Bilasizmi?

Harbiy xizmatni o‘tagan yigitlarga imtiyoz berilishi ayollar huquqini buzadimi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2012-yil 31-mayda qabul qilingan Qaroriga ko‘ra (2017-yil 10-aprelda o‘zgartirish kiritilgan), 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan fuqarolar barcha yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavrlar tayyorlashda respublikaning barcha oliy ta’lim muassasalariga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladilar. (2017/2018-o‘quv yilidan avval mazkur qarorga asosan to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ballarning 27 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyoz berilar edi.)

Muddatli harbiy xizmatni o‘taganlarga nafaqat oliy o‘quv yurtlariga kirishda imtiyozlar, balki ular o‘qishga kirgach, to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan bo‘lsa, shartnoma to‘lovlarini to‘lashga yordam berish bo‘yicha ham ayrim imtiyozlar belgilangan (Qarang: O‘zbekiston “Kamolot” Yoshlar Ijtimoiy Harakati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta Maxsus Ta’lim Vazirligining Qarori).

Ayollar harbiy xizmatga borishi mumkinmi?

O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunining 4-moddasi harbiy xizmat turlari haqida bo‘lib, u harbiy xizmat fuqarolarning Qurolli Kuchlar safida umumiy harbiy majburiyatni bajarish borasidagi davlat xizmatining alohida turi ekanligini ta’kidlaydi. Shuningdek, moddaga ko‘ra, harbiy xizmatning quyidagi turlari mavjud: [1] muddatli harbiy xizmat; [2] safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat; [3] kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat; va [4] O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni o‘tagan rezervchilar xizmati.

Yuqorida tilga olingan birinchi (muddatli harbiy xizmat) va ikkinchi turdagi (safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat) harbiy xizmatga tinchlik davrida faqat quyidagi talablarga javob beradigan fuqarolar jalb qilinishi mumkin:

[1] O‘n sakkiz yoshdan yigirma etti yoshgacha bo‘lgan;

[2] Salomatligiga ko‘ra Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli;

[3] Erkak fuqarolar chaqiriladilar.

To‘rtinchi harbiy xizmat turi ham faqat erkaklar uchun mumkin, chunki rezervchilar xizmati faqat haqiqiy harbiy xizmat yoki safarbarlik chaqiruvi rezervdagi xizmatni o‘taganlardan tashkil topadi. Uchunchi turdagi (kontrakt bo‘yicha) harbiy xizmatni o‘tash uchun erkak bo‘lish sharti qo‘yilmagan. Demak, ayollar kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tashlari mumkin.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat nima?

Qonunning 7-moddasiga binoan, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat Qurolli Kuchlar safidagi haqiqiy harbiy xizmatga ixtiyoriylik asosida, harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar orqali davlat bilan tuziladigan kontraktga binoan kirgan fuqarolar bajaradigan harbiy xizmat turidir.

Ammo yuqoridagi Prezident Qarorida oliy ta’lim muassalariga o‘qishga kirishda beriladigan imtiyoz faqat muddatli harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolarga beriladi deyilgan. Xullas, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan ayollar bu imtiyozdan bebahra. Demak, o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladiki, o‘qishga kirishda qo‘shimcha ball beruvchi imtiyozni olish uchun abituriyent faqat erkak jinsiga tegishli bo‘lishi kerak.

Bu ayollar huquqini buzadimi?

Ma’lum bo‘ldiki, O‘zbekistonda ayollar hamda jismoniy va boshqa ayrim sabablarga ko‘ra harbiy xizmatga noqobil deb topilgan erkaklar harbiy xizmatga bormaydi. Natijada yuqorida tilga olingan imtiyoz sababli ular va harbiy xizmatga borgan fuqarolar o‘rtasida ta’lim olish huquqi bo‘yicha noixtiyoriy tengsizlik yuzaga chiqadi.

Shunday ekan, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolarga o‘qishga kirishda boshqalar hisobidan imtiyoz berilishi fuqarolarning teng huquqliliga prinsipini va jinsiga ko‘ra diskriminatsiyaga uchramaslik huquqlarining buzilishi hisoblanadimi?

Bu masalada xizmatga bora olmaydigan ayollar ko‘proq notenglikka duchor bo‘lishini hisobga olib, quyida ushbu holatning ayollar tenghuquqligiga qay tarzda ta’sir qilishini tahlil qilamiz.

Qonunda shunday deyiladi:

“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan fuqarolar barcha yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavrlar tayyorlashda respublikaning barcha oliy ta’lim muassasalariga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladilar”.

