Mahsulot nomi
Harid qilayotgan mahsulotingizning nomiga diqqat qiling. Agar yozuv xorijiy tilda bo‘lsa va siz uning ma’nosini bilmasangiz yaxshisi tavakkal qilmang.
Tarkibi
Aytaylik kolbasa harid qilayapsiz. Sotuvchi bilan hisoblashishdan avval mahsulot tarkibiga ko‘z yugurtiring. Bordiyu ro‘yxatda notanish so‘zlar yohud vitamin va kimyoviy elementlar nomini bildiruvchi xarflarni ko‘rsangiz, bilib-bilmay sotib olavermang. Yana bir masala, masalan, kolbasa tarkibining necha foizini go‘sht tashkil qilayapti, ahamiyat bering.
Saqlanish muddati
Har bir mahsulotning ishlab chiqarilgan sanasi hamda saqlanish muddati ko‘rsatilgan bo‘ladi. Agar harid qilayotgan yeguligingiz bir-ikki hafta davomida foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, saqlanish muddati ham shunga javob berishi kerak. Saqlanish muddati bir haftadan so‘ng tugaydiganlarini yaxshisi tanlamang.
Ko‘rinishi
Mahsulotning ko‘rinishi uning sifati va ishlab chiqaruvchining nomini anglatadi. Shisha bankadagi mahsulotlarni ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lgani uchun ham tanlashimiz osonroq. Biroq qadoqlanganlari o‘ylantirib qo‘yadi. Bu vaziyatda qadoqlangan quti yoki idishni qo‘l bilan paypaslab ko‘rish mumkin.
Ma’lumotlar
Mahsulot yorlig‘idagi ma’lumotlarga ahamiyat bering. Odatda har bir maxsulotda ishlab chiqaruvchining manzili, bog‘lanish uchun aloqa raqamlari beriladi. Agar bunday qaydlar bo‘lmasa, mahsulot ishonchli ekanligiga shubha bor.
Qaytarish mumkinmi?
Aslida, agar harid qilingan mahsulot foydalanish uchun yaroqsiz chiqsa, sotib olingan do‘konga qaytarib berish va o‘rniga boshqasini olish mumkin. Faqat buning uchun qo‘lingizda haridni bildiruvchi ma’lumot cheki bo‘lishi kerak. Ammo bu kabi vaziyatga tushib qolmaslik uchun sotib olinayotgan narsa-buyum yohud oziq-ovqat mahsuloti bilan tanishib, so‘ng hamyoningizni ishga solishingiz mumkin.
Manba: Darakchi.uz