Birinchi baxtim oy baxtim
Ayolimni sevib uylangandim. Doim kulib turadigan, har qanday vaziyatda ham mening ko‘nglimni ko‘tarishga urinadigan rafiqam bilan munosabatlarimiz havas qilgulik darajada edi. Uchta farzand ko‘rdik. Ota onamdan alohida chiqdik. Ikki xonali uy yoniga yangi uy qurdirayotgan kunlarimiz. Men ishda edim. Bir kuni uyga kelsam onam va ayolim janjallashishyapti. Hayron bo‘ldim. Oyim o‘g‘lim meni desang xotining bilan ajrashasan, men uyingga kelsam uning xonasidan usta yigitlardan biri chiqib kelayotgan ekan dedi.Bu gapdan keyin boshimga qattiq og‘riq kirdi.Qo‘llarim g‘azabdan titray boshladi.
Ayolim (hadik aralash): - Oyi, u uyiga ketmoqchi ekan shunga pulimni bersanglar ketaman, dedi. Men xo‘jayin kelsinlar, o‘zlari bilan gaplashing degandim siz butunlay noto‘g‘ri tushundingiz, dedi.
Men usta bola bilan alohida gaplashdim. U xotinim aytgan gaplarni takrorladi. Onam esa yo‘q, bu yerda bir gap bor deb turib oldi. Men xotinimga ishonardim. Lekin onamning gaplari meni shubhaga soldi. Axir o‘rtada shayton bor. Eng yomoni bu muammoga aniqlik kiritgunimcha oyim bu gaplarni qarindosh urug‘ga ham tarqatib yuboribdilar. Endi ayolim bilan yashashning iloji yo‘q edi. U o‘zini oqlamadi, janjal ham qilmadi, shunchaki menga ishonmaysizmi deb so‘radi xolos. Men esa yelka qisdim. U hamma nima deyishi menga ahamiyatsiz, lekin men o‘zimga ishonmaydigan odam bilan yasholmayman dedi-yu ketdi.
Men esa arosatda qoldim. Oyim oradan yarim yil o‘tar o‘tmas bir oygina turmush qurgan ayolga meni uylantirib qo‘ydilar. Insof bilan aytganda o‘sha ayolda bir oilani baxtli qilish uchun yetarli hamma sifatlar bor edi. Chaqqon, pazanda, muomalali. Lekin ming qilsa ham uni birinchi ayolimga o‘xshatolmadim. Har bir harakati mening jahlimni chiqarardi.U menga yoqishga uringani sari men asabiylashardim.Onam menga uyam birovning bolasi yaxshi gapir deb qayta-qayta tayinlasalarda mening muomalam kundan kun sovuqlashib boraverdi.
Uyga kelgim kelmas, undan birinchi xotinimga o‘xshash belgilarni topolmay siqilib ketaverardim.Oradan bir yil o‘tdi. Oxiri o‘zim unga javobini berdim.Balki boshqa odam bilan baxtli bo‘larsan, mendan rozi bo‘l deb xayrlashdim.
Oyim yana meni uylantirish taraddudiga tushdilar. Har kuni har xil qiz haqida gapiradilar. Boshqa uylanib uniyam baxtsiz qilsamchi deb oyimga rad javobini beraverdim. Baribir oyim aytganlaridan qolmadilar.
Endi turmushga chiqmagan qizga uylandim. Yosh, ko‘rkamgina qiz. Biroq baribir bu ham mening ko‘nglimga sira o‘tirmadi. Qandaydir kamgapmiyey, xayolparastmiyey. O‘zimning Lobarim mening ko‘nglimdagini darrov sezardi. Uning kulgusini ham jahlini ham biram sog‘inardimki asti qo‘yaverasiz.
Vaqti soati bilan o‘tib ketadi, bunisiga o‘rganib qolasan oyim meni yupatganlari bilan o‘zlarini ham meni ham aldaganliklarini sezardilar.
Bu turmushim ham o‘xshamadi.Hech nima menda bu ayolga nisbatan iliq tuyg‘ular uyg‘ota olmadi. Balki o‘zim hammadan Lobarni izlaganim uchun shunday bo‘lgandir. Oradan bir yarim yil o‘tib bu ayol bilan ham ajrashdim. Shu o‘rtada bitta farzandli bo‘lganim qoldi. Yaqinlarim buncha irodasizsan, shunchalik ham bo‘lasanmi hamma xotin ham shunaqa bo‘ladida yashayvermaysanmi deb meni koyishgani koyishgan. Men esa ikkinchi turmush ko‘rpaning yamog‘i degan gap mag‘zini tushunib yetdim.
