Bilasizmi?

Endilikda toshkentlik xotin-qizlar xorijga chiqish uchun suhbatdan o‘tishi shart emas

Toshkentda yashovchi xotin-qizlar endilikda xorijga chiqishga ruxsatnoma olish uchun migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida suhbatdan o‘tishga majbur emas. O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari 25 may kuni shu haqdagi farmoyishni imzoladi, deya xabar qildi Toshkent IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev.

Shayxontohur migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i Dilshod Qodirovning «Gazeta.uz»ga xabar qilishicha, qizlar va ayollar endilikda turmush o‘rtog‘i ruxsati yoki ishonchli shaxs kafolati, mahalladan ma’lumotnoma olishi va qon tahlillarini topshirishi shart emas.

«Avvallari mamlakatdan vaqtincha chiqish uchun hujjat topshirgan 18 dan 35 yoshgacha bo‘lgan ayollar suhbatdan o‘tishga majbur edi. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev topshirig‘i bilan endilikda bunday suhbatlar o‘tkazilmaydi», — dedi u.

IIBB matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, 2011 yildan buyon ichki ishlar vaziri topshirig‘i bilan xorijga mustaqil ravishda,ya’ni hamrohsiz xorijga chiquvchi 18−35 yoshdagi qizlar va ayollar majburiy tartibda suhbatdan o‘tishlari shart. Bunday qaror odam savdosi va fohishabozlikka qarshi kurash maqsadida qabul qilingan.

Biroq keyinroq xorijga hamroh bilan chiqadigan ayollarga ham suhbatdan o‘tish majbur qilib qo‘yildi. «Barcha ayollarni suhbatga jo‘natishni boshlashdi, ulardan chiqishdan maqsadni so‘rash, mahalladan, o‘qish joyidan ma’lumotnoma, ota-onalardan tushuntirish xati, OIV uchun qon tahlili va boshqa keraksiz hujjatlar talab qilina boshlandi», — deydi suhbatdosh.

Yangi tartib hozircha faqatgina Toshkentda amalga joriy etiladi. Poytaxt IIBB mamlakat IIVga bunday talabni qayta ko‘rib chiqish taklifi bilan chiqdi.

IIBB pasport-viza rejimidagi boshqa keraksiz to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida farmonlar, farmoyishlar va boshqa hujjatlar qo‘shimcha ravishda o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Jumladan, uzoq muddat (uch oydan oshiq) xorijda bo‘lib, vatanga qaytgan O‘zbekiston fuqarolarini huquqni muhofaza qilish organlari vakillari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazishni bekor qilish taklif qilinmoqda.