Sog‘lig‘imiz bilan bog‘liq oddiygina o‘zgarish ham, aslida, biror xastalik belgisi bo‘lishi mumkin. Masalan, tez-tez hiqichoq tutishi, aksirish yoki esnash kabi alomatlarni olsak. Bunday holatlarning me’yoridan ortiq, ya’ni muntazam qaytalanishi organizmda yuzaga kelgan muammolarni anglatishi ham mumkin. Hozir shu xususda batafsil ma’lumot beramiz.
“Hiq-hiq...”
Diafragmaning tortishib-qisqarishi natijasida to‘satdan tovush chiqarib nafas olish – hiqichoq tutishi bilan namoyon bo‘ladi. Odatda, hiqichoq tutib qolsa, bir qultum suv ichish yoki bir necha soniya nafas olmay turish tavsiya etiladi.
Tez-tez hiqichoq tutishi va uning uzoq davom etishi qorin bo‘shlig‘ida yallig‘lanish borligidan darak bo‘lishi mumkin. Shuningdek, hiqichoq tutgan payt ko‘krak qafasida og‘riq turishi – bosh va orqa miyaning ayrim kasalliklari, ba’zan miokard infarktiga moyillik yoki asab qo‘zg‘alishlari bilan bog‘liq ekanligi ham ehtimoldan holi emas. Agar sizni ushbu holat bezovta qilayotgan bo‘lsa, TERAPEVT shifokorga murojaat qiling.
Ko‘zlar pirpirasa
Ko‘zni qisib-ochish xuddi nafas olish kabi organizmning tabiiy ehtiyojidir. Bu bilan mazkur a’zodagi chang-g‘ubor tozalanib, namlanadi. Ko‘zning me’yorida pirpirashi ortiqcha bezovtaliklar tug‘dirmaydi. Agar kutilmaganda takrorlanish tezligi ortsa yoki keskin pirpirash boshlansa, ko‘zning quruqlashishi sindromi, allergik kasalliklarga moyillik, asab kasalliklaridan ehtiyot bo‘lish kerak. Bunday holatda OKULIST shifokor tavsiyalariga amal qilish zarur.
Buncha ko‘p esnading, deyishsa...
Ko‘pchilik qatori esnash faqat mudroq bossa yuzaga keladi yoki esnayotgan odamga qarab turilsa, undan yuqib qoladi, deb o‘ylashingiz mumkin. Aslida esa organizm toliqqanida, yurak qon-tomir tizimi faoliyati yomonlashganida, jismoniy faollik kam bo‘lsa, dim xonada uzoq qolib ketilsa ham esnash yuzaga keladi.
Odatda, esnash muayyan kasallik bilan bog‘lanmaydi. Ammo u uzoq davom etgudek bo‘lsa, miyada kislorod yetishmayotganini taxmin qilish mumkin. Agar tez-tez takrorlanadigan esnash bezovta qilsa, yaxshisi, TERAPEVT shifokor ko‘rigiga yo‘l oling.
Kekirish odatga aylanmasin
Kekirsak, “to‘yib ketdim”, deymiz. Tibbiyotda esa bu holatning boshqacha talqini bor. Qorinda gaz to‘planishi mavjud bo‘lsa, odam kekiradi, ya’ni nafas chiqarish teshigi orqali ortiqcha gazlar tashqariga yo‘l oladi. Agar kekirganingizda og‘zingiz taxirlashib, ovoz chiqarsangiz, oshqozon faoliyatiga diqqat qiling. Ehtimol, ushbu a’zoda biror salbiy o‘zgarish bordir. Kekirganda nordon ta’m sezish esa me’da shirasidagi nordon muhitning buzilishidan, achqimtiri esa o‘t dimlanishidan bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda GASTROENTEROLOG mutaxassis yordam beradi.
