Bilasizmi?

Endi saraton kasalligi Samarqandda ham davolanadi

O‘zAda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Mirjalol Jo‘rayevning maqolasi e’lon qilindi.

Unda yozilishicha, Prezidentimizning joriy yil 4 apreldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etildi. Joylardagi onkologiya dispanserlari, jumladan, Samarqanddagi muassasa ham ushbu markaz filialiga aylantirildi. Tibbiyot markazi va uning filiallari eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Qo‘shimcha shtatlar ajratildi hamda shifokor mutaxassislar jahonning yetakchi tibbiyot markazlarida malaka oshirishi va tajriba almashishi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Prezident tashabbusi bilan nafaqat poytaxt, balki viloyatlarda ham aholiga yuqori sifatli, zamon talablariga to‘la javob beradigan tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida yurtimizdagi ixtisoslashgan tibbiyot markazlari yetuk mutaxassislari viloyatlardagi muassasalarga rahbar etib tayinlandi.

"Ana shunday yuksak ishonch tufayli qariyb bir oydan buyon Samarqandda faoliyat ko‘rsatmoqdaman. Shu paytgacha Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i sifatida ishlaganimda Samarqanddagi dispanser haqida ayrim ma’lumotlarga ega edim. Bugun ushbu muassasada ish boshlab, bemorlar va ularning yaqinlari bilan suhbatlashib, bevosita aholi bilan uchrashib shunga amin bo‘ldimki, malakali tibbiy xizmatni birinchi navbatda quyi tizimda tashkil etishimiz zarur ekan.

Shu bois, avvalo, tuman, shahar tibbiyot birlashmalaridagi onkologlar faoliyatini o‘rganib, bu vazifada aynan mutaxassislar ish olib borishi choralarini ko‘ryapmiz. Xususan, 6 nafar mutaxassisligi bo‘lmagan shifokor o‘rniga onkolog tayinlandi. Soha bo‘yicha kadr yetishmaydigan hududlarga viloyatdan yosh shifokorlarni yuboryapmiz. Chunki, avvalo tuman va shaharlarda aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlari olib bormas, onkologik kasalliklarni erta aniqlash chorasini ko‘rmas ekanmiz, xastalik kuchaygan paytda har qanday zamonaviy tibbiyot markazi ham davolashi qiyin kechadi.

Bundan tashqari, filial mutaxassislaridan iborat guruhlar tuzib, har hafta shanba kuni tumanlarda aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, profilaktik suhbatlar olib borish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Faoliyatimning dastlabki kunlaridanoq xodimlarning har biri bilan suhbatlashib, ularning bilimi, maqsad va o‘ylari bilan qiziqdim. Zarur tavsiyalar berdim, fikr almashdik. Jumladan, 30 dan ortiq yosh mutaxassis o‘z faoliyatini ilmiy izlanishlar bilan birga olib borishga ahd qildi. Ular uchun shifoxonada til o‘rganish kurslari tashkil etdik. Uch nafar yosh xodim esa aspiranturada o‘qishni davom ettiradigan bo‘ldi. Shu paytgacha aspirantlar Toshkentga yoki xorijga borib o‘qigan bo‘lsa, endi shifoxonamizning o‘zida ishdan ajralmagan holda ilmiy izlanish olib boradi. Albatta, bu jarayonda poytaxtda yoki xorijda malaka oshirib kelishiga ham imkoniyat yaratib beramiz.

Hindiston, Rossiya, Janubiy Koreya kabi qator tibbiyoti rivojlangan davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlarga muvofiq, har yili 15-20 nafar yosh mutaxassis ushbu davlatlardagi klinikalarda malaka oshirib, zamonaviy asbob-uskunalarni boshqarishni o‘rganib keladi. Shuningdek, xorijiy klinikalarning malakali mutaxassislarini Samarqandga taklif etib, yosh shifokorlar uchun mahorat darslari tashkil etamiz.

Filialda faoliyat boshlaganimdan buyon o‘tgan qisqa vaqt ichida shu paytgacha poytaxtda yoki xorijda amalga oshirilgan 8 murakkab jarrohlik amaliyotini yosh mutaxassislar bilan birga filialning o‘zida bajardik. Bu amaliyotlarning barchasi muvaffaqiyatli o‘tdi. Endi har qanday murakkab jarrohlik ishlarini filialda bajaramiz. Zarur bo‘lsa, poytaxtdan yoki xorijdan shifokor jalb etamiz.

Shifoxonamizda onkologik kasalliklarni jarrohlik, kimyoterapiya va nur terapiyasi asosida davolashning zamonaviy tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, kasalliklarni endoskopik va radioterapevtik davolash bo‘yicha eng zamonaviy uskunalar keltiramiz. Bu esa qizilo‘ngach, me’da, yo‘g‘on ichak va qovuq saratoni, ayniqsa, ayollarda ko‘p uchraydigan sut bezi, bachadon bo‘yni hamda oshqozon saratoni xastaliklarini samarali davolash imkoniyatini oshiradi.

Tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanish jarayonlari xalqimiz salomatligini muhofaza qilish, aholiga yuqori sifatli, zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatishga qaratilgan ekan, ushbu maqsadga erishish yo‘lida bilim va imkoniyatimizni safarbar etish biz shifokorlarning insoniy burchimizdir", - deydi maqola muallifi.