Oila

Gar ogohsen, shohsen...

Bugungi tub ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar tufayli sharq va g‘arb orasidagi temir darvozalar buzilib, turli-tuman mafkuralar va qarashlarning omma orasiga kirib kelayotganligi sir emas. Bunday mafkuralardan xotin-qizlar ham xoli emaslar. XIX asrning o‘rtalarida g‘arb mamlakatlarida paydo bo‘lgan xotin-qizlarning feministik harakatlari va shu harakat negizida shakllangan feministik qarashlar shunday mafkuralar jumlasidandir. Xo‘sh, feminizmning o‘zi nima, bizda uning paydo bo‘lishi uchun ijtimoiy omillar bormi, biz unga qanday yondoshishimiz lozim? Bugun biz o‘zbek ayollari bu masaladan ogoh bo‘lishimiz lozim.

Feminizm – ijtimoiy hayotda, ya’ni jamiyatda ayollar haq-huquqlarini erkaklar haq-huquqlari bilan tenglashtirish uchun olib borilgan siyosiy oqim, xotin-qizlar harakati. U XXI asrning o‘rtalarida g‘arbiy Yevropa mamalakatlari hamda AQSh da paydo bo‘lgan. Bu davrda vujudga kelgan ijtimoiy vaziyat, aholining moddiy ne’matlarga bo‘lgan ehtiyojining o‘sib borishi ishlab chiqarish jarayonining monopollashuviga, mahsulot ishlab chiqarish jarayonining tezlashuviga olib keldi. Ishlab chiqarish qurollarining sodda va jo‘nligi, mahsulot ishlab chiqarish texnologiyasining takomillashmagani sanoatda juda ko‘plab arzon ishchi kuchini talab eta boshladi. Bundan tashqari ijtimoiy hayotda bozor munosabatlari (buni marksizm – leninizm asoschilari kapitalizm deb izohlaganlar) raqobatni, aholining tabaqalashuvini, tezkorlikni keltirib chiqardi. Aholining iqtisodiy nochor, quyi tabaqasidan bo‘lgan ayollar ham erkaklar bilan birga o‘z oilalarining o‘sib borayatgan moddiy ehtiyojlarini qondirish uchun sa’y-harakat qila boshladilar.

Bu juda uzoq yillardan buyon shakllanib kelgan an’analarga zid holat bo‘lib, unga katta putur yetkazdi. Asrlar davomida muqaddas hisoblanib kelingan oila an’analari jamiyatda o‘z qadr-qimmatini yo‘qota boshladi. Chunki jamiyat ayollarning oiladagi mehnatidan emas, balki moddiy ne’matlar ishlab chiqarish jarayonidagi faoliyatidan manfaatdor edi. Bunga mulk egalari bo‘lgan fabrikantlar ham, davlat ham, ularning erlari ham, oilalari ham rag‘bat bilan yondosha boshladilar. Shuning uchun ham ayollarning muqaddas hisoblangan oila an’anlarining buzilishiga qattiq qarshilik qiluvchi kuch topilmadi. Ayollar o‘zlarini eng arzon ishchi kuchi sifatida safarbar qila boshladilar.

Lekin ayollar o‘sha davrda ijtimoiy hayotda hech qanday haq-huquqga ega emas edilar. Erkaklar o‘qish, ishlash, saylovlarda ishtirok etish, saylash va saylanish kabi barcha ijtimoiy siyosiy huquqlarga ega bo‘lib, bunday huquqlardan ayollar mahrum edilar. Ayollarnin mehnatiga to‘lanadigan haq esa erkaklarnikidan past, ish sharoitlari yomon, ish soatlai esa cheklanmagan edi. Ayollar oilada ham, jamiyatda ham erkaklar tomonidan xo‘rlanar, ularning huquqlarini himoya qiladigan biror bir kuch jamiyatda mavjud emas edi. Uzoq va surunkali davom etkan bunday zulm ayollarni ijtimoiy–siyosiy onglarini o‘sishiga, ijtimoiy adolatsizlikka barham berish va o‘z haq-huquqlarini himoya qilish uchun uyushishga, o‘z ijtimoiy mavqelarini erkaklar mavqei bilan tenglashtirish uchun kurashishga otlantirdi. Feminizm xuddi shunday tarzda dunyogakeldi.

