Bilasizmi?

Fransiyada musulmon ayolga erkak kishining qo‘lini siqishdan bosh tortgani uchun fuqarolik berilmadi

Jazoirdan kelgan ayol fransuz millatli insonga turmushga chiqqani sabab Fransiya fuqaroligini olish uchun hujjat topshirdi. Biroq u majburiy-rasmiy marosim vaqtida mahalliy amaldorning qo‘lini siqishdan bosh tortgan. Ushbu holatni u diniy e’tiqodlari bunga yo‘l qo‘ymasligi bilan izohlagan, deb xabar beradi Daryo.uz.

Bunga javoban hukumat «ushbu ayol fransuz jamiyatiga moslashib keta olmaydi» deya uning hujjatlarini rasmiylashtirishdan bosh tortdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur holat 2016 yilning yozida sodir bo‘lgan. Shundan so‘ng aljirlik ayolning turmush o‘rtog‘i ishni qaytadan ko‘rib chiqishni so‘ragan, ammo joriy yilning aprel oyida uning iltimosnomasiga rad javobi kelgan. Amaldorlar buni «mas’uliyatli va ramziy onda assimilyasiyaga qodir emasligini ko‘rsatdi» deya tushuntirish bergan.

Qonunga ko‘ra, fransuz fuqaroligini faqatgina u taqdim etilgan rasmiy marosim o‘tganidan so‘ng qabul qilish mumkin. Tadbir davomida nomzod milliy qadriyatlarga bo‘lgan hurmatini namoyon etishi kerak.