Qiz bola palaxmon toshi degan gap bejiz aytilmagan. Kelin bo‘lib ota uyini tark etayotgan qizni «borgan joyingda toshdek qotgin», deb ham duo qilishadi momolarimiz. O‘ylab qolasan, kishi, nega aynan tosh? Buni chiroyliroq qiyosga almashtirish ham mumkin edi-ku?! Javob topishga uringaningda turfa taxminlar, mulohazalarga duch kelasan. Ehtimol bu yangi xonadonga moslashish, yangi oila a’zolari ko‘ngliga yo‘l topish uchun toshdek og‘ir-vazmin bo‘lish kerak, deganimikan?.. Xullas, palaxmon toshi otildi. Qiz o‘zga xonadonga kelin bo‘lib tushdi. Endi u turmush o‘rtog‘ining oila a’zolari va qarindosh-urug‘lari ko‘ngliga yo‘l topa olishi kerak. Aks holda…
Oltin qoidalar
Qaynota, ayniqsa, qaynonasidan, qaynopayu qaynsingillaridan noliydiganlarni ko‘p uchratamiz. Ular bilan til topisha olmaslikning esa ikki asosiy natijasi bor. Yaxshisi — ular bilan yaxshi munosabat o‘rnata olsangiz, ahil oilaga ega bo‘lasiz. Yomoni — eringizning yaqinlari bilan o‘rtangizdagi salbiy munosabat o‘z oilangizning ham buzilishiga sabab bo‘lishi hech gap emas. Xullas, qaynota-qaynonangiz bilan bir tom ostida yashaysizmi, alohidami, ular bilan munosabatlarda muayyan qoidalarga amal qilganingiz foydadan xoli bo‘lmaydi.
1. Qaynonangizdan tez-tez maslahat so‘rab turing. Qaynonangiz buni e’tiborliligingizga yo‘yib, xursand bo‘ladi. Agar biror gapi sizga yoqmayotgan bo‘lsa, rad etishga shoshilmang. Bosiqlik va hurmat bilan o‘z variantingizni ham taklif qilib ko‘ring.
2. Bardoshli bo‘ling. Bu qoida har bir ishda, hatto, eng mayda ishda ham qaynota-qaynonasining maslahatlar beraverish odati borlarga tegishli. Ayniqsa, gap farzandingiz salomatligi borasida ketayotgan bo‘lsa, buva va buvisining ko‘rsatmalarini qat’iy rad etmang. Axir ular nima bo‘lganda ham, yaxshilik istashadi. Hatto, maslahatlar haddan ortib ketayotgani sizga yoqmayotgan bo‘lsa ham buni ularga bildirishingiz shart emas. Shunchaki vazminlik bilan qaror qabul qiling.
3. Qaynonangizning har qanday sovg‘asini qabul qiling. Agar ular orasida sizga yoqmaganlari bo‘lsa ham javoningizning bir burchagiga tashlab qo‘ymasdan, hech bo‘lmasa, qaynonangiz oldida foydalansangiz, sizdan xursand bo‘ladi.
4. Har bir bayramda tabriklashni unutmang. Yangi xonadonga kelin bo‘lib tushgach, har bir tug‘ilgan kun va boshqa bayramona sanalarni aniqlab, o‘zingiz uchun belgilab qo‘ying. Bu borada turmush o‘rtog‘ingizga suyanmasangiz ham bo‘ladi. Erkaklar bunday «mayda-chuyda»larni har doim ham eslab qolavermaydi. Aksincha, unga otasi yoki onasining tug‘ilgan kuni ekanini o‘zingiz eslatib turishingizga to‘g‘ri keladi.
5. Farzandlaringizni buva-buvisiga mehrli qilib tarbiyalang. Ular uyingizga mehmon bo‘lib kelishsa, xursand bo‘ling. Bolalarga buvajonisi va buvijonisi olib kelgan o‘yinchoqlarni maqtang, qo‘ng‘iroq qilib, bolalaringizni qaynota-qaynonangiz bilan gaplashtiring. Axir hammadan ham bu aynan farzandlaringiz uchun kerak! Ular nafaqat ota-onaga, shuningdek, sevimli buva va buviga ham muhtoj. Bola atrofida mehrli va mustahkam oila muhitini yaratish aynan sizning qo‘lingizda.
Ayrim «mumkin emas»lar
- Birinchidan, har qanday vaziyatda ham turmush o‘rtog‘ingiz yonida uning yaqinlarini, ayniqsa, onasini yomonlab gapirmang. Unga onasi bilan gap talashib qolganingiz tafsilotlarini so‘zlab berishga shoshilmang. Qaynonangizning bu tortishuvdagi noto‘g‘ri xatti-harakat va gap-so‘zlarini izohlashga urinmang. Vazmin bo‘ling!
- Ikkinchidan, turmush o‘rtog‘ingiz ikki o‘t orasida qolib ketadigan vaziyatni yuzaga keltirmaslikka harakat qiling. Unga yaqinlari bilan o‘rtangizdagi ziddiyatlardan shikoyat qilish o‘rniga muammoni mustaqil hal qilishga urining. Hech ilojini topolmasangiz, turmush o‘rtog‘ingizni muammoning amaliy yechimini topish uchun jalb qilishingiz mumkin.
- Va nihoyat, agar uning oilasi bir-birini ma’qullamaydigan ikki guruhga bo‘lingan bo‘lsa, hech bo‘lmasa bir tomonning hurmatini qozonish uchun ulardan biriga yon bosmang. Betaraflikka rioya qilib, hamma bilan bir xil munosabatda bo‘lishga urining. Shunda fitnachi, janjalkash kabi nomga ega bo‘lmaysiz.
Xulosa Turmush o‘rtog‘ingiz va uning yaqinlari bilan munosabatda bir umumiy qoidaga amal qiling. Bu ham bo‘lsa, samimiylik. To‘g‘ri, hammadan ko‘ra turmush o‘rtog‘ingiz bilan bir-biringizni tushunish osonroq kechadi. Axir o‘rtada muhabbat bor! Umuman, yangi oila a’zolari bilan til topishish o‘zaro hurmat asosida qurilishi lozim. Bu hurmatga erishish uchun esa, avvalo, o‘zingizni hurmatga arziydigan tarzda tutsangiz kifoya.
Manba: Darakchi.uz