Bu degani, harbiy xizmatni o‘tagan va tegishli tavsiyanomaga ega bo‘lgan yigitlarga qabul imtihonlarida qo‘lga kiritgan ballarining teng yarmi shu to‘plagan ballarining ustiga qo‘shib beriladi. Natijada bu nomzodlardan bilimi ko‘proq bo‘lgan, ammo shu 50 foizli qo‘shimcha balldan ko‘proq ball olmagan boshqa abituriyentlar o‘z-o‘zidan pastga tushib ketadi.

Bunday tengsizlikka ko‘proq ayollar duch kelishi tabiiy. Chunki ular xohlagan taqdirda ham harbiy xizmatga bora olmaydi va noixtiyoriy ravishda ushbu imtiyoz qurboniga aylanadi.

Bundan tashqari, bu imtiyoz bilimliroq abituriyentlarning o‘qishga kira olmasligiga sabab bo‘lishi ehtimolini oshirishi tufayli malakali kadrlar tayyorlash sifatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shuningdek, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida ayol va erkaklar soni o‘yicha nomutanosiblik mavjud. Ko‘plab rivojlanayotgan davlatlarga qaraganda bu borada O‘zbekiston ko‘rsatkichlari yaxshi bo‘lsa-da, ijtimoiy fanlar, biznes, huquq (muallif Toshkent Davlat Yuridik Universitetida potokda 52 ta erkak va muallifni ham hisobga olganda atig 4 nafar ayol talaba orasida tahsil olgan), fan va texnologiya sohalarida ayollar erkaklarga nisbatan kamchilikni tashkil etadi (QARANG: O‘zbekistonda ayollar mavqei (Ingliz tilida)). Ta’limning bu yo‘nalishlarida ayollar sonini ko‘paytirish va jinsiy tenglikka erishish uchun ayollarga alohida imtiyoz berilishi va rag‘bat ko‘rsatilishi lozim. Aksincha, barcha sohalarda harbiy xizmatni o‘taganlar uchun keng va cheklovsiz imtiyoz berilishi ayollar soni kam bo‘lgan yo‘nalishlarda jinsiy nomutanosiblikni yanada kengaytirib yuboradi.

Ayollar va erkaklar teng huquqliligi bo‘yicha xalqaro normalar

Xalqaro va milliy qonunlar tan olgan inson huquqlari tamoyillariga ko‘ra, jamiyatning har bir sohasida erkak va ayollar teng huquqlidir. Irqi, millati, jinsi, e’tiqodi, tili, siyosiy qarashlari, ijtimoiy sharoitidan qat’i nazar, diskriminatsiya-kamsitilishlarga uchramaslik har bir shaxsning uzviy huquqi hisoblanadi.

Diskriminatsiya tushunchasi to‘rt xalqaro konvensiyada tilga olingan. Bular YuNESKOning Ta’limda kamsitilish (diskriminatsiya)ga barham berish to‘g‘risidagi, Irqiy kamsitilishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi, Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi ham Xalqaro Mehnat Tashkilotining 111-Diskriminatsiya haqidagi konvensiyalaridir. O‘zbekiston ushbu xalqaro hujjatlarning barchasini “talablarini bajaramiz” deya ratifikatsiya qilgan.

Yuqoridagi sanalgan har bir konvensiya, jumladan, Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya uni ratifikatisya qilgan davlatlarga shaxslar va tashkilotlar tomonidan ayollarga qarshi diskriminatsiya qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik, bu qoidani Konstitutsiya va milliy qonunlarda mustahkamlash hamda diskriminatsiya qiluvchi qonunlar, odatlar va amallarni bekor qilish majburiyatini yuklaydi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi, garchi so‘zma so‘z yozilgan “ayollar va erkaklar teng huquqlidir” ifodasiga ega bo‘lmasa ham, barcha fuqarolarning teng huquqliligini to‘la e’tirof etadi.

Avvalo, ayol va erkaklar o‘rtasidagi teng huquqlilik nima degan savolga to‘xtalsak.

Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, patriarxial g‘oyalar ustun bo‘lgan joylarda ayollarning huquq va erkinliklari toptalishi holatlari ko‘p uchragan. XX asrga kelib, bunday huquqbuzarliklarga xalqaro miqyosda chek qo‘yish maqsadida Butunjahon inson huquqlari Deklaratsiyasi va ayollar huquqlarini himoya qiluvchi boshqa ko‘plab xalqaro konvensiyalar qabul qilindi. Ushbu hujjatlar davlatlardan o‘z hududida ayollar va erkaklarga nisbatan nafaqat teng munosabatda bo‘lishni, balki jamiyatda to‘la va tabiiy jinsiy (gender) tenglikka erishilmaguncha tarixan huquqlari poymol qilinib kelgan guruh – ayollarga nisbatan imtiyozlar, erkinliklar va yengilliklar berilishini ham talab qiladi.