Jig‘ildon tez-tez qaynasa
Ko‘pincha, me’da shirasida kislota ko‘payib yoki kamayib ketsa, jig‘ildon qaynashi yuz beradi. Shu bilan birga tez-tez jig‘ildon qaynashidan shikoyat qiladigan kishilar me’da kasalliklari (me’da yarasi, gastrit), xoletsistit kabi kasalliklarga ahamiyat berishlari maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, homiladorlik davri o‘zgarishlari va uyqudan avval to‘yib ovqatlanish asoratida ham jig‘ildon qaynashi mumkin. Ikki-uch kun ketma-ket jig‘ildon bezovta qilsa yoki taomdan so‘ng ushbu holat takrorlansa, imkon qadar GASTROENTEROLOG shifokor bilan bamaslahat kerakli muolajalarni oling.
Qo‘llaringiz qaltiraydimi?
Qattiq asabiylashganimizda qo‘llarimizga titroq kiradi. Bu qo‘l qaltirashining asab bilan bog‘liq shaklidir. Bordi-yu, qo‘lingizda kutilmagan qaltiroq tursa – jismoniy va ruhiy zo‘riqish, kichik miya shikastlanishi, qalqonsimon bez faoliyati bilan bog‘liq ayrim holatlar yoki yoshga doir organizm o‘zgarishlari yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, ayrim dori preparatlarini muntazam ravishda qabul qiladiganlar va tarkibida kofein mavjud ichimliklarni xushlovchilarda ham qo‘l qaltirashi uchrab turadi. Muntazam qo‘l qaltirashida, avval TERAPEVT shifokorga murojaat qilib, zarur hollarda boshqa mutaxassis tavsiyalarini olishingiz kerak.
Qovoq “uchish”i yaxshilikka, ammo....
Tez-tez qovoq uchishi ayrim kasalliklar sabab yuz berayotgan bo‘lishi ham mumkin. Masalan, muntazam va uzoq vaqt kompyuterda ishlash, ko‘z quruqlashishi hamda toliqishi, avitaminoz (organizmda ayrim vitamin va mikroelementlarning yetishmasligi) hamda allergiya kabi holatlar gumondor omillar sirasiga kiradi. Bunday holatda OKULISTga uchrasangiz, kerakli tavsiyalarni olasiz-u, yuz berishi mumkin bo‘lgan kasallik asoratlarini tezgina bartaraf etishga muvaffaq bo‘lasiz.
“Xa-a-a-apshu!!!”
Aksirish organizmning himoya reaksiyasidir. Biroq tez-tez aksirish ayrim kasalliklar belgisi bo‘lishi ham mumkin. Misol uchun, gripp, shamollash, allergiya, biror jarohat sabab burun sinishi yoki lat yeyishi sodir bo‘lgan taqdirda nafas olish yo‘lidagi noqisliklar sabab tez-tez aksirish yuz beradi. Yuqorida aytganimizdek, aksirish himoya vazifasini bajargani bois ayrim hidlarga aks ta’sir sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Tamaki yoki xazon tutuni, daraxt bargi va gulining chang zarralari ham aksirishni qo‘zg‘atuvchi omillardir. Bordi-yu, aksirish shamollash bilan bog‘liq bo‘lsa, zarur muolajalarni kechiktirmang. Aks holda esa allergiya qo‘zg‘atuvchi omillarga moyillikni aniqlash uchun ALLERGOLOG mutaxassis tavsiyasi asqotadi.
Quloqlar shang‘illashi...
Eshitgan bo‘lsangiz, gipertoniya (arterial qon bosimining ko‘tarilishi) va gipotoniya (qon bosimining tushib ketishi)ga chalingan kishilar quloqlaridagi shovqindan shikoyat qilishadi. Ammo quloq shang‘illashi birgina shu holatlarda kuzatilmaydi. Qon bosimining goh pastlab, goh yuqorilab “o‘yna”shi, ruhiy siqilish, toliqish, ba’zan homiladorlik davrida ham quloqlarda shovqin bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda OTOLORINGOLOG shifokorga murojaat etganingiz ma’qul. Chunki mazkur holat yurak qon-tomir tizimi xastaliklarining dastlabki belgisi bo‘lishi mumkin. Shifokor buni aniqlab, sizni to‘g‘ri tibbiy tekshiruvga yo‘naltiradi.
