Farg‘ona viloyatida 19 ta markaziy, 26 ta shahar oilaviy poliklinika hamda 88 ta qishloq oilaviy poliklinika, 62 ta qishloq vrachlik punktida «Ayollar maslahatxonasi» tashkil etildi, deb yozmoqda O‘zA.
— Maslahat markazlarida erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish, oila qurishni rejalashtirish, tug‘uruqlar o‘rtasidagi davrni uzaytirish yuzasidan tibbiy va ijtimoiy-psixologik nuqtayi nazardan ilmiy asoslangan maslahatlar berilmoqda, — deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Umarov. — Viloyatda tashkil etilgan 195 ta «Ayollar maslahatxonasi»da 951 mingga yaqin xotin-qizlarning 149 ming nafardan ziyodi, jumladan, 23 mingdan ortiq o‘smir qizlar qabul qilinib, ularga maslahatlar berildi.
Ayni kunlarda «Ayollar maslahatxonasi» zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Yaqin kunlarda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida tun-u kun faoliyat ko‘rsatuvchi tezkor aloqa tarmog‘i ishga tushiriladi.