Bundan tashqari, ayollar va erkaklar uchun bir xil huquq va majburiyatlarni belgilash deganda ularga ikki jinsning fiziologik va jinsiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda bir xil munosabatda bo‘lish tushuniladi. Masalan, ayollar jismonan erkaklarga qaraganda zaifroq yoki ayollar erkaklardan farqli o‘laroq ona bo‘lish xususiyatiga ega. Ammo ayollarning bu tabiiy xususiyatlari ularning jamiyatdagi barcha huquq va erkinliklaridan to‘la va erkin foydalanishlarini cheklab qo‘ymasligi kerak; balki aynan shunday xususiyatlarga egaligi tufayli ularga qo‘shimcha imtiyozlar berilishi kerak.

Shu o‘rinda harbiy xizmatga ayollarning chaqirilmasligi ham ayollarga nisbatan notenglik emasmi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Ko‘plab davlatlarda ayollar ham harbiy xizmatga borishi mumkin, hatto bu ayrim davlatlarda majburiy ham. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, shu paytgacha ayollardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvlarda foydalanishga kam davlatlar ruxsat bergan bo‘lib, qolgan davlatlarda bahsli mavzu hisoblanadi.

Ayrimlar ayollarning harbiy xizmatga chaqirilmasligini ularga nisbatan berilgan bir imtiyoz sifatida ham tushunish mumkin. Ammo bu ularning ta’lim olish huquqi buzilishi evaziga bo‘lmasligi kerak.

Harbiylar uchun turli imtiyozlarning berilishi ko‘plab davlatlar amaliyotida uchraydi. Lekin u oddiy fuqarolar huquqlarini cheklash orqali amalga oshirilmasligiga alohida e’tibor qaratiladi. O‘zbekistonda ham bu masalaning huquqiy nuqtai nazardan notenglikka sabab bo‘layotgani qayta o‘rganib chiqilib, bunday notenglik va diskriminatsiyaga chek qo‘yilishi lozim. Mazkur imtiyoz butunlay bekor qilinishi kerak yoki uni boshqa fuqarolar huquqiga daxl qilmaydigan shakldagi imtiyoz bilan almashtirish kerak.

Imtiyoz olishga ko‘proq kim haqli?

Harbiy xizmatga borgan yigitlar o‘zlarini vatan himoyasi uchun bag‘ishlaydi va bu yo‘lda, kerak bo‘lsa, jonini ham garovga qo‘yadi; shuning uchun ularga maxsus imtiyoz yoki maqom berilishi to‘g‘ri, deb hisoblovchilar ham bor. Ammo ayollarning homiladorlik davri hamda bola parvarishi bilan shug‘ullanishga sarflagan vaqti ham ayollardan katta yo‘qotish va qurbonlik talab qiladi.

Masalan, bola parvarishlash ularning ta’lim olish imkoniyatlari va karerasini cheklab qo‘yishi mumkin. O‘zbekistonda harbiy xizmatning eng uzoq muddati 12 oy bo‘lsa, ayollarning 9 oy homiladorlik davrini, undan keyingi bola parvarishlash davomida kechirgan qiyinchiliklarini vatan uchun harbiylarnikidan kam bo‘lmagan xizmatga qiyoslash mumkin.

Shuning uchun muallif oliy o‘quv yurtlariga qabul uchun beriladigan imtiyozga harbiylar emas, balki ko‘proq farzandli onalar haqli deb hisoblaydi. Ikki nafar farzandi bor onalarga yanada kengroq imtiyoz berilishi, masalan, ularning ta’lim olishlari to‘liq davlat byudjeti hisobidan amalga oshirilishi kerak.

Demak, harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolarga oliy o‘quv yurtlariga kirishda beriladigan imtiyoz quyidagi holatlari bilan xalqaro normalarga zid keladi:

Abituriyent qizlarning huquqlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri buzishi oqibatida Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaga;

Ayollarning oliy ta’lim olish imkoniyatini cheklab, natijada mehnat bozorida ayollar va erkaklar o‘rtasida notenglikni yuzaga chiqarishi sababli Xalqaro Mehnat Tashkilotining 111-Konvensiyasiga;

Ayollarning huquqlarini ta’lim sohasida cheklashi tufayli YuNESKOning Ta’limda kamsitilish (disriminatsiya)ga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasiga.

Bundan tashqari, mazkur imtiyoz O‘zbekiston Konsitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunOliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish tartibi to‘g‘risida Nizom hamda bir necha milliy qonunlarga ham ziddir.

