Bilasizmi?

Irodani chiniqtirishning 4 usuli

Agar siz o‘zingizni boshqarishni bilmasangiz, hech qaysi maqsadingizga erisha olmaysiz. Irodangiz eng nomuvofiq holatlarda pand berib qo‘yadi: ko‘proq pul topishni boshlashning o‘rniga, mansab pog‘onangizdan pastlashashiz, chekishni davom ettirasiz, sport bilan shug‘ullanmay qo‘yasiz — hamma muhim ishlar «keyinga» qoldiriladi va hech qachon bajarilmaydi.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq agenti, keyinchalik shaxsiy trenerlikka o‘tgan Endryu Uitman bu muammoni bartaraf qilish bilan jiddiy qiziqib qoldi. Uitman irodani chiniqtirish uchun hatto kuchsiz odamlar ham aynan nima qilish kerakligini juda yaxshi biladi.

Ikki daqiqa qoidasi

Har bir odamda stressli vaziyatlar bo‘lib turadi, lekin hamma ham unga qarshi kurasha olmaydi. Masalan, boshlig‘ingiz ish kunining oxirigacha bajarish sharti bilan sizga qiyin vazifa topshirdi, siz esa buning iloji yo‘qligini aniq bilasiz. Sarosimaga tushishga shoshilmang va darrov bu ishni rad qilmang.

Ikki daqiqalik tanaffus oling va tasavvur qilishga harakat qiling: agar imkoni bo‘lganda, bu muammoni qanday hal qilgan bo‘lar edim? Inson miyasi qidiruvchiga o‘xshab ketadi — ta’riflash qancha aniqroq bo‘lsa, u yechimini shuncha yaxshiroq izlaydi. Odatda ikki daqiqa asab tizimini tinchlantirish va muammoni haqiqiy holatda ko‘rish uchun yetarli bo‘ladi.

Mas’uliyatdan qo‘rqmang

Ko‘pchilik odamlar mas’uliyatdan qo‘rqadi. Lekin oqlash foydasiz: siz yo‘l qo‘yilgan xatolardan keyin o‘zingizni yupatishga harakat qilayapsiz. Keyingi gal muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng aybdorlarni izlash kerak emas. Saboqni o‘zlashtirishga va jazoni o‘tashga harakat qiling — agar siz haqiqatan ham bunga loyiq bo‘lsangiz.

Diqqatni to‘plang

Ko‘p vazifalilik zamonaviy jamiyatimiz uchun ofatga aylandi. Biz bir qancha ishlarni bir yo‘la qilishga odatlanganmiz va ularning hech birida va hech qachon to‘liq muvaffaqiyatga erishmaymiz. Aqliy quvvatingizni yig‘ing va bir lahzada faqat bitta ishga qarating. Tugatganingizdan keyin navbatdagi vazifaga o‘ting.

Miyani chiniqtiring

Miyasini ortiqcha o‘y-fikrlardan tozalay oladigan va diqqatini aniq bir harakatga yo‘naltiradiganlar o‘z vazifasini hammadan ko‘ra yaxshiroq bajaradi. Har kuni ertalab meditatsiya qilib ko‘ring va tezda uning samarasini ko‘rasiz.

Manba: Daryo.uz