Bilasizmi?

Hayotingizni o‘zgartiruvchi 10 savol

Qulay fursatda berilgan to‘g‘ri savol sizni o‘zgartirishi, tinchlantirishi yoki tayanch bo‘lishi mumkin. Hatto darhol javob topa olmasangiz ham, savolning o‘zi hayotga boshqacha qarashga turtki berishi mumkin. Kun.uz hayotingizni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan 10 savol bilan bo‘lishdi.

1. Vaqtimni kimlar bilan o‘tkazyapman?

Agar bola hech nimaga intilmaydigan tengdoshlari bilan do‘stlashsa, u ham hech nimaga erisha olmaydi, deb hisoblaymiz. Biroq nima uchundir buning kattalarga ta’siri haqida o‘ylamaymiz. Sizning do‘stlaringiz tishini tishiga qo‘yib, o‘ziga yoqmaydigan ishda ishlasa yoki nosog‘lom hayot tarzini tutsa, hoynahoy siz ham shunga o‘xshash qarorlar qabul qila boshlaysiz. Do‘stlaringiz va hamkasblaringiz haqida o‘ylab ko‘ring: ular sizni qo‘llab-quvvatlab, ilhom bag‘ishlaydimi yoki aksincha, orqaga tortishadimi?

Bu siz o‘qiyotgan, ko‘rayotgan, o‘ylayotgan narsalaringizga ham taalluqli. Vaqt o‘tgan sayin bizning hayotimiz atrofimizdagi muhitga monand bo‘lib boradi, shuning uchun unga e’tiborli bo‘ling.

2. Bunga ta’sir o‘tkaza olamanmi?

Epiktetning so‘zlariga ko‘ra, faylasufning asosiy vazifasi — nimani nazorat qila olish mumkin, nimani esa yo‘q - shuni farqlay olish kerak.

Odatda ko‘p vaqtimizni bizga bog‘liq bo‘lmagan narsalarga sarf qilamiz. Biz o‘z xatti-harakatlarimiz, fikrlarimiz, hissiyotlarimizni nazorat qila olamiz. Boshqa odamlar, ob-havo, tashqi hodisalarni esa - yo‘q. Biroq odamlarga, ob-havoga va tashqi hodisalarga munosabatni nazorat qilish mumkin. Buni farqlashni o‘rgansangiz, nazorat sizning hukmingizda emasligidan ko‘nglingiz cho‘kmaydi.

3. Mukammal kunim qanday o‘tishi kerak?

Buni bilmasdan, grafikingizni qulay qilib rejalashtira olmaysiz. Hayotingizdagi eng zavqli kunlaringizni eslang. Nimalar qilgansiz? Ishingiz, shaxsiy hayotingiz va uyingiz imkon qadar shunday kunlar ko‘proq bo‘lishiga xizmat qilishi kerak.

O‘zingizni baxtli his qilish imkonini beruvchi, boshqacha qiyofaga kirishga majbur qilmaydigan turmush tarziga rioya qiling.

4. Bo‘lish yoki qilish?

Harbiy strateg Jon Boyd o‘zining salohiyatli yordamchilariga shunday savol berdi. Qanday yo‘l tutasiz? Muvaffaqiyatga intilasizmi yoki yanada balandparvoz maqsadlarni ko‘zlaysizmi? O‘z lavozimingiz, maoshingiz bilan cheklanib qolasizmi yoki diqqatingizni haqiqatda ahamiyatli yutuqlarga qaratasizmi? Shu kunga qadar qanday tanlovni amalga oshirgansiz?

5. Tashvish va qo‘rquvga vaqt ketkazib, nimani o‘tkazib yuboryapman?

Hayotdagi turli muammolar bizda qayg‘u, tashvish va qo‘rquv uyg‘otadi. Bu muammolarni yengib o‘tishning yagona yo‘li - bunday his-tuyg‘ularni nazorat ostida ushlash. Shuning uchun kelasi safar salbiy hissiyotlar qamrab olganini sezganingizda bu uchun hisoblashishga to‘g‘ri kelishini unutmang. Zero ularga chalg‘ib, hayotda haqiqatda muhim ahamiyatga ega narsalarni o‘tkazib yuborasiz.

6. Men o‘z ishimni qilyapmanmi?

Bu qanday ish ekanini bilasizmi? Tinim bilmay, holdan toyguncha ishlab, baribir o‘z ishingizni bajarmasligingiz mumkin. Biz ko‘pincha mayda ishlarga chuqurlashib ketamiz, o‘zimizga yot bo‘lgan narsalar bilan shug‘llanamiz. Bularning bari bandlik hissini uyg‘otadi, biroq bizni o‘zimiz uchun muhim bo‘lmagan narsalarga yaqinlashtiradi.

7. Men uchun eng muhimi nima?

Agar siz uchun nima muhimligini bilmasangiz, unga yetarli vaqt va kuch sarflayapsizmi yoki yo‘q - bila olmaysiz. Bu nima bo‘lmasin - oilami, pullarmi yoki ish - buni bilishingiz va qabul qilishingiz kerak. Faqat shundagina o‘zingizni umuman boshqa maqsadli kishilar bilan taqqoslashni bas qilasiz. Faqat shundagina "muvaffaqiyat poygasi"dan voz kechib, Seneka "yo‘lingizni kesib o‘tayotgan odamlarning ketidan qarab, to‘g‘ri yo‘ldaligingiz, qoqilmasligingiz uchun ishonch" deb atovchi xotirjamlik holatiga erishishingiz mumkin.

8. Bularning bari kim uchun?

Biror narsa yaratayotganingiz, sotayotganingiz yoki odamlarni jalb etishga urinayotganingizda albatta shu savolga javobni bilishingiz kerak. O‘z auditoriyangizni bilishingiz zarur. O‘ylab ko‘ring: "Bu odamlar nima xohlashadi? Ularga nima kerak? Ularga nima taklif qilishim mumkin?" Omadga umid qilmang. Shu savolni bering va unga aniq javob topishga harakat qiling.

9. Bu haqiqatda muhimmi?

Hayotning tezkorligini inobatga olganda, hozir men o‘ylayotgan, xavotir olayotgan, bahslashayotgan narsa umuman qandaydir ahamiyatga egami? Afsuski, bu savolning javobi ko‘pincha "yo‘q" bo‘ladi.

Vaqtni zoye ketkazmaslik uchun o‘zingizga o‘zingiz shu savolni berishni unutmang. Mark Avreliydan ibrat oling va o‘zingizga ayni damda hayotdan ko‘z yumishingiz mumkinligini eslatib turing. Bu sizning xatti-harakatlaringiz, fikrlaringiz va so‘zlaringizni belgilab beradi.

10. Men o‘zim istagan odammanmi?

Bizning kimligimizni qilayotgan ishlarimiz belgilab beradi. Shuning uchun biror nima qilayotganingizda o‘zingizdan so‘rang: "Bu mening qanday inson ekanligimni aks ettiradimi? O‘zim istagan odammanmi?"

Biror nimani qanday qilayotganimiz qolgan narsalarni qanday qilishimiz va biz kimligimizdan dalolat beradi. Shuning uchun har bir xatti-harakatingiz, har bir fikringiz, har bir so‘zingizda orzuingizdagi insonga xos ish qilyapsizmi yoki yo‘q - yaxshilab o‘ylab ko‘ring.