Bilasizmi?

Hayot uchun xavfli: nega o‘rin-joy choyshabini muntazam almashtirib turish kerak?

O‘rin-joy choyshabi inson uchun tahdid tug‘diruvchi turli zamburug‘larning ko‘payishi uchun ideal muhit hisoblanadi. Bu haqda Nyu-York Universiteti mikrobiologi Filip Terno ma’lum qildi, deb yozadi Kun.uz.

Olimning so‘zlariga ko‘ra, o‘rin-joy choyshabi bakteriyalar va zamburug‘lar sog‘liq uchun xavfli chinakam «botanika bog‘i» hisoblanadi. Birgina yostiqlarning o‘zida 16 turdagi zamburug‘li organizmlarni topish mumkin, choyshablarning qatlamlarida esa turli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi mikroblar uchraydi.

Insonning terlashi natijasida hosil bo‘luvchi bakteriya va zamburug‘lar bilan birgalikda choyshablarda chang, gard, pat, chang kanasi va boshqa chiqindilar bilan tushadigan xavfli mikroorganizmlar uchraydi.

Bularning barisi allergiyaga oid kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

«Modomiki siz allergiyaga chalinmagan bo‘lsangiz ham, sizda allergik reaksiya paydo bo‘lishi mumkin», — deydi Terno.

Olimning so‘zlariga ko‘ra, mikroblar o‘rin-joy choyshablari qatlamlarida ko‘payishiga sabab, biz uxlayotganimizda u yerda issiq va nam muhit hosil qilamiz va bakteriyalarning ko‘payishi uchun qulay sharoit hozirlab beramiz. Bir yil davomida inson uyqusi davomida 98 litr ter ishlab chiqarishi ham maqolada qayd etilgan.

Mikrobiolog choyshablar, yostiq va yopinchiq qoplamalarini tez-tez, kamida haftasiga yuvib turishni maslahat beradi, chunki bir haftadan so‘ng bu xavfli mikroolam insonga chinakam xavf soluvchi tahdidga aylana boshlaydi.