Bilasizmi?

Eslatma. Ish joyingizda jaziramadan saqlanishga doir haq va huquqlararingiz

Mehnat ta’tili - jaziramadan qutulishning yagona yo‘li emas. Yozning bunday kunlarini ish xonasida ham qulay sharoitlarda o‘tkazish mumkin. Qanday qilib deysizmi? Biz bu haqida batafsil ma’lumotlarni taqdim etamiz.

Issiqdan ishlay olmayapsizmi? Mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiq tegishli shart-sharoitlar yaratilgan taqdirda, bunday vaziyat yuzaga kelishi kerak emas. Ish beruvchi ish joylarida mikroiqlimning ma’lum darajasiga rioya qilishi kerak. Bu mikroiqlim parametrlari esa qonun tomonidan belgilab berilgan.

Jismoniy jihatdan yengil hisoblangan ishlar uchun quyidagi qoidalar mavjud: havo harorati - 20-23 daraja issiq, havoning nisbiy namligi - 40-60 foiz, havo harakati tezligi - 0,2 m/s'dan oshmasligi kerak. Me’yordan chetga chiqish ehtimoli ham bor. Mikroiqlimning xuddi shu sharoitlarga muvofiq parametrlari: havo harorati - 19-25 daraja, nisbiy namlik - 75 foizdan ko‘p bo‘lmasligi kerak, havo harakati tezligi 0,3 m/s'dan oshmasligi lozim.

Jismoniy jihatdan og‘ir ishlarlda xonadagi havo harorati me’yordagidan 4-5 darajaga farq qilishi kerak, yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatkich - 6 darajagacha past. Yilning iliq kunlarida esa havo harorati me’yordan 2-3 darajaga yuqori bo‘lishi mumkin. Issiq urishidan jabrlanishning oldini olish maqsadida ishchi va issiqlik manbai orasidagi harorat 45 darajadan oshmasligi kerak.

Mikroiqlim yaratish imkoni bo‘lmagan holatlarda nima qilish kerak?

Bunday holatlarda ishchilarni ehtimoliy issiqlik va sovuqlikdan himoyalashga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rilgan bo‘lishi kerak. Mahalliy konditsioner tizimini qo‘llash, havo dushi, dam olish uchun maxsus inshootlar ajratish, haddan ziyod issiq yoki sovuq havo haroratida maxsus kiyimlar yoki individual himoya vositalari bilan ta’minlash variantlari mavjud. Bunday korxonalarda ish va dam olish vaqtlariga doir tartib o‘rnatilishi kerak, zero bu kabi sharoitlarda ishchi qayta kuch to‘plashi uchun ko‘proq vaqt va tanaffus kerak bo‘ladi.

Ish vaqti davomiyligini qisqartirib, maosh miqdorini saqlab qolish imkoni bormi?

Qonunchilik tomonidan bunday variant ham ko‘rib chiqilgan, lekin muayyan toifadagi kishilar uchun.

Kimlar ish vaqtini qisqartirish huquqiga ega?

  • 18 yoshga yetmagan ishchilar;
  • I va II guruh nogironlari hisoblangan ishchilar;
  • noqulay mehnat sharoitidagi ishlarda band bo‘lgan xizmatchilar;
  • maxsus ish rejimidagi ishchilar;
  • 3 yoshgacha farzandi bo‘lgan ayollar va byudjet tomonidan moliyalashtiriluvchi muassasa va tashkilotlarda ishlovchi xodimlar.

Noqulay mehnat sharoitlarida ishlovchi xizmatchilarga nisbatan belgilangan qisqartirilgan ish vaqti - haftasiga 36 soat (ya’ni har hafta 4 soatga kam). Shuningdek mehnat sharoiti noqulay bo‘lgan ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun mehnat qonunchiligida 3-24 kun muddatga qo‘shimcha mehnat ta’tillari ko‘zda tutilgan.

Ish beruvchi amaldagi qonunchilikka zid harakatlar qilgan taqdirda qanday yo‘l tutish kerak?

Har qanday holatda ham o‘z huquqingizni talab qiling. Shuningdek O‘zbekiston Mehnat kodeksining 219-moddasini yodda tutish lozim. Unga ko‘ra, ishchi o‘z hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan ishdan voz kechish huquqiga ega. Ish joylaridagi mikroiqlim va mehnat sharoitlarining nomuvofiqligi esa aynan shunday vaziyatlarga aloqadordir.

Qonunning ushbu moddasi tartibi quyidagicha amalga oshiriladi: ishchi ish beruvchini ish jarayonida uning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi vaziyat yuzaga kelganidan xabardor qiladi. Ushbu sharoitlar o‘z tasdig‘ini topgan holatda ish beruvchi ularni bartaraf etishga doir choralar ko‘rishi shart. Agar shunga muvofiq choralar ko‘rilmasa, ishchi xavf bartaraf qilinmagunga qadar sog‘lig‘iga xavf soluvchi ishdan voz kechish huquqiga ega. Shuni bilish muhimki, bu davrda ishchining o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.