Bilasizmi?

«Er-xotinning yoshi munosabatlarga ta’sir etadimi?»

«Erim mendan sakkiz yosh katta. Qachon qarama «Ko‘p narsaga aqling yetmaydi, hali yoshlik qilasan» deb nasihat qilgani-qilgan. Uning yo‘l-yo‘riqlari, hatto, yotoqxonamizda ham tinmaydi...» «Meniki esa o‘zim bilan tengdosh. Balki shungadir urishsak ham tezda yarashib olamiz. Keyin «nozik» munosabatlarda ham qarashlarimiz o‘xshash...» «Tergab, yo‘lga solib turgani yaxshi-da. Yoshi o‘zingdan kichik bo‘lsa, ayol ekaningni ham unutib qo‘yarkansan, gohida...»

Bular to‘qima «hikoya»lar emas, shifoxonada navbat kutayotib eshitganlarim, aslida. Er-xotin o‘rtasidagi yosh tafovuti ehtimol kimgadir u qadar jiddiy ko‘rinmas. Biroq aynan shuni deb, kelisha olmayotgan yoxud bir-birini hamon «anglash» bilan ovora bo‘lgan oilalar ham yo‘q emas oramizda. Xo‘sh, buning sababi nima? Nozik munosabatlarga ta’siri bormi? Mavzuni hayotiy misollar yordamida tahlil qilishga urinib ko‘ramiz.

Mutaxassis – androlog-seksopatolog Dilmurod ERGAShEV.

Tibbiyotda inson yoshi ikkiga ajratiladi. Biri organizmning biologik yoshi, ikkinchisi esa psixologik yosh. Aytaylik, yoshingiz 40da, ammo o‘zingizni 30 yoshlardek his etasiz.  Demakki, ko‘rinishingiz ham shunga mos. Aslida, yosh nisbiy tushuncha. Biroq oilaviy munosabatlarda u muammoga sabab bo‘lsa, albatta yechimini topish zarur. Surishtiruvimizga ko‘ra, aniqlangan holatlarni tahlil qila turib, ayollarga maslahat berishni lozim topdik. Negaligini esa sahifa so‘ngida bilib olasiz.

TENGDOShLAR... Yoshlikdan bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan sinfdosh yoxud kollej, institutda tanishib, sevishib qolgan juftliksiz. Turmush qurguningizga qadar bir necha yil uchrashib yurib, bir-biringiz haqida  to‘liq ma’lumot olgansiz go‘yo. Ammo bir oila bo‘lib yashay boshlagach, tasavvurlaringiz boyiydi. To‘g‘ri, nozik munosabatlarda jiddiy muammongiz yo‘q. Chunki qarashlaringiz o‘xshash. Bu borada yagona to‘siq – bir-biringizni tushunmasligingiz. U «er» maqomini istaydi, siz bo‘lsa, «Qo‘limdan kelganicha harakat qilayapman» «rejimi»ni ma’qul ko‘rasiz. Xo‘sh, «san-man»ingiz yotoqqacha kirib bormasligi uchun nima qilish lozim?

–  U bir vaqtlar ortingizdan ergashib, tuni bilan derazangiz tagida o‘tirib chiqqan oshig‘ingiz bo‘lsa ham, endilikda «lavozi»mi oshgan. Juftingiz u! Shunga yarasha muomalani istaydi. Endi sizni navbatingiz – xushomad qilishu mulozamatni o‘rniga qo‘yishga.

–  «Avval boshqacha edingiz» kabi vajlarni bas qiling! Yosh qizcha emas, ayolsiz endi!

–  Yoshingiz tengligi sabab ayrim mavzularda bir hil fikrlaysiz, ba’zilarida esa aksincha. Agar bu  yaqinlik masalasidagi munozara bo‘lsa, juftingizga imkon bering, fikrini tinglang.

–  O‘xshash fikrlashingiz munosabatlarda bir xillikni yuzaga keltirmasin. Rang-baranglik kiritishga harakat qiling. Yo‘qsa, ehtiroslar alangasi so‘nib, «shartli er-xotin refleksi» paydo bo‘lishi mumkin.

1-2-3 YoSh FARQ BO‘LSA... Psixologlar fikricha, er-xotin o‘rtasidagi bunday yosh tafovuti eng ko‘p uchraydigan holatlardan biri sanaladi. Ammo aynan mana shu oilalarda ehtiros va tushunmovchiliklar tengma-teng yurishi aytiladi. Sabab? Yosh tafovuti bir yilni tashkil qilgan juftliklar ko‘pincha bir-birini tinglashmaydi. Er-xotin orasidagi yosh farqi ikki yil bo‘lganlarda esa bir-biriga yon bosish taqchil. Uch yosh – bunda ko‘pincha er-xotin munosabati ayol xarakteri va bilimdonligiga bog‘liq. Xo‘sh, «shaxsiy» hayotda-chi?

