Gulkaram — nafaqat mazali, balki juda foydali sabzavot. Shuningdek, u qomatini nazorat qilib boruvchi va sog‘lom hayot tarziga rioya etuvchilar uchun ideal mahsulotdir — 100 gramm gulkaram bor-yo‘g‘i 30 kilokaloriyaga ega. U juda yaxshi o‘zlashtiriluvchi, tarkibida ko‘plab vitaminlarga ega bo‘lgan sabzavotdir.
Quyida ajoyib ta’mga ega bo‘lgan parhezbop taom — gulkaramli graten retseptini havola etamiz.
Kerakli mahsulotlar
- 1 bosh gulkaram;
- 300 gramm qaymoq;
- 200—250 gramm pishloq;
- shivit;
- tuz, qalampir va ziravorlar.
Tayyorlanishi
Gulkaramni kichikroq to‘pgullarga ajratamiz. Tuzli suvda karam to‘pgullarini 5 daqiqa atrofida qaynatib olamiz. Suvni to‘kib, karam sovishini kutamiz.
Pishloqni qirg‘ichning yirik tishidan chiqaramiz. Qaymoqni biroz ko‘pirtirib, unga pishloq, to‘g‘ralgan shivit, ziravorlar va tuz qo‘shamiz. Yaxshilab aralashtiramiz.
Gratenni tayyorlamoqchi bo‘lgan qolipga sariyog‘ surib, unga qaynatilgan karamni joylaymiz. Ustidan qaymoqli qaylani quyamiz.
180 darajagacha qizdirilgan duxovkaga gratenni joylab, tillarang qobiq paydo bo‘lguncha, taxminan 30 daqiqa pishiramiz.
Mazali graten tayyor! Uni ko‘katlar bilan bezatib, asosiy taom sifatida dasturxonga tortish mumkin.
Manba: Daryo.uz