Oshxona

Haqiqiy steyk tayyorlash sirlari

Shirali va xushbo‘y steykni kim ham rad etardi? Afsuski ko‘pincha haqiqiy steykni faqat maxsus muassasalarda tatib ko‘rish mumkin. Biroq bu mazali taomni uyda ham tayyorlash mumkin. Quyida «Machete» deb nomlanuvchi steykni uy sharoitida tayyorlash retseptini e’tiboringizga havola etamiz.

Bizga 500 gramm go‘sht bo‘lagi va tova kerak bo‘ladi. Go‘shtni o‘rtasidan kesib, tuz sepamiz.

Tovani olovga qo‘yamiz. U yetarlicha qizigandan so‘ng steykni har ikkala tomonida karamel qobiq hosil bo‘lgunga qadar qovurib olamiz. Tova va gaz plitasi hammada turlicha bo‘lganligi uchun uni tayyorlash vaqti bir daqiqadan to‘rt daqiqagachadir.

Shundan so‘ng olovni pastlatib, steykni biz istagan ko‘rinishga (ustki qismi qarsildoq, ichi qizil) kelgunga qadar qovuramiz. Buning uchun har 15 soniyada uni boshqa tomoniga ag‘darib turish kerak bo‘ladi. Bu usul qarsildoq qobiq hosil bo‘lishi va go‘sht shirasining bir xilda taqsimlanishiga yordam beradi.

Go‘shtni plitadan olib duxovkada biroz isitilgan tarelka yoki yog‘och taxtaga joylaymiz. Ustidan mayda to‘g‘ralgan petrushkani limon sharbati va sarimsoq bilan birga qo‘shamiz. Tajriba qilib ko‘rishdan qo‘rqmang!

Bunday steykka ziravorlar bilan qovurilgan guruch yoki toblab pishirilgan sabzavotlar garnir sifatida tortilishi mumkin.

Yoqimli ishtaha!

Manba: Daryo.uz