Salomatlik

Gormonal dorilar kista paydo qiladimi?

«Turmushga chiqqanimga bir yarim yil bo‘ldi. Ammo hali homilador bo‘lmadim. Turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda davolandik. Barcha analizlarim yaxshi chiqdi, gormonlar miqdori ham joyida. Shifokor 3 oy davomida «Diane-35» gormonal kontratseptiv vositasi qabul qilishni tavsiya etdi. Uning aytishicha, gormonal kontratseptiv vositasi homilador bo‘lishni tezlashtirar ekan. Bu dorini uch oy emas, ikki oy ichdim. Dori ichishni to‘xtatganimga 3 oy bo‘ldi. Ammo hanuzgacha homilador bo‘lganim yo‘q. Yaqinda chap biqinimda og‘riq his qila boshladim. UTT tekshiruvidan o‘tganimda shifokor chap tuxumdonimda katta o‘lchamdagi follikula yorilaman, deb turganini, og‘riqning sababi esa endometriod kista ekanligini aytdi. Shuningdek, bazal haroratim ham avvalgidan ko‘ra ancha past. Boshqa bir shifokorning so‘zlariga qaraganda, bazal harorat 37.0 dan oshmasa, follikula yorilmas, yetilgan bo‘lsa-da orqaga qaytib ketar ekan. Organizmimda sodir bo‘layotgan bu o‘zgarishlarga o‘sha gormonal dori vositasini ichganim sabab bo‘layaptimi?»

Marhabo, Samarqand  viloyati, Oqtosh shahri

Tahririyatimizga murojaat qilgan ushbu muxlisamizning savollariga javob berish maqsadida tibbiyot fanlari doktori, endokrinolog-ginekolog Dinara AZIZOVAga murojaat qildik.

Hali farzandli bo‘lmagan yosh ayol gormonal kontratseptiv vositalarni ichishi mumkinmi? Bu ularning salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, keyinchalik homilador bo‘lishiga to‘sqinlik qilmaydimi?

— Agar ayolning organizmida gormonal o‘zgarishlar bo‘lsa, gormonal kontratseptiv vositalar ayolning gormonal fonini yaxshilash maqsadida shifokor tomonidan belgilanadi. Ya’ni shifokor tavsiyasi bilan bu kabi kontratseptiv vositalar qabul qilinsa, u ayolning salomatligiga aks ta’sir ko‘rsatmaydi va homilador bo‘lishiga to‘sqinlik qilmaydi.

Ba’zi shifokorlarning fikriga ko‘ra, gormonal kontratseptiv vositalarni ma’lum bir vaqt ichish homilador bo‘lishni tezlashtirar ekan. Shu fikr to‘g‘rimi?

— To‘g‘ri. Ayol organizmida uncha chuqur bo‘lmagan gormonal o‘zgarish bo‘lsa, bu kontratseptiv vositalarni qabul qila boshlaganida, shifokorlar tili bilan aytganda, rebaund ta’siri sodir bo‘ladi. Rebaund ta’sir, bu – 3 oy davomida ayol gormonal kontratseptiv vositasini qabul qiladi. Bu vaqt mobaynida ayolning tuxumdonlari dam oladi. Dori ichish to‘xtatilishi bilan tuxumdonlar faol ravishda ishga kirishadi. Bu asosan, farzand ko‘rmayotgan ayollarga nisbatan qo‘llaniladi. Ammo bunday muolaja qilishdan avval, albatta ayolning butun gormonal salomatligini tekshirish kerak. Ayolda gormonal dori ichish uchun biror-bir qarshi ko‘rsatkichlar bo‘lsa, ushbu muolaja qo‘llanilmaydi. Ba’zi hollarda ayollar o‘zbilarmonlik bilan gormonal kontratseptiv vositalarini qabul qilishadi. Bu noto‘g‘ri. Ayrim gormonlar, masalan, prolaktin gormonining miqdori baland bo‘lsa, bu kabi kontratseptiv dorilar ichish mumkin emas. Shuning uchun bu kabi muolajalarni, albatta shifokorning tavsiyasi asosida amalga oshirish kerak.

Gormonal kontratseptiv vositalari endometriyga oid kistaning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkinmi?

— Kontratseptiv vositalari endometriyga oid kistani hosil bo‘lishiga sabab bo‘lolmaydi. Gormonal dori vositalari ba’zi hollarda endometriyga oid kistaning rivojlanishini to‘0tatishi mumkin. Bu kistaning kelib chiqishining asl sababi hali aniqlanmagan. Bu borada ko‘pgina nazariy fikrlar mavjud, ammo ular o‘z tasdig‘ini topmagani bois, bu kista rivojlanishining aniq sababini aytish mushkul.