Hatto siz eng yomon degan birinchi juftingiz ham ishoning keyingi o‘ntasidan yaxshiroq bo‘larkan. Balki birinchi turmushda tuyg‘ular ham hayajonu kamchiliklar ham ilk marta bo‘lgani uchun yodimizda abadiy qolar. Yana kim biladi deysiz?
Ajrashgach qadrimga yetdi
Endigina o‘ttiz beshga kirgan Ravshanning hikoyasi meni o‘ylantirib qo‘ydi. Nahotki birinchi turmush shunchalik qadrli bo‘lsa, axir ikki marta ro‘zg‘or qilganlar ham binoyidek yashashyaptiku deb o‘yladim. Keyingi suhbatdoshim Sanobarning hikoyasi esa ayni mavzuni davom ettirdi.
Umr yo‘ldoshim bilan sovchilar orqali tanishib turmush qurgandik. Oilamiz hamma qatori, binoyidek umr kechirardik. Lekin bora bora turmush qiyinchiliklari, oilaviy muammolarimiz ko‘paygani sari bir birimizni tushunolmay qoldik. Kunda kunora janjal, arzimagan narsaga ham bir birimiz bilan urushib qolaverardik. Men ota uyimga borib u yerda uch to‘rt kun turgach yana uyga qaytardim. Har safar turmush o‘rtog‘im meni o‘zlari borib olib kelardilar. O‘rtada bitta bolamiz bor.
Lekin oxirgi janjalimizdan keyin xo‘jayinim nimagadir kelmadilar. O‘zim boray desam oyim ko‘nmadilar.Oradan yarim yil o‘tib erimning qayta uylantirishmoqchi degan gap eshitdim.
Men kech qolgandim. Sud orqali ajrashdik. Erim uylandi. Men esa o‘zimni beparvo ko‘rsatsamda, odamlardan, tanish bilishlarimdan doim erim haqidagi gaplarni eshitib turardim. O‘zimcha erim baribir meni unutolmasa kerak deb o‘ylardim.Lekin g‘isht qolipdan ko‘chgandi.
Yo‘q, u uylanganiga bir yil to‘lar to‘lmas xotinini qo‘yib yuboribdi. Endi erim menga yarashishni taklif qildi.Biz yarashdik. Hech qachon birinchisidan ayirmasin ekan degan erim bilan endi ahilmiz. Nazarimda endi u mening qadrimga yetgan. AJRIMDAN KEYIN
Albatta ikkinchi ro‘zg‘orida ham baxtli yashayotganlar yo‘q emas. Aslida, hech kim ajrashaman deb oila qurmaydi. Hamma oila timsolida baxti kamolini orzu qiladi. Lekin taqdir taqozosi bilan turmush o‘rtog‘i vafot etgan yoki ajrashishga majbur bo‘lganlar ikkinchi turmushda baxtli bo‘lishlari uchun nimalarga e’tibor berishlari lozim?
Ajrashgan odamga u erkakmi, ayolmi jamiyat a’zolari birdek yaxshi munosabatda bo‘lmaydilar.Siz ham aynan ajrashganingiz uchun muhokama mavzusiga aylanasiz. Ba’zan kimdir aynan shu baxtsizligingiz haqida gapirib sizning yarangizni yangilaydi. Shusiz ham o‘zini tushkun, hech kimga keraksizdek sezayotgan inson bunday suhbatlardan so‘ng o‘zining baxtsizligiga chindan ham ishonib qoladi.
Ajrim ba’zan qalbda bo‘shliq paydo qiladi.O‘zini yolg‘iz his qiladi, aybdorlik hissi biroz qiynaydi.Siz o‘zingizni tashlab ketilgan, yomon yoki biror ishni uddalay olmaydigan deb hisoblamang.Hayotingiz va oldingi oilangiz haqida kimgadir hisobot berishga majbur emassiz.Ajrashishingiz sabablarini ham aytib o‘tirishingiz shart emas.
Oldingi turmush o‘rtog‘ingizga jahl qilib, o‘zingizni ko‘rsatib qo‘yish maqsadida shoshilib ikkinchi turmush qurmang. Axir oila qurishdagi birinchi shoshilishdan siz yetarli saboq oldingiz.Har bir narsadan o‘rganish mumkin. Sizda endi yaxshimi yomonmi oilaviy hayot haqida tajriba bor. Siz endi nima qilish keragu, nima qilish kerakmasligini ajrata olasiz.
O‘zingizni qo‘lga oling. Sevgan ishingiz bilan shug‘ullaning, o‘zingizga bo‘lgan ishonchni o‘stiring, mening boshqalardan nimamdir kam deb o‘ylamang.Ajrim balki siz uchun yo‘qotish emas balki yangi imkoniyat eshiklarini ochar.
Axir baxtli bo‘lishga hammamiz ham haqlimiz.