Salomatlik

E’tiborli bo‘ling — xastalanmaysiz!

Inson tanasida his qiluvchi shunday alomatlar borki, bir qarashda oddiy tuyulsa-da, ularga, albatta, e’tibor qaratish lozim. Har kim uchun birinchi yordamchi insonning o‘zi. Og‘ir asoratlar yuzaga kelmay turib, davo choralarini ko‘raylik.

“Ko‘ksim og‘irlashib ketyapti”

Ko‘krak qafasidagi har qanday og‘riq, ayniqsa, terlash, qon bosimi oshishi, nafas qisishi bilan kechsa, yurak xastaliklarining darakchisi bo‘ladi. Jismoniy harakatlar payti ularning kuchayishi yaxshilikka emas. Eng yomoni, bu belgilar ro‘y berajak yurak hurujidan xabardor etayotgan bo‘lishi mumkin. Shifokorga murojaat qilish lozim.

“Qo‘l-oyoqlarimda jon yo‘qday”

Qo‘l-oyoqlardagi kuchsizlik, boz ustiga, ularning uvishib qolishi insultning birlamchi alomatlaridan biri bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Ayniqsa, bu belgilar tananing faqat bir tomonida sezilsa. Gavda muvozanatini saqlay olmaslik, bosh aylanishi, yurishga qiynalish kabilar ham kuzatilayotgan bo‘lsa, zudlik bilan mutaxassis qabuliga borish kerak.

“Nafas olish qiyinlashgan”

Kimdir bu belgini keksalik, kimdir semizlik bilan bog‘laydi. Achinarlisi, ko‘pchilik shu vajlarni ro‘kach qilib, o‘z holatiga e’tibor qaratmaydi. Vaholanki, nafas olishning qiyinlashishi, xirillash, hushtak chalganga o‘xshash ovozlar eshitilishi astma, turli o‘pka xastaliklari, allergiyaning og‘ir shakli, kimyoviy unsurlar belgisi bo‘lishi mumkin. Shifokorgina aniq sabab va davo chorasini belgilaydi. Demak, tibbiy ko‘rikni ortga surmang!

Manba: Darakchi.uz