Endometriyga oid kista – tuxumdonlarda avvaliga endometriy o‘choqlari hosil bo‘ladi, keyinchalik esa bu to‘qimalar kistaga aylanadi. Bunday kistani faqat jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash mumkin. Dori vositalari yordamida davolab bo‘lmaydi. Gormonal vositalar faqatgina uning o‘sib, kattalashib ketishini to‘xtatib turishi mumkin.

— Hali farzandli bo‘lmagan ayollar ham bunday amaliyotni boshidan kechirishi mumkinmi?

— Hozirgi kunda bunday kistalarni endoskopiya deb nomlangan jarrohlik yo‘li orqali olib tashlanadi. Endoskopiya yordamida tanada uncha katta bo‘lmagan kesish hosil qilinib, u orqali turli kista va tuxumdon o‘smalarini, bachadon miomasi olinadi. Shunda jarohatning bitishi tezlashib, chandiq (spayka) ham kam qoladi. Endometrioz kistasi olib tashlangandan so‘ng ayolda kuzatilgan gormonal buzilishlar ham normallashadi.

Yuqorida murojaat qilgan ayolga kelsak, agar ularda endometriozga oid kistaning borligi o‘z tasdig‘ini topsa, endoskopiya bilan birgalikda laparoskopiya ham o‘tkazish tavsiya etiladi. Chunki ba’zi hollarda naylarning o‘tkazuvchanligi yaxshi bo‘lsa-da, shamollash sababli ularda chandiqlar yuzaga kelishi mumkin. Bu chandiqlar urug‘langan tuxumhujayraning bachadonga borib tushishiga to‘sqinlik qiladi. Laparoskopiya yordamida naylarning o‘tkazuvchanligi va unda shamollash sababli hosil bo‘lgan chandiq (spayka)lar tekshiriladi hamda davolanadi. Ya’ni, davolovchi va tashxis qo‘yuvchi endoskopiya bo‘ladi.

— Kista hosil bo‘lishiga organizmdagi gormonal o‘zgarishlar sabab bo‘ladimi?

— Albatta. Kista ikki xil bo‘ladi: yallig‘lanish natijasida yuzaga kelgan kista va gormonal kista. Ayolning organizmidagi gormonal o‘zgarishlar sabab gormonal kista yuzaga kelishi mumkin.

Gormonal dorilarni qabul qilish ayolning bazal haroratiga ta’sir qilishi mumkinmi? Bazal harorat 37.0 dan oshmasa, follikula yorilmaydimi?

— Hayz sikli ikki davr (faza)dan iborat. Birinchi siklda organizm kuchli estrogen gormoni ishlab chiqaradi. Estrogen follikulaning o‘sib, yetilishiga ta’sir qiladi. Mana shu birinchi davrda ayolning bazal harorati past bo‘ladi. Follikula yorilgandan so‘ng hayzning ikkinchi davri boshlanadi. Bunda ayol organizmida progesteron gormoni ko‘payadi. Agar follikula yorilmasa, bu tuxum yetilmaganidan dalolat beradi. Ya’ni organizmda progesteron miqdori ham, bazal harorat ham ko‘tarilmaydi.

Bazal harorat – har bir ayolda turli xilda bo‘lishi mumkin. Bu ayol organizmining o‘ziga xosligiga bog‘liq. Masalan, ba’zi ayollarda bazal harorat - 36.2 bo‘lishi mumkin. Tuxumdon yetilganida, ya’ni hayzning ikkinchi davrida esa, bu harorat 4 ga ko‘tariladi. Ya’ni 36.6 bo‘ladi. Bu esa ayolning normal bazal harorati hisoblanib, uning organizmida ovulyasiya va tuxum yetilganini bildiradi. Ayolda hayzning birinchi va ikkinchi davridagi bazal harorat 4 darajaga farq qiladi. Ko‘rib turganingizdek, ovulyasiya sodir bo‘lishi uchun aynan bazal haroratning 37.0 bo‘lishi shart emas.

Normal bazal haroratni bilish uchun ayol 3 oy mobaynida har kuni bazal haroratini o‘lchashi lozim. Aynan mana shu 3 oylik kuzatishga ko‘ra, ayolning normal bazal haroratini aniqlash mumkin.

Murojaat qilgan singlimizga esa endokrinolog-ginekolog shifokor nazoratidan o‘tib, yuqorida aytib o‘tilgan holatlarni ham tekshirtirishlari lozim. Tekshiruvlar natijasiga ko‘ra muolaja belgilanadi.

Manba: Darakchi.uz