–  Ayol juftidan uyalishi, uning istaklariga qarshi borish mumkin. Erkak esa buning aksini istaydi.

–  Ayol yaqinlik borasida fikrlarini ochiq aytolmaydi. Erkak esa bunga imkon yaratish kerakligini tushunmaydi.

–  Ayol ro‘zg‘or ishlari, bolalar bilan o‘ralashib, «nozik» munosabatlarni ikkinchi o‘ringa surib qo‘yadi. Erkak, unga bu holat tabiiyki yoqmaydi.

Keltirilgan holatlar tahmin bo‘lishi ham mumkin. Ammo farazlarning ro‘yobga chiqishi yoki aksincha xayollarda qolib ketishi o‘zingizga bog‘liq.

8-10 YoSh FARQ BO‘LSA... Turmush o‘rtog‘ingiz uylangunicha karera qilgan, «oyoqqa turib» so‘ng oila qurgan yigitlardan. Hayot maktabida savodi chiqqanki, kezi kelganida nasihatlaridan «qoningiz» qaynaydi. O‘zingizni xuddi yosh boladek sezasiz. Alam qilgani yolg‘iz qolganingizda ham bu xis sizni tark etmaydi. Shuni deb, harakatlaringizni nazorat qilasiz, biror ishni noto‘g‘ri bajarishdan cho‘chiysiz. Xo‘sh, nega shunday? O‘ylab ko‘rganmisiz?

–  Orangizdagi yosh tafovuti haqidagi o‘ylar miyangizga zulukdek yopishib olgan. Har o‘ylaganingizda asab torlaringizni siqaveradi. Aslida esa yoshdagi farqqa e’tibor bermaslik kerak. Axir baxt, yoshingizga qarab berilmaydi-ku.

–  Yoringiz oldida uquvsiz ko‘rinishdan qo‘rqasiz. Imkon bering, o‘rgatsin, yo‘lga solsin. Erkaklar buni yoqtirishadi.

–  U bilan ko‘proq suhbatlashing. Ammo turmushdagi muammolar yotoqxonaga kirmasin. Shaxsiy hududda faqat siz va u, demak mavzu ikkingiz haqingizda.

–  Turlanishni o‘rganing! Zeb bering, ko‘rkam bo‘ling, sizni ko‘rib juftingizning ko‘zi quvnasin!

AYoL 3–4 YoSh KATTA BO‘LSA-ChI? Yuqoridagi vaziyatlarga qaraganda nisbatan kamroq uchrasa-da, bunday oilalarda ham muammolar yo‘q emas. Norozilik ikki tarafdan ham chiqishi mumkin. Erkak o‘ziga nisbatan hurmatsizlikdan nolisa, ayol istaklari amalga oshmayotganidan shikoyat qiladi. Aslida esa o‘zaro uyg‘unlikka erishish kerak, xolos.

–  Umr yo‘ldoshingizning yoshi sizdan kichikligi bois uni rashk qilasiz, ba’zan «Men u istayotgan ayol bo‘lolayapmanmi?» kabi o‘y ham ta’qib qiladi. O‘zingizga ishonchingiz baland bo‘lsa, har qanday tannozni ortda qoldirasiz.

–  Gohida eringiz o‘zini noqulay sezayotgandek tuyuladi. Bundan chiqdi munosabatlaringizga o‘zgartirish kiritish lozim. Yetakchilikni unga topshiring. Ayollik makrini ishga solarsiz-a?!

–  Ayollar organizmiga xos almashinuv jarayonlari hamma qatori sizda ham sodir bo‘ladi. Ammo buning uchun avvaldan «nog‘ora chalish» shart emas. Asabni qanchalik ehtiyot qilsangiz, o‘zgarishlar shunchalik bilinmay kechadi.

–  Bilimdon va ustamon ayol bo‘ling. Toki turmush o‘rtog‘ingiz o‘zini beklardek sezsin. Shunda o‘rtangizdagi yosh farqi ham bilinmaydi.

–  Eng muhimi, yoshingiz haqida o‘ylashni bas qilsangiz, turmushingiz ham, munosabatlaringiz ham osoyishta bo‘ladi.

«Nega bizga ko‘zgu tutasiz, erkaklar-chi?» deya ranjimang. Juftingiz bosh bo‘lsa, siz bo‘yinsiz. Munosabatlarni yo‘lga solishda bosh rol sizniki! Muhimi, ijroni bo‘rttirib yubormang. Har qanday vaziyatda va har qachon juftingizni to‘rga chiqaring. Shunda yutqazmaysiz!

Manba: Darakchi.uz