“Yoshlar” teleradiokanalidagi “Davr” informatsion ko‘rsatuvining sobiq boshlovchisi Guli Ikromova “MTV” telekanalida ish boshladi. Qolaversa, “Davr”ning ingliz tilidagi sonlarini olib borgan boshlovchi Bobur Komilov ham galdagi faoliyatini “MTV”da olib bormoqda. “Toshkent” telekanalining sobiq xodimi, teleboshlovchi Otabek Tojiboyev ham ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi orqali “MTV”da ishlayotganini ma’lum qilgan.
Tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmagan yangi telekanalda ayni damda ish qizg‘in. “MTV” o‘z atrofiga O‘zbekistondagi eng taniqli, ko‘zga ko‘ringan jurnalist va tebeboshlovchilarni to‘plamoqda. “MY5” telekanaliga raqobatchi sifatida e’tirof etilayotgan yangi telekanal sifat va ko‘rsatuvlarning saviyasi jihatidan undan ustunlik qilmoqda. Ko‘ramiz, u “MY5”chalik shuhrat qozona olarmikin?
Darvoqe, Guli Ikromova bundan bir necha yil ilgari noma’lum sabablarga ko‘ra, “Yoshlar” teleradiokanalini tark etgan edi. Ta’bir joiz bo‘lsa, o‘sha vaqtlarda “Davr” ko‘rsatuvining ommalashishida Guli Ikromovaning xizmatlari katta bo‘lgan. Keyinchalik u sobiq “NTT” telekanalida ish boshladi, biroq bu hamkorlik uzoqqa cho‘zilmadi. O‘tgan yillar mobaynida ko‘zdan ancha yiroq bo‘lib qolgan Ikromova “MTV”da “Shirchoy” nomli tonggi ko‘ngilochar dasturni olib bormoqda.
Manba: Qalampir.uz