzal ko‘radi. Biroq u Merkelning joni-dili bo‘lgan opera yoki piyoda sayohatlarda xotiniga doimo hamrohlik qiladi.
Merkelning farzandlari yo‘q, lekin u faqat ishga ko‘milib qolmaydi: Germaniya kansleri, masalan, bog‘ ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishni, futbol ko‘rishni va taom tayyorlashni xush ko‘radi.
Angelaning kiyinish uslubi esa o‘ziga xos: u doimo bir xil bichimdagi, ammo turli ranglardagi pidjaklarni kiyadi.
Shayx Xasina Vazed
68 yosh, Bangladesh bosh vaziri
Taqdiri juda og‘ir bo‘lgan bu ayolni yevropalik siyosatchi xonimlar bilan bir qatorga qo‘yib bo‘lmaydi — aholisining katta qismi musulmon bo‘lgan ushbu mamlakatda ayol kishiga muvaffaqiyatli karera qurish doim ham nasib etavermaydi. Ammo kuchli, irodali, dovyurak Shayx Xasina, undan tashqari har kimning irodasini sindirishi mumkin bo‘lgan qo‘rqinchli voqealarni boshidan kechirgan: qarindosh va aka-ukalarining o‘ldirib ketilishi, ona vatanidagi davlat to‘ntarishlari, quvg‘in, teraktlar, suiqasdlar… Shunday bo‘lsa-da, u hech qachon o‘ziga va xalqiga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmadi.
“Tarixda sening shaxsiy muvaffaqiyatlaring emas, ko‘p sonli odamlarga ta’sir qilgan ishlaring qoladi. Shaxsiy ishlar uchun menda deyarli vaqt yo‘q”, — deydi Shayx Xasina.
Shayx 40 yildan ortiq birga yashagan turmush o‘rtog‘i, yadro fizikasi olimi 2009-yilda vafot etdi. Ammo Xasina yolg‘iz emas: bosh vazirning bo‘sh vaqti bo‘ldi deguncha, u o‘zining yetti nabirasini ko‘rgani boradi. Bundan tashqari, u badminton o‘ynashni yoqtiradi, ammo bunga vaqti ham qolmasa kerak, axir mamlakatga xizmat qilishi kerak.