Qo‘lingiz uvishib qolmaydimi?
Qo‘llarning doimiy uvishib turishi ayrim kasalliklardan darakdir. Agar bir vaqtning o‘zida ikkala qo‘lda ham uvishish bo‘lsa, markaziy asab tizimidagi o‘zgarishlar, bu kabi holat bo‘yin sohasida kuzatilsa, osteoxondroz yoki umurtqalararo churra hosil bo‘layotgani taxmin qilinadi. Mabodo, tunda chap qo‘lingiz uvishib tursa, yurak faoliyatidagi salbiy o‘zgarishlar ehtimoli ham yo‘q emas. Shuningdek, organizmda V12 vitamini yetishmasligi, uyqu payti bir taraf bilan uzoq yotib qolish kabilarda ham qo‘l uvishishi kuzatiladi. Tez-tez qo‘l uvishishidan bezovta bo‘lsangiz, albatta, KARDIOLOG va TERAPEVT shifokor qabuliga boring.
Oyoq tomiri tortishsa...
Kechalari oyoq tomiri tortishib, halovatingiz buzilayaptimi? Hoynahoy, og‘riq zo‘ridan sapchib turayotgandirsiz? Bu holatning tez-tez sodir bo‘lishi organizmingizga magniy va kaliy tuzlari, shuningdek, kalsiy yetishmayotganini anglatadi. Qolaversa, bo‘g‘imlar shikastlanishi, ayrim infeksiyalar ta’siri hamda jarohatlar asoratida ham oyoq tomirlarida tortishish kuzatilishi mumkin. Bu holatda kerakli muolajani NEROPATOLOG shifokoridan bilib olasiz.
“Buncha qichinmasangiz?!”
Kunning ma’lum bir qismida yoki vaqti-vaqti bilan tanadagi ayrim a’zolar – qo‘l va oyoq kafti, bo‘yin, kurak, ko‘krak sohasi qichishishi bezovta qilsa, gigiyena talablariga urg‘u beribgina qolmay, taxminiy sabablarni ham inobatga oling. Teri kasalliklari (ekzema, neyrodermit, qichima), ayrim dori preparatlari ta’siri, me’da-ichak yo‘li, jigar, buyrak kasalliklari va modda almashinuvi buzilishi, qandli diabet kabilarda tana qichishishi kuzatilishi mumkin. Shuningdek, asab kasalliklari hamda organizmda gijja mavjud bo‘lsa ham teri qichishadi. Davosi uchun DERMATOLOG shifokorga murojaat etsangiz, u zarur tibbiy tekshiruvlardan so‘ng eng to‘g‘ri maslahatni beradi.
“Tomog‘imga nimadir qadaldi”
Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, qattiq asabiylashganda xuddi tomoqqa nimadir qadalganday bo‘ladi. Mutaxassislar fikricha, bu holatning bir necha omillar bilan bog‘liqligi bor. Agar asabiylashganda tomoqqa nimadir qadalsa, demak, bu asabdan; xotirjam holatda ham tomoqda yot narsa turganday his etsangiz, qalqonsimon bez faoliyati bilan bog‘liq o‘zgarishlar yuzaga kelgan; tanovvuldan so‘ng qorinda og‘irlik, og‘izda yoqimsiz ta’m va tomoqqa biror nima qadalishi oshqozon-ichak faoliyati bilan bog‘liq; shuningdek, bo‘yin umurtqasi bilan bog‘liq bezovtaliklarda tomoqqa nimadir qadalgandek hissiyot bo‘lishi mumkin. Tomoq shilliq pardasining yallig‘lanishi, angina yoki o‘tkir loringitda ham tomoqda yot narsa turganday tuyuladi. Bezovtaliklar tez-tez sodir bo‘lsa, ENDOKRINOLOG, VERTEBROLOG, GASTROENTEROLOG va OTOLORINGOLOG shifokorlarga murojaat qiling.
Terapevt Nodira Hamroyeva tavsiyalari asosida Samira ULUG‘BEKOVA tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz