Bilasizmi?

Hammaga birdek yoqib bo‘lmaydi...

Barchaga birdek yoqib bo‘lmaydi. Bu haqiqatni qabul qiling, qayg‘uga tushmang va boshqalarga moslashishga urinmang. Lifehacker mavzuga doir tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

Yodingizda bo‘lsin, og‘riqni his qilish — normal holat

Qanday munosabatlar bo‘lmasin, insonning rad etilishi unga salbiy ta’sir ko‘rsatadi: bu xoh do‘stlik, xoh romantik munosabatlar va xoh hamkasblar bilan munosabatlar bo‘lsin. Qachonlardir bunday reaksiya omon qolish uchun zarur bo‘lgan. Odamzot qabilalarda yashagan davrlarda jamiyat tomonidan rad etilish yoki quvilish deyarli o‘limga tenglashtirilar edi. Shu bois kimdir bizni rad etganida miyamizda shu qadar kuchli kimyoviy reaksiya ro‘y beradiki, bu jismoniy og‘riqqacha sabab bo‘ladi.

Shundan so‘ng biz bir necha bosqichdan o‘tamiz. Dastlab o‘zimizni ayblaymiz. O‘zimizni kimnidir xafa qilgandek his qilamiz. Keyin esa kamsitilish va uyatni his qilamiz, o‘zimizning zaifligimizni anglaymiz. Yana bir bor u insonning moyilligini uyg‘otishga harakat qilamiz. "Unga yoqishni istaganimiz uchun emas, - deya izohlaydi psixoterapevt Shon Grover, - shunchaki kimdir bizni yoqtirmayotganini his qilish yoqimsiz". Oxir-oqibat o‘zimizni omadsiz insondek his qilamiz.

Bu yoqimsiz his-tuyg‘ular, albatta, biroq mutlaqo normal holat. Asosiysi, diqqatingizni unga jamlamang va yo‘lingizda davom eting.

Barchasida o‘zingizni ayblamang

Boshqa birovlarning sizni yoqtirmasligini ochiqdan-ochiq bildirishi ko‘pchilikning o‘ziga bo‘lgan ishonchini pasaytiradi. Biroq shuni unutmangki, odamlarning xatti-harakatlari odatda ularning shaxsiy muammolari va tajribalari bilan bog‘liq. Gap sizda ham, boshqa odamda ham emas, ikkalangizda.

Shunchaki hayotning ayni pallasida bu inson sizga to‘g‘ri kelmagan, xolos.

Boz ustiga, boshqa bir odamning moyilligi ko‘pincha anglanmagan holatda bo‘lsa-da, unga keltiradigan foydangizga bog‘liq. "Bu jonivorlarda ham kuzatiladi, - dedi Dyuk Universitetining hayvonlar xatti-harakatlari tadqiqotchisi Jennifer Verdolin. - Ular mavqe, xulq-atvor yoki genetik aloqalarga ko‘ra o‘zlariga o‘xshash jonivorlar bilan vaqt o‘tkazishni afzal ko‘rishadi".

Agar ikki tomon uchun ham qadrli bo‘lishi mumkin bo‘lgan umumiy qiziqishlaringiz bo‘lmasa, sizni rad etishadi. Bundan deyarli qochib qutulib bo‘lmaydi.

O‘z xatti-harakatlaringizni tahlil qiling

Kimgadir yoqmaganingiz uchun o‘zingizni ayblamang. Biroq bu muntazam ro‘y bersa, o‘z xatti-harakatlaringizga ob’yektiv nazar tashlashga harakat qilib ko‘ring.

Sizni qanday sababga ko‘ra rad etishganiga izoh berishni so‘rang. Masalan, sizga ko‘p maqtanishingiz yoki faqat o‘z manfaatingizni o‘ylashingizni aytishdi. O‘ylab ko‘ring, ehtimol bu haqiqatdir. O‘z xatti-harakatlaringizni tahlil qiling. Agar siz haqiqatda shunday bo‘lsangiz va bu boshqa odamlarga yoqmasa, o‘zingiz ustingizda ishlang.

Faqat oshirib yubormang. Albatta, sizning qandaydir odatlaringiz boshqalarning g‘ashiga tegishi mumkin. Biroq bu ko‘pincha sizni yoqtirmagan odamning qo‘rquvlari va yoqimsiz xotiralarini aks ettirishi ham mumkin.

Yangi do‘stlarni sekin-asta orttiring

Yangi insonlar doirasiga tushib qolsak, o‘zimizni yolg‘iz his qilamiz. Masalan, yangi ish joyida yoki boshqa shaharga ko‘chib o‘tgandan keyin. Bunday vaziyatlarda o‘zingizni aytsayder deya his qilish oson.

Yangi doiraga sekin-asta qo‘shiling. Masalan, hamkasblaringizdan biriga birga tushlik qilishni taklif qiling. Biroq darhol guruhga qo‘shilishga harakat qilmang. Sizga nisbatan ko‘proq ijobiy munosabat bildirgan kishiga murojaat qiling.

Hamma ham sizni keng quloch ochib kutib olishga tayyor emas. Siz tomon qadam qo‘yishga tayyorligini bildirayotganlarga e’tibor qarating.

Sizni qadrlovchi kishilar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazing

Hoynahoy, qiyin damlarda ishonishingiz mumkin bo‘lgan bir necha yaqiningiz bo‘lsa kerak. Ular bilan tez-tez muloqot qiling. Bu sizning o‘zingizga bo‘lgan ishonchingizni oshiradi.

Sizni qadrlaydigan kishilar bilan aloqalarni mustahkamlang. Bu sizni rad etganlarni deb xafa bo‘lishdan ko‘ra foydaliroq.

Yodingizda bo‘lsin, haqiqiy do‘stlik rishtalarini o‘rnatishning eng yaxshi usuli - samimiy bo‘lish. Hamma siz tomon intilishini kutib o‘tirmang. Bunday munosabat atrofdagilarni sizga mutlaqo jalb qilmaydi.

"Xeyterlar"dan uzoq yuring

Sizni "hazm qila olmaydigan" kishilardan yiroq yuring. Hech bo‘lmaganda xayolan. Ba’zan kimningdir sizga qarshi ekanini shunchaki qabul qilish kerak, xolos. "Sizda dushman paydo bo‘lsa, buning qo‘rqinchli joyi yo‘q, - deydi Shon Grover. - Odamlar sizga hasad ko‘zi bilan qarasa, bunga e’tibor bermang".

Birovlarni atayin o‘zingizga qarshi qilmang. Biroq agar kimgadir yoqmasangiz va u ham sizga yoqmasa, u holda qayg‘urishga hojat yo‘q. Siz bunday insonning ishonchini qozonishingiz shart emas.

Manba: Kun.uz