Homiladorlik davrida to‘g‘ri ovqatlanish homiladorlik jarayonining me’yorda kechishi, homilaning to‘g‘ri o‘sishi va rivojlanishi uchun ahamiyatlidir. Quyidagi maslahatlar sizga bu davrda ancha yordam beradi degan umiddamiz:
- Homiladorlik davrida juda ko‘p ovqat yemang, ya’ni “ikkita odam uchun” qabilida ish ko‘rmang. Homiladorlikda bag‘ringizda bolangiz borligi uchun ham ko‘proq ovqat yeyishni istaysiz, lekin ovqatning hajmi emas, balki mahsulotlarning turlicha bo‘lgani va organizm tomonidan oson qabul qilinishi muhimdir.
- Homiladorlik davrida spirtli ichimliklar, tamaki, achchiq taomlar va kofeini bor mahsulotlardan voz kechish lozim.
- Homiladorlik davrida iste’mol qilinadigan taomlar xilma-xil bo‘lishi lozim. Go‘sht, baliq va dengiz mahsulotlari, meva-sabzavotlar, dukkakli mahsulotlar, makaron, non va sut mahsulotlaridan imkoniyat boricha har kuni oz-ozdan yeyish kerak.
- Homiladorlikda ko‘nglingiz istagan mahsulotni yeyishga harakat qiling. Agar kutilmagan biron mahsulotni birdan yegingiz kelsa, buni yaqinlaringizga erkalik emasligini, balki organizm shuni talab qilayotganligini tushuntiring. Homilador ayolning istaganini iste’mol qilishini yaqinlari ta’minlashi lozim.
- Homiladorlik davrida suyuqlikni ko‘p ichish kerak. Suyuqlik bu davrida ayolning o‘zini yaxshi his etishiga, homilaning me’yorda rivojlanishi va o‘sishiga foydali bo‘lib, kuniga 3-4 stakandan ortiq suv ichib turish ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
- Homiladorlikda ovqatni tez-tez, oz-ozdan yegan ma’qul. Bir o‘tirishda to‘yib ovqatlanib olgandan ko‘ra har 2-3 soatda oz-ozday yeb olish foydali.
- Homiladorlikda ichagingizning vaqtida bo‘shashini ham ta’minlang. Buning uchun hazm qilish tizimini rivojlantiruvchi mahsulotlar - meva va sabzavotlardan ko‘proq iste’mol qiling. Agarda ichingiz qotishiga moyilligingiz bo‘lsa, qurutilgan olxo‘ridan iste’mol qilib turing.
- Homiladorlikda uyquga ketishdan oldin ko‘p ovqat yeb olmaslik zarur. Sababi, oshqozon to‘la bo‘lsa uxlash vaqtida homilador ayolga qiyinchiliklar keltiradi va bachadon kattalashgan sari jigar og‘rishi, jig‘ildon qaynashi, uyqusizlik kabi holatlar kuzatilishi mumkin.
- Allergiya beruvchi mahsulotlar - achchiq taomlar, qizil va qora ikra, qizil baliq go‘shti kabi mahsulotlardan biroz yiroq bo‘lganingiz ma’qul. Ularni iste’mol qilishda me’yorni unutmang.
- Homiladorlik davrida tuzni va sho‘r mahsulotlarni kamroq iste’mol qiling. Tuzlangan sabzavotlar, dudlangan baliq yoki xar hil souslar homilador ayol buyraklariga og‘irlik qiladi. Kundalik ovqatingizga har doimgidan kamroq tuz solib yeyishga harakat qiling.
Manba: Beka.Uz