Ofisda o‘tirib ishlash kishiga deyarli og‘ir jismoniy mehnat kabi ta’sir o‘tkazadi. Uyga, odatda, xuddi yuk tashigan kishidek charchagan va toliqqan holda qaytamiz. Bunga sabab nima va qanday charchamaslik mumkin? Bu haqda mutaxassislar tavsiyalariga quloq tutamiz.
Gap shundaki, o‘tirish — inson gavdasi uchun eng nofiziologik yuklanmadir. U umurtqa pog‘onasiga uzoq vaqt oyoqda turishdan ko‘ra ikki barobar ko‘proq og‘irlik yuklaydi.
Tanamiz bunday hayot tarzi uchun moslashmagani sababli qiynaladi va natijada sog‘liq bilan aloqador muammolar yuzaga keladi. Bular — tayanch-harakatlanish tizimi kasalliklari (umurtqaning qiyshayishi, radikulitning zo‘rayishi, barmoqlar, qo‘l panjalari va bilaklar asab-mushak faoliyatining buzilishi)dan tortib, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, gemorroy, bosh og‘rig‘i va semizlikkachadir.
Agar soatlab kursida o‘tirmaslik ilojingiz bo‘lmasa, ish o‘rningizni maksimal darajada qulay holatga keltirishga va ishingiz rejimini tartibga solishga harakat qiling.
To‘g‘ri mebelni tanlang
Stulning o‘tirg‘ichi zamonaviy ofis mebellarida bo‘lgani kabi orqaga emas, oldinga qarab qiyalashgan bo‘lishi kerak (4 gradusga). Natijada odam og‘irligini biroz oldinga — oyoqlariga tashlaydi hamda tananing orqa yuzasi mushaklaridan iborat tayanch yuzagan keladi va u gavdani tik tutishga qulaylik yaratadi.
Stul suyanchig‘ining qiyalik burchagi 135 gradusga teng bo‘lishi lozim, shunda oldinga engashib, yoki hatto to‘g‘ri o‘tirgandagiga nisbatan, belga kam og‘irlik tushadi. Tizzalarni ustma-ust qo‘yib o‘tirish yaramaydi, bu oyoqdagi qon aylanishini izdan chiqaradi. Tizzalar tos suyagi bilan bir xil balandlikda yoki undan sal pastroqda joylashishi lozim.
Gavdani to‘g‘ri tuting
Agar sizda yangi mebel sotib olish imkoniyati bo‘lmasa, gavdaning to‘g‘ri holatini o‘zingiz yarating. Buning uchun, kreslo yoki stulda orqaga suyanib o‘tirishingizga to‘g‘ri kelsa, belingiz nimagadir tayanib turishiga e’tibor qarating: suyanchiq va belngiz oralig‘iga yumshoqqina yostiqcha qo‘ying, u belning egilgan qismini saqlab turadi. Shu tariqa, umurtqa pog‘onasining bel qismi mushaklari, paylari va bo‘g‘imlariga tushadigan og‘irlikni kamaytirasiz.
Kompyuterni to‘g‘ri o‘rnating
Agar sichqoncha ishlatsangiz, ishlaydigan qo‘l tirsagi stolda turishi kerak. Sichqoncha uchun bilak ostida turadigan gelli yostiqchasi bo‘lgan gilamcha sotib oling, bu yekla mushaklariga tushadigan yukni kamaytiradi.
Monitor balandligiga ham e’tibor qarating: ekranga qaraganda egilmasangiz va to‘g‘riga qarasangiz, unda monitor to‘g‘ri joylashgan. U ko‘z bilan teng balandlikda bo‘lishi kerak, aks holda bo‘yin mushaklari zo‘riqadi, bosh miya va ko‘zlarga zarur miqdorda arteriya qoni yetib kelmaydi.
Ishda tanaffus qilib turing
Uzoq vaqt davomida uzluksiz ishlash konsentratsiya va shu bilan birgalikda, samaradorlikni kamaytirishi tufayli, har 45 daqiqada tanaffus qilib turing. Bunda o‘rindan turish, kerishish, oyoq-qo‘l chigilini yozish, yurish kerak. Buning uchun 5 daqiqa yetarli. Shunda umurtqa va bo‘yin mushaklarining erkinligi va egiluvchanligini saqlab qolasiz, miyaga ko‘proq oziq moddalar yetib keladi, ishingiz samaradorligi esa oshadi.
Maqolani tayyorlashda Lady.mail.ru sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.