Favqulodda vaziyatlar vazirligi O‘zbekistonda Kongo-Qrim gemorragik isitma kasalligini oldini olish maqsadida o‘tkazilayotgan tadbirlar xususida ma’lumot berdi.
Qrim – Kongo gemorragik isitma kasalligi dastlab 1944 yilda Qrimda, 1956 yilda esa Kongo davlatida bir guruh odamlarda uchragan.
Bu kasallik – odamlarga asosan mayda shoxli va yirik shoxli qoramollardagi mavjud (Iksod) kanalarni terish, ularni junini olish yoki cho‘l hududlarida ularni boqish jarayonida kana chaqish orqali yuqadi. Iksod kanalarining hazm yo‘llarida ko‘plab miqdorda kasallik qo‘zg‘atuvchi bo‘lgan viruslar mavjud bo‘lib, kana odamni chaqqanda qonga tarqaladi.
Virus ajratgan moddalar natijasida odam qonining ivishi izdan chiqadi natijada burun va boshqa tabiiy teshiklardan qon ketishi kuzatiladi. Kasallik og‘ir kechadi va o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmasa oqibati noxush tugashi mumkin.
Bu kabi kasalliklarning oldini olish uchun, qishloq hududlaridagi yakka xo‘jaliklarda chorva mollarini saqlash sharoitini to‘g‘ri tashkil etish va kanalarning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur.
Hayvon boqiladigan molxona, qo‘ra va qo‘tonlarning tuproqlari, loy qilingan devorlar kana ko‘payishi uchun yaxshi sharoit hisoblanadi. Shu bois, kasallikka qarshi kurashishning samarali usuli kanalar chaqishining oldini olish va ularni yo‘q qilishdan iborat. Kanalarni yo‘q qilish uchun uy hayvonlarining terisi yilning mart oyidan sentyabr oyiga qadar haftada bir marta xlorli birikmalar bo‘lgan maxsus dezinfeksion moddalar bilan ishlovdan o‘tkazilishi lozim.
Shuningdek, tibbiyot vakillari va bemorlarni parvarish qiladigan xodimlar kasallik bilan zararlangan kishilarning yaqinlariga kasallik yuqishiga yo‘l qo‘ymasligi zarur. Buning uchun ular o‘z faoliyatida doka niqob, rezina qo‘lqop va teri himoya kiyimlaridan (xalat, kostyum, qo‘lqop va h.k.) keng foydalanishi maqsadga muvofiq.
Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligining tabiiy o‘choqlari mavjud hududlarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat veterinariya qo‘mitasi va boshqa tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda salmoqli chora-tadbirlar tizimli ravishda hayotga tatbiq etilmoqda. Xususan joriy yil mavsumi (mart—may oylari) davomida quyidagi tadbirlar olib borilmoqda:
- Respublikaning barcha viloyatlari, tuman va chekka qishloq joylarida molxona, qo‘ra va qo‘tonlarni mavsum oldidan kimyoviy ishlovdan o‘tkazish, kimyoviy moddalar zaxirasini yaratish, «qirqim»ga tayyorgarlik ko‘rish, «qirqim»da ishtirok etadigan ishchilarni shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash ishlari o‘rganib chiqildi;
- Barcha turdagi o‘quv muassasalari: maktab, kollej va litseylarda suhbatlar, seminarlar va ma’ruzalar tashkil qilinmoqda, ushbu tadbirlarda o‘quvchi-talabalar va o‘qituvchilar ishtirok etmoqda;
- Mahallalarda ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarga uyma-uy yurish usulida targ‘ibot ishlari olib borililib, ularga eslatmalar tarqatilmoqda;
- Bundan tashqari, Fuqaro muhofazasi institutining rahbar xodimlar tarkibidan bo‘lgan 1454 nafar tinglovchilari va hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari Aholini va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazlarining 27483 nafar tinglovchilari bilan o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, jumladan Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi;
- Shu bilan bir qatorda, chorva mol bozorlarida radiouzel orqali kasallik profilaktikasi va chorva mollarini kanadan saqlash bo‘yicha tavsiyalarni o‘qib eshittirishga alohida e’tibor qaratilmoqda;
«Qrim-Kongo gemorragik isitma va boshqa o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bilan kurashish nafaqat tegishli xizmatlarning burchi bo‘libgina qolmasdan, balki keng jamoatchilik, qolaversa har bir fuqaroning zimmasidagi mas’uliyatdir», — deyiladi xabarda.