Yevropadagi 1848-49 yillar revolyutsiyasi xotin-qizlarning feministis kurashlarining shakllanishi uchun turtki bo‘ldi. 1848 yili Fransiyada ayollarning erkaklar bilan siyosiy va ijtimoiy teng huquqliligi uchun kurashuvchi qator xotin-qizlar klublari vujudga keldi. Germaniyada va Avstriyada ko‘pgina xotin-qizlar soyuzlari paydo bo‘ldi. 1948 yil iyulda AQSh tarixida birinchi marta xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish sezdi bo‘ldi. Shu tariqa feminizmEvropaning qator mamlakatlarida va AQShda keng yoyildi.

19-asrning ikkinchi yarmidan boshlab xotin-qizlar harakatida proletar yo‘nalish tarkib topdi. 1907 yilda Germaniyaning Shtutgard shahrida german va xalqaro ishchilar harakatining atoqli arbobi, Germaniya kommunistik partiyasining asoschilaridan biri bo‘lib tanilgan Klara Tsetkin tashabbusi bilan proletar xotin-qizlarning konferensiyasi chaqirildi. Sotsialist xotin-qizlarning Kopengagendagi 2-xalqaro konferensiyasida (1910 yil) Tsetkin tashabbusi bilan 8 martni butun dunyo xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy teng huquqligi kuni deb bayram qilish e’lon qilindi.

Shundan so‘ng ayollar birin-ketin jamiyatning barcha jabhalarida erkaklar bilan teng huquqlikni qo‘lga kiritib, ular bilan teng imkoniyatlarga ega bo‘la boshladilar. Ular ijtimoiy turmushning, ishlab chiqarishning barcha sohalarida faol ishtirok etib o‘zlarini erkaklardan kam emasliklarini isbotladilar va xotin-qizlar jamiyat taraqqiyotini oldinga siljita oluvchi ulkan kuch ekanligini, ular bilan hisoblashish lozim ekanligini erkaklarga anglatdilar. Shuning uchun ham Yevropa va AQShning hozirgi taraqqiyot darajasida ayollarning, xotin-qizlarning qo‘shgan hissasi ulug‘ ekanligini dunyo jamoatchiligi yaxshi biladi va buni tan oladi.

XX asr o‘rtalariga kelib Yevropa xotin-qizlarining feministis harakatlari oldilariga qo‘ygan o‘z maqsadlarini amalga oshirib bo‘lgani tufayli bu harakat juda susaydi. Lekin feministis qarashga ega bo‘lgan ayollar hamon mavjuddirlar. Ular yaxshigina uyushgan saflarini yanada kengaytirish, barcha xalqlar orasiga o‘z ta’sirlarini o‘tkazish uchun sa’yi-harakat qilmoqdalar. Ular o‘zlarining matbuot organlariga egalar va ko‘plab gazeta va jurnallar chop etib turibdilar.

Hozirgi feministkalar asosan alamzada ayollardan tarkib topgandir. Ular jamiyatning o‘z-o‘zini qayta ishlab chiqarish jarayonida o‘z o‘rinlarini topa olmagach, o‘zlarini moddiy ne’matlar ishlab chiqarish jarayoniga safarbar etadilar va tabiiyki, u yerda erkaklar tomonidan adolatsizlikka duch keladilar. Ular bu adolatsizlikning sababini jamiyatdan qidiradilar va jamiyatni, undagi siyosiy tizimni bunda bosh aybdir deb tushunadilar. Ular bunday adolatsizlikka qarshi barcha ayollar birgalashib kurashishlari lozim deb biladilar va o‘zlariga hamfikrlar, safdoshlar izlaydilar. Ular uchun an’anaviy “ayol – oila – jamiyat” degan tushuncha shakllanmagan. Ularda “Ayol – jamiyat” degan tushuncha mavjuddir. Ular jamiyatdagi barcha adolatsizliklarni tenghuquqlilikka erishish orqali hal qilish mumkin deb hisoblaydilar. Patriarxat tushunchalar (ya’ni jamiyatda erkakni ustuvor qo‘yish), an’anaviylik ularning eng katta dushmanlaridir. Chunki ular buni jamiyatni orqaga tortuvchi, ayollarni qullikka mahkum etuvchi, ularni xo‘rlovchi unsurlar deb biladilar va o‘z navbatida ularga ham qarshi kurashadilar. Shuning uchun, aksariyat siyosatchilar feminizmni, oila muqaddasligi e’tiqodiga, uning an’analariga, ayollarning tarbiyachilik faoliyatiga putur yetkazuvchi harakat deb hisoblaydilar.

Hafiza Nasrulloh