Muammoni yechish uchun davlatga ikki yo‘l

Mazkur masalani yechish uchun davlat oldida uchta yo‘l mavjud:

  1. Ayollarning ham muddatli harbiy xizmatga (va qolaversa boshqa turdagi harbiy xizmlatlarga) borishni yo‘lga qo‘yish. (Turkiya, Hindiston, Estoniya, AQSh, Denmark va boshqa bir qator davlatlarda ayollarning harbiy xizmatni o‘tashi yo‘lga qo‘yilgan.) Buning uchun “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonun va boshqa tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritib, ayollarning harbiy xizmatga borish huquqini kafolatlash hamda ayollarning harbiy xizmatni o‘tashi uchun tashkiliy jihatlarini ta’minlashi lozim. Bundan tashqari, O‘zbekiston tarixida ayollar muddatli harbiy xizmatga bormaganligini inobatga olib, ularning harbiy xizmatga borishi uchun moddiy, ijtimoiy va boshqa qulaylik va yengilliklar berish kabi imtiyozli harakatlarni (ingliz tilida “affirmative astion” deyiladi) yo‘lga yo‘qishi lozim. Shuningdek, ayollar o‘z xohishlariga ko‘ra harbiy xizmatni o‘tamoqchi bo‘lsa-da, oilasi a’zolari, ayniqsa ota-onasi yoki erkak qarindoshlarining qarshiliklariga (patriarxal bosim) duch kelishi ehtimolining yuqoriligini hisobga olib, ayollarning harbiy xizmatga borishiga qarshilik qilishni ma’mumiy huquqbuzarlik yoki jinoyat deb qonun normalarida belgilash (Masalan, ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish Jinoyat Kodeksining 136- moddasiga ko‘ra, javobgarlikka tortiladi).
  2. Faqat erkak jinsiga afzallik berib, o‘zi shundayga ham jamiyatda huquqlari erkaklarnikichalik hurmat qilinmaydigan ayollarning ta’lim va uning natijasida mehnat qilishga bo‘lgan huquqlarini cheklaydigan mazkur imtiyozdan butunlay voz kechish. Buning uchun “O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”Prezident Qaroridagi oliy ta’limga o‘qishga kirishda beriladigan imtiyozlarni belgilagan bandlar va ular asosida qabul qilingan boshqa barcha normativ hujjatlar bekor qilinishi lozim. Mazkur imtiyozning Konstitutsiyaga zidligi haqida quyida ma’lumot beramiz.
  3. Harbiy xizmatni o‘tash uchun ko‘proq fuqarolarni jalb qilish maqsadida ularga boshqa fuqarolar huquqiga daxl qilmaydigan shakldagi imtiyoz bilan almashtirish va bu imtiyozlarni xalqning irodasini ifoda etadigan Oliy Majlis deputatlari va senatorlarining ovozi orqali Qonunda belgilash. Imtiyozlar berilishidan avval bunday qonunchilik normasini fuqarolarning boshqa huquq va erkinliklariga daxl qilmasligini oldini olish uchun chuqur yuridik tekshiruv va tahlildan o‘tkazish lozim.

Qayerga shikoyat qilish kerak?

Mazkur holatda oliy o‘quv yurtlarining qabul komissiyasi yoki Davlat Test Markazi yoxud boshqa davlat organlariga shikoyat qilishdan foyda yo‘q. Chunki ushbu imtiyoz Prezident qarori bilan belgilangan va tegishli qonun va qarorlar bilan mustahkamlangan.

Bunday holatda eng to‘g‘ri yo‘l – Prezident qaroridagi mazkur bandning Konstitutsiyaga zidligi ustidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga shikoyat qilib, uning bekor qilinishini so‘rash bo‘ladi. Chunki O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida teng ekani belgilangan. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilangan tartibda hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos holda tatbiq etilishi kerak.

Konstitutsiyaning 18-moddasiga e’tibor qiladigan bo‘lsak, imtiyozlar faqat qonun bilan belgilangan tartibda tatbiq qilinadi, deyilgan. Holbuki, yuqoridagi harbiylarga oliy o‘quv yurtlariga kirishda berilagan imtiyoz Prezident Qarori bilan belgilangan, qonun bilan emas. “Normativ huquqiy hujjatlar to‘g‘risida” qonunning 6-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining arorlari qonunlardir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari qonun osti hujjatlaridir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 16-moddasi hamda “Normativ huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, har qanday ma’muriy-boshqaruv organlari va tashkilotlarning o‘z doirasida qabul qiladigan hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda amaldagi qonun hujjatlariga zid kelishi mumkin emas. Demak, bunday qaror chiqarish ham O‘zbekiston Konstitutsiyasiga zid hisoblanadi. Ushbu savol yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga nafaqat huquqlari poymol bo‘lgan yoki manfaatdor shaxslar, balki istalgan fuqaro murojaat qilishi mumkin.